Jahon | 11:07 / 12.09.2025
4424
4 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Braziliya sobiq prezidenti Jair Bolsonaro 27 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi

Bolsonaro 2022 yilgi saylovda mag‘lub bo‘lgach hokimiyatda qolish uchun davlat to‘ntarishi uyushtirishda aybdor deb topilgan. U mamlakat tarixida demokratiyaga hujum qilgani uchun sudlangan ilk sobiq prezidentga aylantirdi. Sud qaroridan jahli chiqqan Donald Tramp ishni «ovchilik» deb atadi.

Foto: Reuters

11 sentabr kuni Braziliyaning sobiq prezidenti Jair Bolsonaro 27 yil 3 oylik qamoq jazosiga hukm qilindi. Braziliya Oliy sudining besh nafar sudyasidan iborat hay’ati 70 yoshli Bolsonaroni aybdor deb topib, jazoga ham bir ovozdan kelishib oldi. Reutersʼning yozishicha, bu uni mamlakat tarixida demokratiyaga hujum qilgani uchun sudlangan ilk sobiq prezidentga aylantirdi.

«Bu jinoyat ishi deyarli Braziliyaning o‘tmishi, buguni va kelajagi uchrashuvi,» dedi sudya Karmen Lusiya, mamlakat tarixidagi harbiy to‘ntarishlar va demokratiyani ag‘darishga bo‘lgan urinishlarga ishora qilib. Bolsonaro 2022 yilgi saylovda mag‘lub bo‘lgach hokimiyatda qolish uchun davlat to‘ntarishi uyushtirishda aybdor deb topilgan.

Besh sudyadan to‘rt nafari sobiq prezidentni qurollangan jinoiy tashkilotda ishtirok etish, demokratiyani zo‘ravonlik bilan bekor qilishga urinish, davlat to‘ntarishini uyushtirish, davlat mulki va madaniy meros obektlariga zarar yetkazishda aybdor deb topdi.

Foto: Reuters

Bu qaror Bolsonaro bilan yaqin ittifoqchi bo‘lgan AQSh prezidenti Donald Tramp ham jahlini chiqardi. Tramp ishni «ovchilik» deb atab, Braziliyaga tariflarni oshirish, hukm chiqargan sudyaga qarshi sanksiyalar joriy qilish va Oliy sud sudyalarining aksariyatiga vizalarni bekor qilish bilan javob qaytardi. Payshanba kuni hukm haqida so‘ralganda, Tramp hukmni «dahshatli narsa» deb atadi va «bu Braziliya uchun juda yomon» deya qo‘shimcha qildi.

AQSh Davlat kotibi Marko Rubio ijtimoiy tarmoqda sud qarorini «adolatdan yiroq» deb atadi va «AQSh bunga mos ravishda javob qaytaradi» dedi. Braziliya Tashqi ishlar vazirligi esa Rubio bayonotini «Braziliya suverenitetiga hujum» deb baholadi va dalillar aniq ekanini ta’kidladi.

TIV Braziliya demokratiyasi AQSh tomonidan qo‘rqitilmasligini bildirdi. Shuningdek, amaldagi prezident Lula da Silva Bolsonaro hukmi tasdiqlanishidan bir necha soat oldin mahalliy telekanalga bergan intervyusida «yangi sanksiyalardan qo‘rqmasligini» aytdi.

Jair Bolsonaro 2019-2023- yillarda Braziliya prezidenti bo‘lgan. U vaksinalar va pandemiya choralariga shubha bilan qaragan, Amazon o‘rmonlarida noqonuniy qazishmalar va chorvachilikni rag‘batlantirgani bilan tanilgan. Siyosiy uslubi Trampnikiga o‘xshash bo‘lib, Braziliyada «o‘ng populizm»ning asosiy ramziga aylandi.

U 2022 yilgi saylovda Lula da Silvaga yutqazdi, 2023 yilda ovoz berish tizimi haqida asossiz da’volari tufayli, saylov sudlari uni 2030 yilgacha siyosiy lavozimlarga nomzod bo‘lishdan mahrum qildi.

Reutersʼning qo‘shimcha qilishicha, hukm yakdil bo‘lmagan. Sud Bolsonaroning yetti nafar ittifoqchisini, jumladan besh nafar harbiy ofitserni ham aybdor deb topdi. Bolsonaroni himoya qiluvchi advokatlar hukmni «haddan tashqari og‘ir» deb atab, apellyatsiya kiritishini bildirdi.

Mavzuga oid