Sog‘lom hayot | 19:31 / 18.09.2025
3400
5 daqiqa o‘qiladi

Sog‘lik yoki tejamkorlik: eski va tor kiyimlardan nega voz kechish kerak?

Odamlarning aksariyati yillar davomida kiyib kelayotgan eski liboslarini tashlab yubormaslik yoki ular biroz toraygan bo‘lsa ham kiyib yuraverishga odatlangan. Aslida kiyim faqat tashqi ko‘rinish vositasi emas, u insonning umumiy salomatligi, kayfiyati va jamiyatda o‘zini tutishiga ham ta’sir ko‘rsatuvchi ifoda. Har kim o‘ziga yoqqan uslubda kiyinadi, biroq juda eski yoki tor liboslar organizm uchun ko‘rinmaydigan xavflarni keltirib chiqarishi mumkin.

Foto: Getty images

Eski kiyimlar

Jamiyatimizda eski kiyimni tashlab yuborishga “isrof” deb qaraladigan tushuncha shakllangan. Bu tejamkorlik va oila mablag‘ini maqsadli iqtisod qilish bilan ifodalansa-da, salomatlik nutqai nazaridan salbiy oqibatlarga ega. Xususan, bir necha yil davomida kiyilgan kiyimning matosida ko‘zga ko‘rinmaydigan miqdorda chang, bakteriya, zamburug‘ va teridan ajraladigan yog‘ qoldiqlari asta-sekin to‘planib boradi. Ularni qayta-qayta yuvish ham doimo gigiyena talablarini to‘liq ta’minlay olmaydi. Buning sababi shundaki:

  • teri yog‘i va ter qoldiqlari mato tolalari orasiga chuqur singib ketadi, ularni oddiy sovun yoki past haroratda yuvish bilan butunlay yo‘q qilish qiyin;
  • bakteriyalar va zamburug‘lar nam va issiq sharoitda tez ko‘payadi. Agar kiyim yaxshi quritilmasa, ular mato yuzasida uzoq yashab qoladi;
  • eski kiyim tolalari vaqt o‘tishi bilan yumshab, kichik yoriqlar va bo‘shliqlar hosil qiladi. bu joylarda mikroblar yanada mustahkam joylashib oladi;
  • chang va allergenlar (changjon, gulchang, hayvon tuklari) ham matoga singib qolib, oddiy yuvganda to‘liq ketmaydi. Bunday kiyimlarni tez-tez kiyish teri kasalliklari, allergiya, qichishish, husnbuzar, qo‘tir yoki zamburug‘li infeksiyalarni qo‘zg‘atishi mumkin.

Vaqt o‘tishi bilan kiyim matosining sifati keskin pasayadi. Yuvish va dazmollash jarayonida tolalari yupqalashib, havo o‘tkazish qobiliyati yo‘qoladi. Bu esa terining nafas olishini qiyinlashtiradi, ayniqsa, yoz kunlari terlashni kuchaytirib, badandan yoqimsiz hid tarqalishiga turtki bo‘ladi.

Eski kiyimning psixologik ta’sirini ham unutmaslik kerak. Juda “ko‘hna” liboslarni kiyish odamda o‘ziga bo‘lgan ishonchni pasaytirishi mumkin. Inson ko‘pincha tashqi ko‘rinishidan kuch oladi: toza, ozoda va zamonaviy kiyimda yurish kayfiyatni ko‘taradi, odamga o‘zini erkinroq tutish imkonini beradi. Juda eskirgan, shakli buzilgan kiyimni kiyish odamni noqulay ahvolga soladi.

Tor liboslar

Tor kiyim qon aylanishini buzadi. Belni siqib turadigan shim yoki tor belbog‘(remen) oyoqlarda qon oqimini sekinlashtiradi, natijada shish paydo bo‘ladi va varikoz tomirlari rivojlanishi mumkin.

Shuningdek, juda tor kiyimlar ichki a’zolarga ham bosim qiladi. Oshqozon va ichak faoliyati sekinlashib, ovqat hazm qilish qiyinlashadi, bu esa gastrit va boshqa kasalliklarni qo‘zg‘atishi ehtimoli bor.

Ayollar uchun xavf yanada ko‘proq. Tor jinsi va sintetik matoli kiyimlar intim sohada havo almashinuvini to‘sib qo‘yadi, mazkur holat zamburug‘li kasalliklarning tez-tez paydo bo‘lishiga olib keladi.

Bundan tashqari, belni qattiq siqadigan korset yoki jismoniy erkinlikni cheklaydigan kiyimlar umurtqa pog‘onasiga ortiqcha bosim beradi. Bu esa bel og‘riqlari, skolioz va noto‘g‘ri yura boshlash kabi oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Eski yoki tor kiyimlarni kiyish inson salomatligiga sezdirmasdan katta zarar yetkazadi. Gigiyenik muammolar, qon aylanishi buzilishi, ichki a’zolarga bosim va psixologik noqulaylik kabi xavflarni bila turib, salomatlikni moda yoki tejamkorlik uchun qurbon qilish – arzimaydi. Sog‘lom kiyinish madaniyatini shakllantirish esa har birimizning shaxsiy tanlovimizdan boshlanadi.

Kiyimlarni qanday tanlash kerak?

Ko‘p hollarda biz kiyim tanlashda narxiga yoki rangi va modasiga e’tibor qaratamiz. Aslida matoning tarkibi, havo o‘tkazish qobiliyati va teriga zarar yetkazmasligi eng muhim omillardir. To‘g‘ri tanlangan kiyim qulaylik beradi, odamning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi, sog‘lig‘ini asraydi. Shu sababli inson o‘ziga mos, erkin harakat qilish imkonini taqdim etadigan, matosi tabiiy hamda qulay kiyimlarni tanlashi lozim. Ayniqsa, bolalar, o‘smirlar kiyimida erkinlik va qulaylik birinchi o‘rinda turishi lozim. Chunki bu yoshda organizm tez rivojlanadi va tor kiyimlar sog‘lom o‘sishga to‘sqinlik qilishi mumkin.

Juda eski kiyimlarni yillar davomida kiyish o‘rniga, ularni qayta ishlashga berish ancha foydali hisoblanadi. Bu nafaqat gigiyenik, balki ekologik va ijtimoiy yordam nuqtayi nazaridan ham to‘g‘ri qaror bo‘ladi.

Diyoraxon Nabijonova

Mavzuga oid