Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Asr savdosi”. Rossiya Alyaskani nega sotib yuborgandi?
AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya yetakchisi Vladimir Putin o‘rtasidagi tarixiy deya baholanayotgan uchrashuv 15 avgust kuni Alyaska shtatida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilyapti. Tramp “juda mashhur joy” deya ta’riflagan ushbu hudud uzoq yillar davomida Rossiya imperiyasining tarkibida bo‘lgan. Nega oltin va neft kabi foydali qazilmalarning juda katta zaxiralariga ega ulkan yerlar amerikalaiklarga berib yuborilgandi?
Alyaskaning kashf etilishi
Alyaska 1732 yilda Mixail Gvozdev va Ivan Fyodorovlar boshliq rus ekspeditsiyasi tomonidan kashf etilgan va Rossiya imperiyasi mulki deb e’lon qilinadi. Vaqt o‘tgan sari ruslar qit’a ichkarisiga kirib borishni boshlashadi va 1,5 mln kvadrat kilometrdan ortiq hududni o‘z nazoratlariga olishga muvaffaq bo‘ladi. Uzoq yillar bu o‘lkaning imperiya uchun biror-bir nafi tegmagan, strategik jihatdan muhim hudud sifatida ham qaralmaydi.
1799 yilga kelibgina Rossiya-Amerika kompaniyasi (RAK) tashkil etiladi va Alyaska shu tuzilma yordamida boshqarilgan. RAK o‘z ishlarini mustaqil tashkil etsa ham to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya hukumatiga bo‘ysunardi.
Sekinlik bilan bo‘lsa-da yangi hududlarni o‘zlashtirish, qal’alar, aholi punktlari va omborxonalar qurish boshlanadi. XIX asrning boshlariga kelib alyaskaliklar mo‘yna savdosidan yaxshigina daromad ko‘ra boshlaydi. Asr o‘rtasiga kelib aholi soni 40 ming kishiga yaqinlashib qoladi.
Alyaska nega sotilgan?
Alyaskani sotish masalasini ilk bor 1853 yilda Sharqiy Sibir general gubernatori Nikolay Muravyov-Amurskiy kun tartibiga olib chiqadi. U tomonidan imperator Nikolay I’ga yuborilgan maktubda Rossiya Amerikadagi mulklaridan voz kechishi kerakligi, rus imperiyasi bu hududlarni kuchayib borayotgan AQSh tajovuzidan himoya qilish uchun harbiy va iqtisodiy salohiyatga ega emasligi qayd etiladi.
Bundan tashqari, 1853 yilda Yaqin Sharqda hukmronlik qilish uchun Rossiya va Turkiya o‘rtasida Qrim urushi boshlanadi. Natijada davlat budjetida katta tanqislik yuzaga kelib, moliyaviy muammolar boshlanadi. Imperiyaning o‘z hududlarini himoya qila olish masalasi ham bahsli omil hisoblana boshlaydi.
Bu davrda Britaniya shiddat bilan o‘z ta’sir doirasini kengaytirishda davom etayotgandi va Alyaskada ikki davlat o‘rtasida to‘qnashuv yuz berishi ehtimoli oshib ketadi. Bunday sharoitda ruslar Alyaskani Britaniyaning asosiy dushmani bo‘lgan AQShga sotishni reja qiladi va shu orqali Qo‘shma Shtatlar bilan yaxshi aloqalar o‘rnatishga umid bog‘laydi.
Shimoliy Amerikadagi hududlarni sotish haqidagi ilk rasmiy taklif 1857 yil bahorda Rossiyaning AQShdagi elchisi Eduard Stekl tomonidan bildiriladi. Imperator Aleksandr II’ning ukasi, dengiz floti bosh qo‘mondoni Aleksandr Konstantin Nikolayevich bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlaydi va Tashqi ishlar vaziri Aleksandr Gorchakovga yozgan maktubida past daromadli hududni saqlab turishdan hech qanday ma’no ko‘rmayotganini aytadi. Shu tariqa Alyaskani sotish masalasi elitar darajada muhokama qilina boshlanadi.
Imperator Aleksandr II ham ukasining fikriga moyillik bildiradi. Eduard Steklga amerikaliklarning bu boradagi pozitsiyasini bilish vazifasi topshiriladi.
