Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ilk to‘qnashuv. NATO samolyotlari Rossiya dronlarini urib tushirdi
Ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak, Rossiya dronlari Polsha havo hududiga kirib borgani haqida xabarlar tarqaldi. Bunaqasi avval ham bo‘lgan, lekin o‘shanda dronlar Polsha hududi orqali Ukraina shaharlariga o‘tib, keyin portlagandi. Bu gal rus dronlari Polshadagi strategik obektlarni, xususan, Jyeshuv aeroportini nishonga olib uchgani aytilmoqda. Polyaklar xavotirda. Quyida shu haqda.
Polsha bosh vaziri Donald Tuskning aytishicha, tun davomida mamlakat havo hududiga kamida 19 ta dron uchib kirgan. Ularning aksari Belarus hududidan Polshaga uchib borgan. Polshalik harbiylar dronlarni urib tushirgan. Bu uchun qiruvchi samolyotlar osmonga ko‘tarilgan. Bu NATO davlatining Rossiya qurolini urib tushirishi bilan bog‘liq ilk holat bo‘ldi.
Polsha bosh vaziri holatni katta provokatsiya deb atadi. Shunday bo‘lsa-da, NATO va Polsha buni Rossiyaning alyansga a’zo davlatga hujumi deb baholamagan. Rossiya tomoni holatga rasman izoh bermadi, lekin ba’zi diplomatlar dronlar Rossiyaniki ekaniga hech qanday isbot yo‘qligini aytib chiqdi. Belarus mudofaa vazirligi go‘yoki «osmonda adashib qolgan» bir nechta dronlarni urib tushirgani, Polsha va Litvani ham noma’lum uchuvchi jismlar yaqinlashib borayotganidan ogohlantirgani haqida bayonot berdi.
Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Polshada bitta raketa parchalari ham topilgan. Dron qoldiqlaridan biri Ukraina–Belarus chegarasi yaqinidagi shaxsiy uyga borib tekkan. Ba’zi nashrlarga ko‘ra, zarbdor dronlar qatorida immitatsion dronlar ham uchirilgan. Rossiya Ukrainaga hujumlarida oddiy plastikdan yasalgan hech qanday bomba joylanmagan bunaqa dronlardan havo mudofaasini chalg‘itish uchun foydalanib keladi.
Ukrainlar qanday fikrda?
Polsha osmonidagi dronlar Ukraina kanallarida qanday yoritilganini obdon kuzatdim. Ularning aksarida ukrainlar Polsha osmoniga dronlar uchib kirganini kulib qarshi olgan. Yo‘q, xursandchilik bilan emas, aynan kulib. Ya’ni bizga to‘rt yildan beri kuniga yuzlab dron, tonnalab bomba tashlashadi, siz 3-4 ta plastik dron uchib kirganiga shuncha vahima qilyapsizlarmi, degan ma’noda. Ukrain kanallarida ayniqsa bu dronlarni urish uchun butun boshli F-35 qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarilgani sarkazm bilan qarshi olindi. Turli memlar paydo bo‘ldi.
Shuningdek, ukrainlar Polsha NATO favqulodda yig‘ilishi chaqirganini ham tabassum bilan qarshiladi. Chunki NATO qaysidir a’zo davlatga hujum bo‘lsa, bayonot berishdan nariga o‘tmasligi, afsonaviy 5-modda shunchaki rasmiyatchilik ekanini ular juda yaxshi bilishadi.
Nega hozir?
Putin Xitoydagi paradga borib kelganidan keyin ruslar ilk marta Ukraina hukumati binosiga zarba yo‘llagani haqida gapirgandik. Aftidan, Vladimir Vladimirovich G‘arbning qizil chiziqlarini birma-bir tekshirib chiqayotgan ko‘rinadi: «Qani, Ukraina hukumat binosiga ursak nima bo‘larkin», «Qani-qani, endi NATO davlatiga dron uchirib ko‘raylik-chi».
Va hech narsa bo‘lgani yo‘q, osmon joyida, davlatlar «qattiq xavotir bildirishdan» nariga o‘tmadi. Siz haqsiz, tovarish Putin, hech narsa bo‘lmaydi ham. Chunki davlatlar bu urushni jiddiy qabul qilgani yo‘q. Bu faqat Ukrainaning urushi deb o‘ylashmoqda. Bu shunchaki ikki qo‘shnining yer talashishi, mister Tramp ta’biri bilan aytganda, bolalar maydonchasida ikki injiq bolaning o‘yinchoq talashishi, deb o‘ylashyapti.
Bunaqa emas, janoblar. Bu juda yomon urush. Ko‘rib turganingizdek, raketalar himoyasiz Ukraina osmonidan o‘tib, sizning musaffo osmoningizga kirib bordi. Ha, janoblar, bir tunda 19 ta dron uchib kirdimi, sizning osmoningiz endi musaffo ham emas. Remarkning o‘lmas asarini biroz o‘zgartirib aytadigan bo‘lsak, g‘arbiy frontda o‘zgarish bor, jiddiy o‘zgarish. Janoblar, oxirgi marta Polsha osmoniga raketalar uchib kirganidan keyin nimalar bo‘lganini unutmagan bo‘lsangiz kerak?
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid
09:00
NATO Shimoliy Yevropa mudofaasi bo‘yicha shtabni AQShga ko‘chiradi
15:40 / 04.12.2025
NATO davlatlari Kiyev uchun 4 mlrd dollarlik qurol sotib oladi
14:31 / 03.12.2025
Markaziy Yevropa agrar habida o‘zbek meva-sabzavotlari premium segmentga chiqmoqda
11:20 / 03.12.2025