Jahon | 20:27 / 21.09.2025
5732
3 daqiqa o‘qiladi

«Tolibon» Trampning Bagrom aviabazasini qaytarish talabini rad etdi

Bayonotda aytilishicha, AQSh avvalroq Dohada imzolangan kelishuv doirasida «Afg‘onistonning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatish bilan tahdid qilmaslik va mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslik» majburiyatini olgan.

Foto: AFP

Afg‘onistondagi hukmron «Tolibon» harakati rasmiy vakili Zabihullo Mujohid Trampning Bagrom aviabazasini Qo‘shma Shtatlarga qaytarish haqidagi talabiga javoban «mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslikni» maslahat berdi. AQSh harbiylari ushbu aviabazani 2021 yilda tark etgan edi.

Bayonotda aytilishicha, AQSh Dohada imzolangan kelishuv doirasida «Afg‘onistonning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy mustaqilligiga qarshi kuch ishlatish bilan tahdid qilmaslik va mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslik» majburiyatini olgan.

«Shuning uchun ular o‘z majburiyatlariga sodiq qolishlari zarur», deb eslatdi «Tolibon» vakili.

Shuningdek, u Afg‘oniston «barcha davlatlar bilan o‘zaro va umumiy manfaatlar asosida konstruktiv munosabatlar o‘rnatishga intilayotganini» aytib, AQShga «o‘tmishdagi muvaffaqiyatsiz yondashuvlarni takrorlash o‘rniga realizm va ratsionallik siyosatiga amal qilishni» tavsiya etdi.

Mamlakat Mudofaa vazirligi shtabi rahbari Fasihuddin Fitrat so‘zlariga ko‘ra, «ba’zi odamlar» bazani «siyosiy kelishuv» orqali qaytarib olmoqchi.

«Afg‘onistonning bir qarich yeri uchun ham bitim tuzish mumkin emas. Bizga buning keragi yo‘q», dedi u.

Politico nashrining yozishicha, AQSh Afg‘oniston hukumati bilan amerikalik harbiylarni mamlakatga qaytarish bo‘yicha qanday muzokaralar olib borayotgani ma’lum emas.

Avvalroq, Donald Tramp keskin bayonot bilan chiqib, Afg‘onistondan amerikaliklar tomonidan qurilgan Bagrom aviabazasini Qo‘shma Shtatlarga qaytarishni talab qilgan edi.

«Agar Afg‘oniston AQSh tomonidan qurilgan Bagrom aviabazasini qaytarib bermasa, yomon narsalar sodir bo‘ladi», deb yozdi Oq uy rahbari o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

AQSh harbiylarini Afg‘onistondan olib chiqib ketish to‘g‘risida Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddati paytida mamlakat rasmiylari bilan kelishib olgan edi, biroq qo‘shinlar Jo Bayden davrida butunlay chiqib ketdi.

2021 yil avgustida AQSh qo‘shinlarining asosiy qismi chiqib ketishi va eng yirik harbiy bazalar yopilishi ortidan «Tolibon» darhol Afg‘onistonda hokimiyatni egalladi.

Tramp sobiq prezident Jo Bayden ma’muriyatini Bagrom aviabazasini toliblarga «topshirib», Xitoyga nazorat o‘rnatish imkonini berganlikda bir necha bor ayblagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid