Iqtisodiyot | 11:02 / 16.08.2025
3262
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Tojikiston energetika tizimlarining qishki rejimini kelishib oldi

O‘zbekiston va Tojikiston energetika vazirlari bo‘lajak qish mavsumida energiya tizimlari ishini muvofiqlashtirish va «Markaziy Osiyoning yagona energiya tizimiga qayta ulanish» loyihasini amalga oshirish jarayonini muhokama qildi.

Foto: Energetika va suv resurslari vazirligi

Tojikistonning So‘g‘d viloyatidagi Guliston shahrida Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma va O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov o‘rtasida amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki mamlakat yoqilg‘i-energetika kompaniyalari rahbarlari va mutaxassislari ishtirok etdi.

2025-2026 yillar kuz-qish davrida energetika tizimlari ishini muvofiqlashtirish masalalariga, shuningdek, «Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimiga qayta ulanish» loyihasini amalga oshirishning texnik jihatlari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunlangach, energetika idoralari rahbarlari «Bahri tojik» (Tojikiston dengizi) suv omboriga tashrif buyurdi. Ushbu inshoot strategik ahamiyatga ega ekani, Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘istonda qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orishni ta’minlashi, shuningdek, Qayroqqum GES uchun asosiy suv manbai bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

«Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimiga qayta ulanish» loyihasi Tojikiston elektr energetika tizimini to‘liq tiklash va O‘zbekiston bilan tarmoqlararo ulanishlar orqali Markaziy Osiyo energiya tizimi bilan bog‘lashga qaratilgan. Uning amalga oshirilishi mintaqa mamlakatlari o‘rtasida barqaror elektr energiyasi almashinuvini ta’minlash, generatsiya va iste’mol balansini optimallashtirish, shuningdek, eng yuqori yuklamalar davrida energiya ta’minoti ishonchliligini oshirish imkonini beradi.

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) ushbu ishlarni moliyalashtirish uchun 15 million dollar miqdorida grant ajratishni ma’qullagan. Loyiha mintaqaviy energetika hamkorligini mustahkamlashi, gidro va issiqlik generatsiyasidan foydalanish samaradorligini oshirishi, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy integratsiyasiga hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Yagona energetika halqasining yaratilishi Tojikistonga yoz mavsumida ortiqcha elektr energiyasini eksport qilish va qish oylarida import qilish imkonini beradi.

Mavzuga oid