O‘zbekiston | 22:30 / 17.09.2025
5904
5 daqiqa o‘qiladi

Kambag‘al oilalar uchun yangi imkoniyat va birinchi milliy GES – mahalliy dayjest

Har bir kambag‘al oilada kamida 1 nafar oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun imkoniyat ko‘paytiriladi. Norin daryosida birinchi «milliy» GES ishga tushirildi. Xorijda ish va’da qilib, odamlarni aldagan uchta firma mansabdorlariga jinoiy ish qo‘zg‘atildi. 2027 yildan ba’zi notarial harakatlar onlayn tarzda tasdiqlanadi. Navoiyda mast holda 23 nafar bolani tashigan DAMAS haydovchisi ushlandi. Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Har bir kambag‘al oilada kamida 1 nafar oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun imkoniyat ko‘paytiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida 30 dan ortiq nufuzli tashkilot va 200 ga yaqin xalqaro ekspertlar ishtirokidagi «Kambag‘allikdan farovonlik sari» xalqaro forumining ochilishida nutq so‘zladi.

Sifatli ta’lim inson kapitalini rivojlantirish, uzoq muddatli istiqbolda kambag‘allikni qisqartirishning asosiy «drayveri» bo‘lib qoladi, dedi davlat rahbari.

Ta’kidlanishicha, har bir kambag‘al oilada kamida 1 nafar oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun imtiyozli ta’lim krediti va davlat grantlari ko‘paytiriladi. Xalqaro standartlar asosida Kasbga tayyorlash xalqaro markazlari tashkil etilib, ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar berish yo‘lga qo‘yiladi.

Norin daryosida birinchi «milliy» GES ishga tushirildi

2024 yil 25 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatida yangi elektr stansiyalari qurilishini boshlab bergan edi. Ulardan birinchisi – Norin GES kaskadining dastlabki bosqichi ishga tushdi. Davlat rahbari viloyatga tashrifi chog‘ida ushbu energetika inshootini ko‘zdan kechirdi.

Qayd qilinishicha, hozir «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Norin daryosida 6 ta GES kaskadi qurilishi boshlangan. Loyihaning umumiy qiymati 428 million dollardan ziyod, umumiy quvvati 228 megavatt bo‘ladi.

Birinchi bosqichda GES-1 ishga tushirildi. Eng muhimi, u to‘liq mahalliy mahsulot va uskunalar asosida barpo etildi. Ta’kidlanishicha, uni mamlakatdagi birinchi «milliy» GES deyish mumkin.

Xorijda ish va’da qilib, odamlarni aldagan uchta firma mansabdorlariga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Toshkent shahridagi «Best info consult», «Sta cons» va «Biletol» MChJ mansabdorlari firibgarlikda gumonlanmoqda. Ular Yevropa davlatlariga ishga jo‘natish va’dasi bilan odamlarni aldab kelgan. Xarajatlar uchun to‘langan pullar esa shaxsiy ehtiyojlarga sarflab yuborilgan.

Kun.uz tanishgan ayblov xulosasida keltirilishicha, 1993 yilda tug‘ilgan M.R. hamda 1986 yilda tug‘ilgan Sh.K. o‘zgalar mulkini qo‘lga kiritish maqsadida jinoiy til biriktirgan. Ular 2024 yil «Best info consult», 2023 yil «Biletol» hamda «Sta cons» korxonalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, rahbarlik qilgan.

Ta’kidlanishicha, ular 34 nafar fuqaroning jami 817 mln so‘m pulini qo‘lga kiritgan, ammo ularni na ishga jo‘natgan, na pulini qaytarib bergan. Ular firibgarlikda gumonlanib, 2025 yil aprel oyida qo‘lga olingan hamda qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

2027 yildan ba’zi notarial harakatlar onlayn tarzda tasdiqlanadi

2027 yil sentabridan ko‘chmas mulk almashinuvi, ijara shartnomalari va aliment to‘lovlari bo‘yicha kelishuvlar onlayn tasdiqlanadi. Shuningdek, mahalliy kommunal xizmatlar bazalari bilan ham integratsiya yo‘lga qo‘yilib, uy-joy oldi-sotdi shartnomasi tasdiqlanishi bilan mulkdor haqidagi ma’lumotlar avtomatik yangilanadi.

Uy-joyni sotib olish yoki hadya qilish shartnomalari, shuningdek, ayrim boshqa huquqiy bitimlar videoaloqa orqali notarius tomonidan rasmiylashtiriladi. Bu haqda 9 sentabr kuni imzolangan prezident qarorida ko‘zda tutilgan.

Qarorga asosan, 2026 yil oxirigacha barcha notarial idoralar optik tolali tezkor internet bilan ta’minlanadi.

Navoiyda mast holda 23 nafar bolani tashigan DAMAS haydovchisi ushlandi

Hodisa 15 sentabr kuni Navoiy viloyatining Navbahor tumanida sodir bo‘lgan. Nazorat tadbirlari davomida to‘xtatilgan Damas avtomashinasi salonida 23 nafar bola va 2 nafar tarbiyachi borligi aniqlangan.

Fuqaro maxsus uskuna yordamida ko‘rikdan o‘tkazilgach, mast holatda ekani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, uning haydovchilik guvohnomasi ham, avtomobilni boshqarish huquqi ham yo‘qligi aniqlangan.

Unga nisbatan tegishli tartibda chora ko‘rilgan holda transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga joylashtirilgan.

Mavzuga oid