O‘zbekiston | 21:38 / 02.09.2025
6876
5 daqiqa o‘qiladi

Import avtomobillarga oid o‘zgarish va qamoqqa olingan Namangan shahri hokimi – mahalliy dayjest

Import avtomobillarni Piskentdagi avtopoligonda sinovdan o‘tkazish amaliyoti bekor qilindi. Namangan shahri hokimi 60 ming dollar pora olgan vaqtida ushlandi. «Tashabbusli budjet» jarayonida deputatlar va saylovchilar o‘rtasida hamkorlik kuchaytiriladi. Birjada AI-80 benzini sotuvi to‘xtatildi. Kun.uz yoritgan ushbu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Import avtomobillarni Piskentdagi avtopoligonda sinovdan o‘tkazish amaliyoti bekor qilindi

2 sentabrdan avtomobillarni Piskentdagi laboratoriyada sinovdan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatildi. Bu qaror O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan rasmiy avtodilerlar soni ko‘paygani bilan izohlandi.

2024 yil 1 noyabrdan boshlab import qilingan avtomobillarni bojxona hududida emas, Piskentdagi poligonda texnik sinovlardan o‘tkazish boshlangandi. Shuningdek, yakka tartibda yoki xususiy tadbirkorlar tomonidan import qilinadigan mashinalar uchun elektromagnit moslashuvchanlik tekshiruvi ham joriy qilindi. Buning ortidan avtomobillarini poligonga olib kelganlar uzun navbatlarga ro‘baro‘ keldi va noroziliklar boshlangan edi.

Namangan shahri hokimi qamoqqa olindi

Anvar Otaxo‘jayev hokimlikning devonxona mudiri orqali 60 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Ma’lum qilinishicha, hokim va poyabzal ishlab chiqaruvchi korxona rahbari o‘zaro til biriktirib, qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarodan shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan ma’nan eskirgan turar joy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming dollar talab qilgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab korxona rahbari, so‘ngra hokim ushlangan. Hozir Namangan shahri hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, qamoqqa olingan.

«Tashabbusli budjet» jarayonida deputatlar va saylovchilar o‘rtasida hamkorlik kuchaytiriladi

Prezident qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan deputatlar har yili «Tashabbusli budjet» jarayonlarida tegishli saylov okruglarida g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan aholining kundalik hayoti va hududni rivojlantirishga ta’sir qiladigan 2 ta loyihani (har mavsumda 1 tadan) «Ochiq budjet» axborot portalida tanlaydi. Mazkur tanlov loyihani respublika budjetidan moliyalashtirish uchun asos hisoblanadi.

Shuningdek, mazkur jarayonlarda g‘olib bo‘lmagan loyihalarni moliyalashtirish uchun har bir deputatga 1 yilda 2 mavsumga BHM 8 ming baravari miqdorida mablag‘ har yilgi respublika budjetida nazarda tutiladi.

Birjada AI-80 benzini sotuvi to‘xtatildi

2025 yilgi davlat dasturida belgilangan AI-80 benzinidan voz kechish vazifasiga muvofiq, «O‘zbekneftgaz» 2 sentabrdan e’tiboran bu markali benzinni birja savdolariga chiqarishni to‘xtatdi. Kompaniya uning o‘rniga AI-92 taklifi oshirilganini bildirdi.

Qayd etilishicha, avgust oyida tadbirkorlar tomonidan xarid qilingan AI-80 rusumidagi avtobenzin hajmlari majburiyat va mavjud qoldiqlar doirasida sentabr oyida ham o‘z egalariga yetkazib beriladi.

Maktab ta’mirlashga jalb etilgan o‘qituvchilar voqeasi ortidan Xovos tumani hokimi hayfsan oldi

Sirdaryo viloyati, Xovos tumanidagi 9-maktabda bir guruh o‘qituvchilar maktab ta’mirlash uchun majburan jalb etilganiga oid Kun.uz materialidan so‘ng, viloyat hokimligi rasmiy izoh berdi.

Qayd etilishicha, holat viloyat hokimi Erkinjon Turdimov huzurida tuman hokimi Ulug‘bek Yo‘ldoshev hamda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiri, 9-maktab direktori va tahririyatga murojaat yo‘llagan matematika fani o‘qituvchisi bilan muhokama qilingan.

Muhokama yakunida tuman hokimiga ta’lim muassasalarida yetarli nazorat o‘rnatmagani va zarur targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali olib bormagani uchun hayfsan berilgan. Ish beruvchi tomonidan tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiriga intizomiy jazo berilishi, 9-maktab direktorining egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqilishi belgilangan.

Mavzuga oid