O‘zbekiston | 00:19 / 23.08.2025
4829
8 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistonga tashrif, yana sud islohoti va sotilgan oltin konlari - mahalliy dayjest

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga amaliy tashrif bilan bordi. “Raqamli sud” konsepsiyasi yo‘lga qo‘yiladi. Navoiy yodgorligi qayta tiklanyapti, yirik oltin konlari sotildi, «Tashabbusli budjet»dan chetlatilgan tumanlar va korrupsiya bilan bog‘liq bir qator holatlar fosh etildi. Shu va boshqa muhim xabarlar bilan Kun.uzʼning mahalliy yangiliklar dayjestida tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga amaliy tashrif bilan bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Turkmanistonga bordi. Turkmanboshi shahri aeroportida uni Turkmaniston hukumati vakillari tantanali kutib oldi.

Tashrif doirasida davlat rahbari «Ozarboyjon – Turkmaniston – O‘zbekiston» formatidagi uch tomonlama uchrashuvda ishtirok etdi. Shuningdek, turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvda do‘stlik va strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Bu yil boshidan beri ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi 700 million dollardan oshib, erkin savdo tartibi yo‘lga qo‘yildi. Savdo uylari ishlayapti, sanoat, energetika, transport va qishloq xo‘jaligida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Yaqin kunlarda «Shovot – Doshhovuz» savdo zonasi ishga tushirilishi kutilmoqda. Yetakchilar shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi kun tartibini ham muhokama qildi.

Prezident sud tizimidagi islohotlarni ma’qulladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev sud tizimini takomillashtirishga oid takliflar bilan tanishdi va ularni ma’qullab, tegishli farmonlarni imzoladi.

Yangi tartibga ko‘ra, Fuqarolik va iqtisodiy sudlardagi nizosiz ishlar ma’muriy organlarga o‘tkaziladi. Ma’muriy va iqtisodiy sud ishlari eksterritorial tarzda ko‘riladi. Sudyalikka tayinlash muddatlari qayta ko‘rib chiqiladi. Viloyat va unga teng sudlardagi taftish instansiyalari tugatiladi, o‘rniga 5 ta mintaqaviy sud tashkil etiladi. Sudyalar oliy maktabi negizida Odil sudlov akademiyasi tashkil etiladi.

Shuningdek, “Raqamli sud” konsepsiyasi orqali jarayonlar raqamlashtirilib, fuqarolar va tadbirkorlarga qulaylik yaratiladi, korrupsiyaning oldi olinadi.

Islohotlar natijasida sud tizimida xalqchillik, ochiqlik va malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratiladi.

O‘zbekistonda 3 ta yirik oltin koni sotildi

So‘nggi uch kunda Navoiy va Toshkent viloyatlarida joylashgan “Temirchi”, “Terekli” va “Pirali” oltin konlari auksion orqali sotildi. Ularning umumiy qiymati 20 million AQSh dollaridan oshib ketdi.

“Temirchi” konida taxminan 6 tonna oltin zaxirasi bor. Uning narxi 4 milliard so‘mdan 67 milliard so‘mgacha ko‘tarilib, “Zauris” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga sotildi.

“Terekli” konida 2 tonna zaxira mavjud. Uning bahosi qariyb 20 barobar oshib, 81 milliard so‘mga yetdi. Savdoda “Toyloq Toza Hudud” mas’uliyati cheklangan jamiyati g‘olib bo‘ldi.

Eng yirigi - “Pirali” koni. 2,4 tonna oltin zaxirasiga ega bu maydon qariyb 24 soatlik savdoda boshlang‘ich qiymatidan 24 barobar qimmatga, “En-Bi-Key 111” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga topshirildi. Uning 40 foiz ulushi Xitoy fuqarosi Chjan Tsyanga tegishli.

Investorlar 3 yil davomida ushbu maydonlarda oltin qidirish huquqiga ega. Qazib olingan barcha metallar davlat qabul kassalariga topshirilishi shart.

Ikki tuman “Tashabbusli budjet”dan chetlatildi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qilishicha, Andijon viloyatining Oltinko‘l va Ulug‘nor tumanlari “Tashabbusli budjet”ning ikkinchi mavsumida qatnashmaydi.