Vashingtondagilar bu masalani muhokama qilishga rozi bo‘lishadi. Biroq Rossiya tomoni savdolarni 1862 yilgacha to‘xtatib turishga qaror qiladi. Undan keyin AQShda fuqarolar urushi boshlanadi va Alyaskani sotib olish masalasi bir muddat o‘z ahamiyatini yo‘qotadi.
Asr savdosi
1866 yilning dekabrida imperator Aleksandr II rahbarligida tashkil etilgan yig‘ilishda Alyaskaning AQShga sotilishi uzil-kesil tasdiqlanadi. Ammo bu qaror jamoatchilikka oshkor etilmaydi va qattiq sir saqlanadi.
Foto: Britannica
Yakuniy shartnoma 1867 yilning 30 mart kuni Vashingtonda AQSh Davlat kotibi Uilyam Syuard va Rossiyaning AQShdagi elchisi Eduard Stekl ishtirokida imzolanadi. Unga ko‘ra AQSh hukumati 1 million 519 ming kvadrat kilometr hudud uchun o‘n oy ichida 7 million 200 ming dollar to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu hozirgi narxda taxminan 153,5 million dollarga to‘g‘ri keladi.
Bitim ingliz va fransuz tillarida tuziladi. AQSh Alyaskadan tashqari Britaniya Kolumbiyasining g‘arbiy qirg‘oqlarini va Tinch okeanidagi ko‘plab orollar va arxipelaglarni oladi. Shartnoma 1867 yil 3 mayda AQSh Senati tomonidan ratifikatsiya qilinadi. 15 mayda Peterburgda imperator Aleksandr II ham bitimni imzolaydi. Shu yilning 18 oktabr kuni Alyaskani amerikaliklarga topshirish marosimi o‘tkaziladi.
Dastlab Amerika tomonidagilarning bir qismi mazkur sotuvni ijobiy qabul qilishmaydi. Bitimni “Syuard ahmoqligi”, deya ta’riflay boshlashadi. Gazetalarda “bir uyum muz uchun millionlab dollar to‘lash, pulni havoga sovurish bilan teng” degan mazmunda maqolalar e’lon qilinadi. Chunki o‘sha paytda AQSh fuqarolar urushidan chiqib, iqtisodiy tiklanish davrida edi. Rossiya ziyolilari esa o‘z hukumatini qimmatli yerni “suvtekinga sotib yuborayotganlikda” ayblab chiqishadi.
Alyaskaning iqtisodiy va geosiyosiy ahamiyati
Ko‘p o‘tmay Alyaskadan neft, oltin va boshqa foydali qazilmalarning juda katta zaxiralari aniqlanadi. Xususan, 1896 yilda mashhur Klondayk oltin koni topiladi. Bu esa aholi punktlarining barpo etilishiga va infratuzilmaning rivojlanishiga katta yordam beradi.
XX asrning 60 yillaridan boshlab ushbu hududda yirik neft va gaz konlari ham aniqlana boshlanadi. Ushbu konlardan 2000 yillarning boshigacha 200 mlrd dollarga yaqin daromad olingani hisobotlarda qayd etilgan. Bundan tashqari, baliqchilik ham juda rivojlanib ketadi. 1988 yilda Alyaska baliqchilik sanoati yiliga 1 mlrd dollardan ortiq daromad qilgan. Gazetalarda baliqchilikning o‘zidan 1 kunda Alyaska sotib olinganidan ko‘ra ko‘proq daromad olinayotgani haqida obrazli maqolalar ham e’lon qilinadi.
Bundan tashqari, Alyaska AQSh uchun Arktika mintaqasiga chiqish eshigi bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu hududda bir nechta muhim harbiy bazalar joylashgan va radar tizimlari o‘rnatilgan. Uning joylashuvi AQShning qit’alar o‘rtasidagi aloqalari va muhofazasi uchun juda muhim ahamiyatli hisoblanadi.
Bugun Alyaska AQShda oltin va neft qazib olish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. AQShda qazib olinayotgan neftning 20 foizi Alyaska hissasiga to‘g‘ri keladi. 1959 yilga kelib 49-shtat sifatida AQSh tarkibiga kiritilgan. Hudud aholisi ayni paytda 740 ming kishini tashkil qiladi.
Mavzuga oid
09:40
NYT OAV uchun joriy etilgan cheklovlar sabab Pentagonni sudga berdi
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
07:38