O‘zbekiston | 00:16 / 13.08.2025
4915
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zini band qilganlarga imkoniyat, qariyb yarmi yonib ketgan bozor va korrupsiya ustida ushlangan IIO xodimlari – mahalliy dayjest

2026 yildan boshlab YaTT va o‘zini band qilganlar uchun aylanma solig‘i 1 foizgacha pasaytiriladi, Toshkent viloyatidagi Uch qahramon bozorida sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, Buxoro va Toshkent viloyatlarida, shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida uch nafar ichki ishlar xodimi pora olayotganda qo‘lga tushdi, Navoiydagi ikkita osma dor yo‘li faoliyati taqiqlandi – shu va boshqa muhim xabarlar bilan Kun.uzʼning mahalliy yangiliklar dayjestida tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ikkita osma dor yo‘li faoliyati taqiqlandi

Navoiy viloyati, Xatirchi tumanidagi Langar qo‘rg‘onida joylashgan ikkita osma dor yo‘li faoliyati taqiqlandi.

10 avgust kuni Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan Langar qo‘rg‘onida tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan o‘rnatilgan ikkita osma dor yo‘lining texnik holati, normativ xujjatlar talablariga javob berishi bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilgan. O‘rganish davomida dor yo‘lidan foydalanib kelayotgan tadbirkorlarga mavjud kamchiliklar bo‘yicha ko‘rsatma berilgan holda tegishli ruxsatnoma olmasdan turib dor yo‘lidan foydalanmaslik bo‘yicha qat’iy taqiq qo‘yilgan.

Qo‘mita attraksionlar bilan bog‘liq noxush holatlarning oldini olish maqsadida, texnik nosoz va shubhali bo‘lgan attraksionlar haqida xabar berishni so‘ragan.

O‘zini band qilganlar uchun imkoniyat

2026 yil 1 yanvardan savdo aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi. Bundan tashqari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilganlarga elektron to‘lovlarni qabul qilish uchun maxsus QR-kodning mavjudligi chakana savdo qoidalarining majburiy talabiga aylanadi.

Bugungi kunda agar bir kalendar yilida mahsulot va xizmatlarni sotishdan tushgan daromad 100 million so‘mdan oshsa, YaTT qat’iy belgilangan soliq rejimidan aylanma solig‘i rejimiga o‘tishi shart. Soliq stavkasi aylanmaning 4 foizini tashkil qiladi.

Bundan tashqari, 2030 yil oxiriga qadar YaTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun yagona raqamli platformaga ega alohida huquqiy rejim joriy etiladi. U orqali faoliyatni rasmiylashtirish, hisob-kitoblarni boshqarish, soliq to‘lash, chek yaratish va elektron hamyon ochish mumkin bo‘ladi. Hujjatlar elektron kalitsiz imzolanadi.

Uch qahramondagi do‘konlarning 40 foizi yonib ketgan

11 avgust kuni yarim tunda Toshkent tumanida joylashgan «Uch-qahramon ixtisoslashgan savdo majmuasi»da yong‘in kelib chiqqandi. Hodisa joyiga 10 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etilgan hamda yong‘inni o‘chirishga qariyb 2,5 soat vaqt ketgan edi.

Toshkent viloyati IIBB bozordagi yong‘in holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Boshqarma xabariga ko‘ra, bozorning umumiy do‘konlar qurilgan maydoni 20 ming kv m bo‘lib, ko‘rilgan tezkor choralar natijasida 12 ming kv m maydonda joylashgan savdo do‘konlari yong‘indan saqlab qolingan. Yong‘in oqibatida tan jarohati olgan yoki halok bo‘lganlar aniqlanmagan.

Bundan kelib chiqadiki, olov bozorning 40 foiz qismini yakson etgan. Hozirda yong‘in kelib chiqishi sabablariga aniqlik kiritish maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda.

IIO xodimlari korrupsiya ustida ushlandi

Buxoro va Toshkent viloyatlarida, shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida uch nafar ichki ishlar xodimi pora olayotganda qo‘lga tushdi.

Jumladan, Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimi o‘zining mansabdor tanishlari orqali Buxoro shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishini gumonlanuvchiga nisbatan bo‘lgan qismini harakatdan tugatishda yordam berishi evaziga 13 ming AQSh dollari talab qilgan. U o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu pulni olgan vaqtida ushlangan.

Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi qo‘riqlash boshqarmasi Angren shahar bo‘limi safdor xodimi esa bo‘linma komandiri o‘rinbosari bilan o‘zaro til biriktirib, xizmat mavqeyidan foydalangan holda mansabdor tanishlari orqali Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroni qo‘riqlash boshqarmasiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 1500 AQSh dollari talab qilgan. Safdor xodim tezkor tadbirda 1000 dollar bilan qo‘lga olingan.

Shuningdek, DXX tomonidan o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda IIV Migratsiya va personallashtirish Departamenti Toshkent xalqaro aeroportida pasport-viza bo‘limi katta inspektori ushlangan. U voyaga yetmagan shaxsning xorijga chiqish biometrik pasportiga uni xorijga olib chiqib ketayotgan fuqaroga hamrohlik qiluvchi shtamp belgisini tezlashtirilgan tartibda rasmiylashtirib berish evaziga 400 AQSh dollarini pora sifatida olgan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida ushbu katta inspektor 2025 yilning boshidan hozirgi kunga qadar 42 nafar chet ellik sayyohning har biridan 300-700 AQSh dollari, 8 nafar fuqarodan esa 200-400 AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora sifatida olgani ham aniqlangan.

Mavzuga oid