Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Futboldagi yutuq, 12 yillik ta’lim va ishdan olingan vazir o‘rinbosarlari – mahalliy dayjest
O‘zbekiston futbol milliy jamoasi Eronni mag‘lub etib, CAFA-2025 kubogini qo‘lga kiritdi. Uch bosqichli 12 yillik umumiy ta’lim tizimiga o‘tiladi. Oliy ta’lim vazirining barcha o‘rinbosarlari lavozimidan olindi. Chiroyli avtoraqamlarni auksion orqali sotish amaliyoti bekor qilinadi. Andijonning Bo‘ston tumani hokimi ikki o‘rinbosari pora bilan ushlandi. Kun.uz yoritgan ushbu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
O‘zbekiston Eronni mag‘lub etib, CAFA-2025 kubogini qo‘lga kiritdi
Toshkentda o‘tkazilgan CAFA Nations Cup – 2025 turniri finalida O‘zbekiston va Eron to‘qnash keldi. O‘zbekiston milliy jamoasi qariyb butun o‘yin davomida raqibdan bir futbolchi ko‘p bo‘lib o‘ynadi, ammo g‘alaba golini so‘nggi daqiqada urdi.
Keskin kurashlarga boy o‘yinda muxlislar qizil karta va amalga oshirilmagan penaltini ham ko‘rdi. O‘zbekiston Eronga qarshi g‘alabasiz o‘yinlardan iborat 13 yillik noxush an’anani buzdi.
O‘yindan keyin prezident Shavkat Mirziyoyev va FIFA rahbari Janni Infantino sovrindor futbolchilarga medallarni va Kubokni topshirdi.
O‘zbekistonda 12 yillik umumiy ta’lim tizimiga o‘tiladi
12 yillik ta’limga o‘tish xalqaro standartlar bilan bog‘liq: 2022 yilgi PISA ma’lumotlariga ko‘ra, yuqori natijalarga erishgan mamlakatlarning 85 foizi 12 yillik maktab ta’limiga ega.
Olti yoshli bolalar uchun maktabga tayyorgarlik yili endi boshlang‘ich ta’limga kiritiladi. Mamlakatda 3,6 mingta maktab va 1 mingdan ortiq davlat bog‘chalari tashkil etiladi, ularda bolalar yangi tayyorgarlik dasturidan o‘tadi.
12 yillik ta’lim tizimi uch bosqichdan iborat bo‘ladi:
- 1 yil tayyorgarlik va 4 yil boshlang‘ich maktab;
- 5 yillik asosiy umumiy o‘rta ta’lim (5–9-sinflar);
- maktablar, akademik litseylar, harbiy bilim yurtlari va texnikumlarda 2 yillik to‘liq umumiy o‘rta ta’lim.
Oliy ta’lim vazirining barcha o‘rinbosarlari lavozimidan olindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 sentabr kungi selektorda Oliy ta’lim vazirining uch nafar o‘rinbosari lavozimidan olinganini ma’lum qildi. Shuningdek, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi va Innovatsion rivojlanish agentligi direktorlari ham lavozimini tark etdi.
«Maktabgacha va maktab ta’limida o‘zgarishlar bo‘lyapti, dasturlar ishlayapti, natijalar bor. Lekin kasb-hunar va oliy ta’limga mas’ul mutasaddilar haligacha ta’limdagi islohotlar mazmunini to‘liq tushunib yetgani yo‘q», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu sababli oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining barcha o‘rinbosarlari – birinchi o‘rinbosar Shohrux Daliyev, o‘rinbosarlar Otabek Mahkamov va Sarvarxon Buzrukxonov ishdan olindi.
Chiroyli avtoraqamlarni auksion orqali sotish amaliyoti bekor qilinadi
2026 yil 1 yanvardan boshlab, O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi (O‘zRTXB) tizimida har qanday raqam belgilarini sotish bo‘yicha auksionlar, shuningdek, «chiroyli» raqamlarni oshirilgan stavkalarda berish tartibi bekor qilinadi.
Yangi tartibga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘ridan to‘g‘ri elektron murojaat asosida onlayn rejimda uzluksiz ravishda yangilanib turadigan yagona ochiq ma’lumotlar bazasida bo‘sh turgan istalgan harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilarini tanlab olishi mumkin bo‘ladi.
Piskentda hokimiyat prezident qaroriga zid tarzda futbol maydonchasini sotib yubordi
Stadion joylashgan yer uchastkasi auksionda 10 yilga bo‘lib to‘lash sharti bilan 1,4 mlrd so‘mga sotildi. Avvalroq imzolangan prezident qarorida futbol stadion va maydonlarining foydalanish maqsadlari o‘zgartirilishi va sotuvga chiqarilishi taqiqlangandi.
Yer uchastkasi Piskent tumani hokimi Muzaffar Aripovning 2025 yil 26 iyuldagi tegishli qarori bilan auksion orqali sotuvga chiqarilgan.
Sotilgan yer uchastkasining umumiy maydoni 10,2 sotixni tashkil etadi. Xaridor belgilangan summani 120 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatiga ega.
Andijonning Bo‘ston tumani hokimi ikki o‘rinbosari pora bilan ushlandi
Investitsiya va qishloq xo‘jaligiga mas’ul o‘rinbosarlar o‘zaro til biriktirib, 65 mln so‘m pora olganlikda ayblanmoqda. DXX xabariga ko‘ra, ular fermer xo‘jaligining 500 ming dollarlik eksport rejasini fiktiv operatsiyalar bilan yopib bermoqchi bo‘lgan. Hozir ular hibsda.
Mavzuga oid
22:53 / 10.02.2026
Olmaliqdagi maktabda baxtsiz hodisa va tadbirkorga norasmiy bandlikni bartaraf etish muhlati – mahalliy dayjest
21:45 / 06.02.2026
«Amir Temur oyligi» va senatorning imperiyaparast chiqishlarga munosabati – mahalliy dayjest
21:56 / 05.02.2026
Xususiy bog‘chalarga imtiyozlar, jarima o‘rniga ogohlantirish va islomiy bank qonuni - mahalliy dayjest
21:48 / 04.02.2026