Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kiyev Xitoy kafilligiga rozi bo‘lmayapti
Moskva esa Ukrainada xorijlik askarlar kontingenti joylashtirilishiga qarshi.
Yehor Kryvoruchko / Kordon.Media / Global Images Ukraine / Getty Images
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyev Xitoyni urushdan keyin Ukraina xavfsizligiga kafil davlatlar qatorida ko‘rmayotganini aytdi.
«Nega Xitoy kafil bo‘lolmaydi? Birinchidan, Xitoy avvalboshdan bizga bu urushni to‘xtatishda yordam bermadi. Ikkinchidan, Xitoy dronlar bozorini ochib, Rossiyaga yordam berdi», – dedi Ukraina prezidenti.
Zelenskiy, shuningdek, Xitoy Budapesht memorandumi ishtirokchilari qatorida bo‘lgani (bu gap unchalik to‘g‘ri emas), biroq Rossiya Qrimni anneksiya qilgan 2014 yilda «hech narsa qilmagani»ni aytdi. «Bizga Ukrainaga yordam bermaydigan va 24 fevraldan keyin bizga haqiqatan ham kerak bo‘lgan paytda Ukrainaga yordam bermagan garant davlatlar kerak emas», – deya ta’kidladi u.
Shu bilan birga, Zelenskiy AQSh tomonidan «kuchli» xavfsizlik kafolatlari mavjud bo‘lgan taqdirda Ukrainaning NATOga qo‘shilishini majburiy deb hisoblamasligini ma’lum qildi. «AQSh siyosati – Ukrainani NATOga qo‘shmaslik. Bu prezident Trampdan oldin ham bo‘lgan, bunda yangilik yo‘q... Lekin bu kuchli qaror bo‘lishi kerak. Isroil tegishli kafolatlarga ega. Agar AQSh tomonidan kuchli kafolatlar bo‘lsa, ular ishlaydi», – dedi Ukraina prezidenti.
Ukraina xavfsizligi kafolatlari Donald Tramp va Vladimir Putinning Alyaskada bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan so‘ng faol muhokama qilina boshlandi, o‘sha uchrashuv yakunida Rossiya prezidenti Moskva «Ukraina xavfsizligini ta’minlash uchun ishlashga tayyorligi»ni aytgandi. Keyinroq AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Putin Ukraina NATOning kollektiv mudofaa to‘g‘risidagi nizomining beshinchi moddasiga (alyansga qo‘shilmasdan) o‘xshash kafolatlar olishiga rozi bo‘lgani haqida gapirdi.
Tramp, Zelenskiy va Yevropa ittifoqchilarining Oq uydagi uchrashuvidan so‘ng kafolatlar rejasini tayyorlash uchun ishchi guruh tuzishga qaror qilindi. G‘arb nashrlari ma’lumotlariga ko‘ra, unga AQSh davlat kotibi Marko Rubio rahbarlik qiladi.
19 avgust kuni The Times nashri yozishicha, hozirda ehtimoliy kafolatlarning to‘rtta turini ajratib ko‘rsatish mumkin: Ukraina hududida xorijiy qo‘shinlarni to‘liq joylashtirish, faqat mamlakat havo hududini himoya qilish, NATO nizomining beshinchi moddasi bo‘yicha kelishuv hamda AQSh va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikka o‘xshash yangi mudofaa alyansini tuzish.
Bugun Zelenskiy xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilish bo‘yicha yangi urinishlarning asosiy farqi AQShning ularda ishtirok etishga aniq roziligi bo‘lganini ta’kidladi, ilgari bunaqasi kuzatilmagan. Shu bilan birga, Pentagonning ta’kidlashicha, Vashington bu ishtirok minimal bo‘lishi va asosiy rol yevropalik ittifoqchilarga o‘tishini istaydi. Yevropaliklar orasida keng ko‘lamli urush tugaganidan keyin o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga yuborishga tayyor bo‘lgan yetarlicha davlatlar bor (Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, o‘nga yaqin).
Shu bilan birga, Rossiya Ukraina uchun qanday kafolatlarni maqbul deb bilishi hali ham aniq emas. Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov 20 avgust kuni bu kafolatlar «barcha manfaatdor tomonlar, jumladan, Ukraina qo‘shnilari xavfsizligi»ni ta’minlashi kerakligini aytdi, u nimani nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmadi. Shuningdek, u Rossiyasiz xavfsizlik masalalarini muhokama qilish «mumkin emasligi»ni ta’kidlagan.
Rossiya ochiqchasiga qarshi bo‘lgan yagona variant – Ukraina hududida xorijiy harbiy kontingent joylashtirilishi. «G‘arbning Ukraina tomoni bilan munozaralari shuni ko‘rsatadiki, bu niyatlarning barchasi, aslida, Ukraina hududining ma’lum bir qismiga xorijiy harbiy aralashuv orqali kafolatlar berish bilan bog‘liq. Va umid qilamanki, bunday rejalar tuzayotganlar [...] bu Rossiya Federatsiyasi va Yevropadagi barcha sog‘lom fikrli siyosiy kuchlar uchun mutlaqo nomaqbul bo‘lishini tushunishadi», – dedi bugun Lavrov.
Mavzuga oid
15:21
Yevropa yetakchilari Trampning Ukraina bo‘yicha rejasiga ishonmayapti - Der Spiegel
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
18:54 / 04.12.2025
Sirdaryo viloyatida Xitoy bilan hamkorlikda avtomobil ishlab chiqariladi
17:37 / 04.12.2025