Ko‘chmas mulk | 10:34 / 06.09.2025
13983
5 daqiqa o‘qiladi

Uy olish uchun qaysi viloyatda necha yil ishlash kerak?

O‘zbekistonda uy narxlari va o‘rtacha oyliklar hududlar kesimida ancha farq qiladi. Masalan, 60 kvadrat metrlik yangi xonadon narxi Navoiy viloyatida 58 oylik o‘rtacha maoshga teng. Samarqand viloyatida esa xuddi shunday 2 xonali uy olaman degan odam, agar o‘rtamiyona oylikka ishlasa, yemay-ichmay 151 oy (12,5 yil) ishlashi kerak.

So‘nggi yillarda O‘zbekistondagi maoshlar sezilarli darajada oshdi. Xususan, 2025 yilning birinchi yarim yilligida respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqi 5 mln 982 ming so‘mni tashkil etgan. Bu 2021 yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga yuqori ko‘rsatkich. O‘z navbatida, oyliklar bilan bir qatorda boshqa mahsulotlarning bahosi ham yildan yilga qimmatlashib boryapti. Masalan, kvartira narxlari. Quyida o‘zbekistonliklarning uy-joy sotib olish qobiliyati hududlar kesimida tahlil qilinadi.

Hududlardagi oyliklar

1 iyul holatiga ko‘ra, o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori Toshkent shahri (10 mln 138 ming), Navoiy (7 mln 486 ming) va Toshkent viloyatida (5 mln 674 ming), eng kam miqdori esa Qashqadaryo (4 mln 148 ming), Surxondaryo (4 mln 256 ming) va Namangan (4 mln 350 ming) viloyatlarida qayd etilgan.

Faqatgina ikkita ma’muriy hududda (Toshkent shahri va Navoiy viloyati) nominal ish haqi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda bu ko‘rsatkich respublika darajasidan turli miqdorda past. Eng ko‘p va eng kam o‘rtacha oylik to‘lanuvchi hududlar (Toshkent/Qashqadaryo) o‘rtasidagi tafovut ham 2,4 barobardan oshgan.

Hududlardagi uy-joy narxlari

2025 yil II chorak yakunlariga ko‘ra, hududlar kesimida birlamchi bozordagi uy-joy narxlarining eng baland qiymati Toshkent shahri (1 kv metr uchun 14 mln 540 ming so‘m), Samarqand (11 mln 170 ming so‘m) va Toshkent (8 mln 950 ming so‘m) viloyatlarida, eng past narxlar esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi (5 mln 80 ming so‘m), Sirdaryo (5 mln 130 ming so‘m) va Namangan (5 mln 460 ming so‘m) viloyatlarida qayd etilgan.

Agar 2022 yilning I choragi bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, hududlar kesimida narxlar quyidagicha taxminan qimmatlashgan:

  • Xorazm viloyatida – 94 foiz;
  • Buxoro viloyatida – 85 foiz;
  • Sirdaryo viloyatida – 78 foiz;
  • Navoiy viloyatida – 73 foiz;
  • Andijon viloyatida 70 foiz;
  • Jizzax viloyatida – 63 foiz;
  • Toshkent shahrida – 62 foiz;
  • Toshkent viloyatida – 59 foiz;
  • Qoraqalpog‘istonda – 55 foiz;
  • Farg‘ona viloyatida – 55 foiz;
  • Surxondaryo viloyatida – 41 foiz;
  • Qashqadaryo viloyatida – 40 foiz;
  • Namangan viloyatida – 36 foiz;
  • Samarqand viloyatida – 35 foiz.

Taqqoslash uchun, ushbu davrda Xorazm viloyatida o‘rtacha oyliklar 66 foizga, Buxoro viloyatida 62 foizga, Sirdaryo viloyatida 68 foizga, Navoiy viloyatida 58 foizga, Andijon viloyatida 65 foizga, Jizzax viloyatida 67 foizga, Toshkent viloyatida 51 foizga oshgan. Mazkur hududlarda uy-joy narxi oyliklarga nisbatan tezroq o‘sgan.

Toshkent shahri (94 foiz), Qoraqalpog‘iston (62 foiz) va Farg‘ona (71 foiz), Surxondaryo (63 foiz), Qashqadaryo (58 foiz) Namangan (63 foiz) hamda Samarqand (68 foiz) viloyatlarida o‘rtacha oylik maosh kvartira narxiga nisbatan ko‘proq oshgan.

Hududlardagi xarid qobiliyati

Yuqorida keltirib o‘tilganidek hududlardagi uy-joy narxlari va o‘rtacha oylik moashlar bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi. Masalan, Toshkent shahrida 60 kvadrat metrli uyni birlamchi bozordan xarid qilish narxi ushbu hududdagi 7 yil-u 2 oylik o‘rtacha maoshga teng. Bu ko‘rsatkich boshqa joylarda quyidagicha:

  • Navoiy viloyati – 4 yil 10 oy;
  • Qoraqalpog‘iston – 5 yil 4 oy;
  • Sirdaryo viloyati – 5 yil 4 oy;
  • Namangan viloyati – 6 yil 3 oy;
  • Jizzax viloyati – 6 yil 6 oy;
  • Farg‘ona viloyati – 6 yil 8 oy;
  • Xorazm viloyati – 6 yil 10 oy;
  • Andijon viloyati – 6 yil 11 oy;
  • Qashqadaryo viloyati – 7 yil 6 oy;
  • Surxondaryo viloyati – 7 yil 6 oy;
  • Buxoro viloyati – 7 yil 10 oy;
  • Toshkent viloyati – 7 yil 11 oy;
  • Samarqand viloyati – 12 yil 7 oy.

Navoiy viloyatida 4 yil-u 10 oylik o‘rtacha maoshga 60 kvadratli uy sotib olish mumkin. Bu respublika miqyosida eng qisqa muddatli ko‘rsatkich. Ayrim hududlarda uy-joy olish hamon juda murakkab. Jumladan, Samarqand viloyatida uy olish uchun o‘rtacha 12 yil 7 oylik o‘rtacha maosh kerak. Bu mamlakat miqyosidagi eng yuqori davr. 

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid