Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kichik mablag‘ bilan investitsiya qilsa bo‘ladimi?
Aytaylik, oylik daromadingizdan oshirib, ming dollar to‘plab qo‘ydingiz. Endi qayerga investitsiya qilsam ekan, deb o‘ylayotgan bo‘lsangiz, ushbu maqoladagi ayrim mulohazalar siz uchun foydali bo‘lishiga ishonchimiz komil.
O‘zbekistondagi ko‘plab oilalar daromadining asosiy qismini faqat kundalik ehtiyojlarga sarflaydi, ya’ni jamg‘arma qilish imkoniyati cheklangan. Mamlakatdagi iqtisodiy shart-sharoit, daromadning kamligi, narx-navoning o‘sishi ko‘pchilikning oylikdan oylikkacha yashashini taqozo etadi. Buning katta xatarlaridan biri – ish to‘xtasa, daromad oqimi ham to‘xtaydi.
Ko‘p hollarda maishiy texnika, telefon aloqasi yoki kiyim-kechaklar uchun, umumiy olganda hissiyotga asoslangan haridlar sabab jamg‘arma qilish kechikadi.
Xo‘sh, 500-1000 dollar atrofida pul jamg‘ara olganlar shu mablag‘ bilan investitsiya qilish imkoniyatlari bormi? Quyida shu masalaga to‘xtalamiz.
Investitsiyadan avval
Asosiy ishidan tashqari qo‘shimcha daromad manbayiga ega bo‘lmagan kishi, investitsiya kiritishidan avval, kundalik xarajatlar uchun favqulodda jamg‘armani shakllantirishi lozim.
Ya’ni oylikdan zo‘rg‘a orttiradigan sharoitda bo‘lsangiz, u holda investitsiya kiritishga shoshilmagan ma’qul, chunki xotirjamlik jamg‘armasini yaratish – eng birlamchi masala.
“Moliyaviy yostiqcha”ning miqdori daromadsiz qolganingizda bir necha oy o‘rtacha darajada hayot kechirishingiz uchun yetarli bo‘lishi kerak.
Mutaxassislar “yomg‘irli kunlar” uchun jamg‘arma miqdorini o‘z sohasining professionallari uchun kamida 3 oylik, oddiy ishchi uchun esa 6 oylik zaxira hajmida bo‘lishini tavsiya qiladi. Chunki soha mutaxassislari ish joyini yo‘qotgan taqdirda yangi ish joyini topishlari kamroq muddatni talab etadi.
Jamg‘arma nafaqat pul shaklida, balki inflatsiyaga eng chidamli vosita – oltin ko‘rinishida ham bo‘lishi mumkin.
Birlamchi investitsiya
Asosiy savolga qaytamiz, kichik mablag‘ bilan investitsiya qilish mumkinmi? Albatta. Lekin agar siz:
- oylikka ishlasangiz;
- daromadingiz miqdori siz qisqartira olmaydigan asosiy xarajatlaringiz bilan deyarli teng bo‘lsa;
- va 500-1000 dollarlik pul yig‘gan bo‘lsangiz (“xavfsizlik yostiqchasi”dan tashqari), –
– u holda bu pulni darrov moliya yoki tovar bozorlariga tikishga shoshmaslik kerak. Bu bosqichda eng yaxshi investitsiya – bu o‘zingizga kiritgan investitsiyangiz bo‘ladi.
Buxgalter, marketolog, o‘qituvchi yoki boshqa tor soha vakillari uchun xalqaro sertifikatlar va professional malaka oshirish kurslari bozorda hodimning mehnat qiymatini oshiradigan haqiqiy sarmoya hisoblanadi.
Xorijiy tillarni o‘rganish ham yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Shaxsning o‘zini rivojlantirish uchun qancha vaqt va mablag‘ni sarmoya qilishi – muhim ko‘rsatkich. Siz o‘z sohangizda yangi bilimlar egallashga, yangi do‘stlar orttirishga, o‘z yutuqlaringizni ommalashtirishga yoki shaxsiy brendingizni yaratishga sarflagan har bir so‘mingiz kelgusida o‘n barobar bo‘lib qaytishi mumkin.
Eslatma
Kishi daromadini ko‘paytirish uchun, kasbiy bilimlardan tashqari, moliyaviy savodxonligini ham oshirib borishi kerak. Dabdabaga berilmaslik, nafs-u havo yo‘lida kredit olib tashlamaslik zarur.
Umuman, moliyaviy savodxonlik – juda keng tushuncha bo‘lib, “pul haqida hamma narsani bilaman” deb o‘ylash – odamni yangi bilimlardan to‘sadi.
Bundan tashqari, kishi o‘z ruhiy va jismoniy salomatligi haqida g‘amxo‘rlik qilishi, “yumshoq ko‘nikmalar”ni shakllantirib borishi ham aslida investitsiya hisoblanadi.
Mavzuga oid
11:55 / 12.06.2026
Namanganda “chempion” tadbirkorlar va yirik investitsiya loyihalari qo‘llab-quvvatlanadi
10:50 / 12.06.2026
Samarqandning olis tumanlariga investitsiyalar jalb etiladi
19:52 / 09.06.2026
Prezident huzurida Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi
21:09 / 08.06.2026