Jahon | 20:44 / 05.09.2025
3939
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Oq uyda texnologik kompaniyalar rahbarlari uchun ziyofat uyushtirdi

U Meta, Microsoft, Apple va OpenAI kabi yirik texnologik kompaniya rahbarlaridan mamlakatga qancha sarmoya kiritganini so‘radi. Tadbirda Trampning bir vaqtlar yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Ilon Mask ko‘rinmadi.

Foto: AP

4 sentabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyga texnologik kompaniyalar rahbarlarini kechki ovqatga taklif qildi, biroq mehmonlar ro‘yxatida Tesla, SpaceX va X rahbari Ilon Mask yo‘q edi. Bu haqda Euronews xabar berdi.

Trampning bir vaqtlar yaqin ittifoqchisi bo‘lgan, avvalroq federal xarajatlarni qisqartirishga mo‘ljallangan yangi hukumat agentligiga (DOGE) rahbarlik qilish topshirilgan Mask keyinroq o‘zini kechki ovqatga taklif qilishganini, biroq ishtirok etolmaganini aytdi.

Prezident ziyofatida boshqalar qatorida Meta rahbari Mark Tsukerberg, Microsoft rahbari Bill Geyts, Apple rahbari Tim Kuk, OpenAI rahbari Sem Altman ishtirok etdi.

Tramp sun’iy intellekt sohasidagi tadqiqotlarni namoyish etdi va bunday kompaniyalarning Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab amalga oshirayotgan sarmoyalari bilan maqtandi.

«Bu mamlakatimizni yangi bosqichga olib chiqadi», dedi u stol atrofida «yuqori intellektual odamlar» qurshovida o‘tirgan holda.

Ushbu ziyofat Tramp va uning inauguratsiyasida ishtirok etgan texnologik soha yetakchilari o‘rtasidagi nozik munosabatlarning so‘nggi namunasi bo‘ldi, deb ta’kidlamoqda nashr.

Kompaniyalar rahbarlari Trampni maqtab, mamlakatda texnologik taraqqiyotga erishishdan umidvor ekanligini aytgan bir paytda, respublikachi prezident ko‘proq pulga e’tibor qaratdi. U stol aftrofini aylanib, rahbarlardan mamlakatga qancha sarmoya kiritayotganini so‘radi.

Mark Tsukerberg (Meta) 600 milliard dollar haqida ma’lum qildi, Apple rahbari Tim Kuk ham xuddi shu miqdorni aytdi. Google shu’ba korxonasi bo‘lgan Alphabet bosh direktori Sundar Pichai 250 milliard dollar sarmoya kiritganini ta’kidladi. Microsoft bosh direktori Satya Nadella Sietldagi texnologik gigant yiliga 80 milliard dollargacha sarmoya kiritishini aytdi.

«Bu oz emas, yaxshi, juda yaxshi», deb ma’qulladi Tramp.

Ziyofatda ishtirok etgan boshqa taniqli shaxslar orasida IBM raisi va bosh direktori Arvind Krishna va Code.org prezidenti Kemeron Uilson ham bor edi.

Oq uyning tasdiqlashicha, kechki ovqatga taklif qilinganlar ro‘yxatiga Google asoschisi Sergey Brin, OpenAI asoschisi Greg Brokman, Oracle bosh direktori Safra Kats, Blue Origin bosh direktori Devid Limp, Micron bosh direktori Sanjay Mexrotra, TIBCO Software raisi Vivek Ranadive, Palantir rahbari Shyam Sankar va Scale AI asoschisi Aleksandr Vang ham kiritilgan.

Mavzuga oid