Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
38 mlnga yetgan aholi, chempionatdan chetlatilgan gandbolchilar va navbatdagi afv – mahalliy dayjest
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi. O‘zbekiston aholisi soni 38 millionga yetdi. «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishi yakunlandi. Prezident 523 nafar mahkumni afv etdi. O‘zbekiston yoshlar gandbol jamoasi Toshkentda o‘tayotgan Osiyo chempionatidan chetlatildi. Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 avgust kuni O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi. Toshkentda ushbu muzey qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Milliy bog‘i yaqinidagi maydonga madaniyat va san’at namoyandalari, olimlar va adiblar, keksalar, jamoatchilik vakillari yig‘ildi.
Muzey Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi shafeligida Yaponiyaning «Tadao Ando Architect & Associates» arxitektura byurosi hamda Germaniyaning «Atelier Brückner» kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan. Xitoyning «CSCEC International Construction» kompaniyasi tomonidan quriladi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu loyiha 2022 yilda, San’at muzeyining yangi binosi sifatida taqdim etilgan edi. Inshoot qurilishini 2024 yilda boshlash ko‘zda tutilgandi.
O‘zbekiston aholisi soni 38 millionga yetdi
2025 yilning 28 avgust kuni soat 9:35 holatiga O‘zbekiston doimiy aholisi soni 38 million kishiga yetdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, erkaklar soni 19 136 800 nafarni, ayollar soni 18 863 200 nafarni tashkil qilgan. O‘zbekistonning doimiy aholisi sonida erkaklar soni ayollarga nisbatan 273 600 nafarga ko‘p.
Aholi soni 37 milliondan 38 millionga yetishi uchun 493 kun kifoya qildi (2024 yil 22 apreldan 2025 yil 28 avgustgacha).
Toshkent yana bir aeroportga ega bo‘ldi
Umumiy maydoni 561 gektardan iborat «Toshkent-Sharqiy» aeroporti qurilishi yakunlandi. Shavkat Mirziyoyev biznes vakillari va oliy martabali mehmonlar uchun mo‘ljallangan aeroportni ko‘zdan kechirdi.
Ta’kidlanishicha, aeroport qulay joylashuvi tufayli poytaxt va Yangi Toshkent shahri uchun muhim transport xabiga aylanadi. Xalqaro tashriflar va ishbilarmonlik safarlarini amalga oshirish imkoniyatlari kengayadi, xorijiy investorlar uchun sharoitlar yaxshilanadi. Shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportiga yuklamani yengillashtiradi.
Prezident 523 nafar mahkumni afv etdi
Mustaqillik bayrami arafasida Shavkat Mirziyoyev 523 nafar mahkumni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Ulardan deyarli 200 nafari jazodan butunlay ozod qilingan, qolganlarida esa muddati yoki shartlari qisqartirilgan. Afv etilganlar orasida 8 nafar xorijlik, jumladan Tojikiston va Siyerra-Leone fuqarolari ham bor.
Shuningdek, afv etilganlar orasida 45 nafar ayol, 60 yoshdan oshgan 31 kishi, 30 yoshgacha bo‘lgan 220 nafar, shu jumladan bir nafar voyaga yetmagan shaxs, ilgari taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 15 kishi bor.
O‘zbekistonda birinchi migrantlar resurs markazi ochildi
Markaz Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etildi. U xavfsiz va qonuniy migratsiya bo‘yicha maslahat berish, norasmiy migratsiya xavflari haqida xabardorlikni oshirish, odam savdosi tahdidlari haqida ma’lumot berish bilan shug‘ullanadi.
Toshkentdagi migrantlar resurs markazi (MRM) dunyo bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 14 ta MRM tarmog‘ining eng so‘nggi tashkil etilgani hisoblanadi. Yangi markaz migratsiya yoki qaytishni rejalashtirayotganlar uchun amaliy va o‘z vaqtida yordam ko‘rsatib, ularning qarorlari ongli, xavfsiz va huquqlarga asoslangan bo‘lishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston yoshlar gandbol jamoasi Toshkentda o‘tayotgan Osiyo chempionatidan chetlatildi
O‘zbekistonda o‘tayotgan 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati mezbonlar uchun noxush tarzda yakunlandi.
O‘zbekiston U20 jamoasi yarimfinal ostonasida musobaqadan chetlatildi. Osiyo gandbol federatsiyasi bu qaroriga izoh bermadi. O‘zbekistonliklarning guruh bosqichidagi barcha natijalari (3 g‘alaba, 1 mag‘lubiyat) bekor qilindi. Oqibatda O‘zbekiston U20 nafaqat yarimfinal yo‘llanmasidan, balki jahon chempionatida ishtirok etish huquqidan ham mahrum bo‘ldi.
Ba’zi manbalarga ko‘ra, Osiyo gandbol federatsiyasi tomonidan chiqarilgan qarorga milliy jamoadagi bir qator o‘yinchilarning hujjatlarida noaniqliklar borligi sabab bo‘lgan.
Mavzuga oid
22:46 / 05.12.2025
Yangi energetika quvvatlari va Gulistondagi portlashdan so‘ng qamoqqa olinganlar - mahalliy dayjest
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025
Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest
23:11 / 02.12.2025