Sabab - loyihalarni saralash bosqichida amaldagi mezonlarga rioya etilmagan.

Ulug‘nor tumanida 73 ta loyiha qabul qilingan bo‘lib, shundan faqat 13 tasi ovoz berishga o‘tgan, qolgan 60 ta loyiha esa hech qanday asossiz rad etilgan.

Oltinko‘l tumanida ham shu holat kuzatilgan: 116 ta loyihadan atigi 22 tasi ovoz berishga o‘tkazilgan, 94 tasi esa tushuntirishsiz rad etilgan.

Vazirlik bu holat yuzasidan komissiyalarga xat yuborgan, ammo loyihalar qayta ko‘rib chiqilmagan. Shuning uchun ikki tumanda ovoz berish bosqichi o‘tkazilmaydi.

Toshkent va Farg‘onada korrupsiya bilan bog‘liq holatlar fosh etildi

Toshkent shahrida shifoxonalarga imtiyozli yo‘llanmalarni noqonuniy sotish bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro o‘zining tanish tibbiyot xodimlari orqali turli shifoxonalarda davolanish uchun order tayyorlab bergan va har biri uchun 1,5-2 million so‘mdan pul talab qilgan. Nazorat tadbiri vaqtida ulardan bir nechta tayyor hujjatlar topildi. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangan.

Farg‘ona viloyatida esa korrupsiyaga qarshi kurashishga mas’ul bo‘lgan mansabdor pora bilan ushlandi. Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari aksiyadorlik jamiyatining tegishli bo‘lim boshlig‘i, korxona bosh muhandisining yo‘l qo‘ygan kamchiliklarini rahbariyatdan yashirish evaziga 1500 AQSh dollari talab qilgan. U pulning bir qismini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Keyinchalik uning sherigi ham aniqlandi.

Sud hukmiga ko‘ra, aybdorlar mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan ikki yilga mahrum etildi. Shuningdek, ularga ikki yil-u bir oy muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Mozori Sharifda Navoiy yodgorligini qayta tiklash boshlandi

Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy yodgorligini qayta barpo etish ishlari boshlandi.

Shahar hokimi Abdurahmon Himmatning aytishicha, Navoiy yodgorligi xarob va ko‘rimsiz holga kelib qolgani bois uni yangidan qurishga qaror qilingan.

Yangi majmua uchun katta maydon ajratilmoqda. Unda Navoiyning hayoti va ijodi haqidagi lavhalar o‘zbek, ingliz, doriy va pushtu tillarida o‘rnatiladi. Shuningdek, kutubxona ham tashkil etiladi.

Yodgorlik qurilishi shahar hokimligi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi va bir oyda yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Matnlarni tayyorlashda Termiz davlat universiteti ko‘mak beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mozori Sharifda Navoiy haykali va yodgorligi butunlay vayron qilingan edi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bu haqda Afg‘oniston hukumatidan izoh so‘ragan. «Tolibon» hukumatining bayonotiga ko‘ra, yodgorlik avvalgi joyi Navoiy xotirasi uchun munosib emasligi sababli buzilgan, o‘rniga yanada ko‘rkam majmua qurilishi rejalashtirilgan.

ADWorld ishi bo‘yicha ikki blogerga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Otabek Jo‘rayev hamda Abdurahmon Abdurahmonovni jarimaga tortdi.

Ma’lum qilinishicha, ular o‘z sahifalarida xorijga ishga yuborish bilan shug‘ullangan, ammo tegishli litsenziyaga ega bo‘lmagan “ADWorld Group” mas’uliyati cheklangan jamiyatini reklama qilgan. Bu kompaniya yuzlab odamlarni aldaganlikda gumon qilinmoqda.

“Reklama to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, maxsus ruxsatnomasi bo‘lmagan xizmatlarni reklama qilish mumkin emas. “ADWorld Group”da esa hech qanday litsenziya yo‘qligi aniqlangan.

Natijada, blogerlarga ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sudga yuborilgan.

Muallif:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid