Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Avtomobil importida yangilik va ommaviy plogging eko-aksiyasi – mahalliy dayjest
O‘zbekistonga import qilinadigan mashinalarni ekologik sertifikatlash bekor qilinadi. O‘zbekistonlik sportchi 24 yildan keyin yunon-rum kurashi bo‘yicha jahon chempionatida oltin medal oldi. Xizmatlar narxi sezilarli qimmatlagani ma’lum bo‘ldi. Tadbirkor tanqidiy fikri uchun jazolanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Butunjahon tozalik kunida ommaviy plogging eko-aksiyasi o‘tkazildi. Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
O‘zbekistonga import qilinadigan mashinalarni ekologik sertifikatlash bekor qilinadi
«Respublikada g‘ildirakli transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligini baholash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekistonga olib kiriladigan M (yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan yengil avtomobillar va avtobuslar) va N (yuk tashish uchun mo‘ljallangan avtomobillar) toifasidagi g‘ildirakli yangi transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligini ekologik sertifikatlash bekor qilinadi.
Ushbu toifalardagi g‘ildirakli transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligi umumiy texnik reglament talablari asosida baholanadi.
Elektr dvigatellar bilan jihozlangan g‘ildirakli transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligi baholanmaydi.
O‘zbekiston 24 yildan keyin yunon-rum kurashi bo‘yicha jahon chempionatida oltin medal oldi
Xorvatiyaning Zagreb shahrida o‘tayotgan sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionatida yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Aytjan Xalmaxanov oltin medalni qo‘lga kiritdi.
-63 kg vazn toifasida bahs olib borgan Xalmaxanov hal qiluvchi bellashuvda janubiy koreyalik Chung Xan-Jeni mag‘lub etdi.
Bu so‘nggi 24 yil ichida yunon-rum kurashi bo‘yicha dunyo birinchiligida o‘zbekistonlik atletlarning qo‘lga kiritgan dastlabki oltin medali bo‘ldi.
O‘zbekiston terma jamoasi mazkur musobaqada 1 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medalini jamg‘arishga erishdi.
Xizmatlar narxi sezilarli qimmatlagani ma’lum bo‘ldi
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida haydovchilik kurslari narxi rekord darajada (71,3 foiz) qimmatladi. Bu davrda asosan xizmatlar – davlat bog‘chalaridan tortib, kommunal xizmatlar, havo transporti narxlari sezilarli oshdi. Yuqori inflatsiyali elementlar ham shu guruhga oid – 48 foiz.
Jumladan, haydovchilik kurslari narxi 71,3 foizga oshdi. Shuningdek, ichki yo‘lovchi havo transporti xizmatlari 59,5 foizga, tarmoq gaz 39,2 foizga, sovuq suv 34,1 foizga, chiqindi tashish 23,9 foizga, davlat bog‘chalari xizmatlari 21 foizga qimmatladi.
Umumiy yillik inflatsiya 2022 yilda 12,3 foiz bo‘lgan; 2023 yilda pasayib, 8,8 foiz, 2024 yilda biroz oshib, 9,8 foiz, 2025 yil avgust holatida yana 8,8 foizga tushgan.
Hisobot davrida oziq-ovqatlar tarkibida sabzi (69,1 foiz) karam (46,5 foiz) va piyoz (40,1 foiz) narxi eng tez o‘sgan mahsulot bo‘ldi. Nooziq-ovqat mahsulotlari narxi biroz pasaygan. Xususan, propan -6,1 foizga, qog‘oz A4 -4,6 foizga, oshxona texnikasi -3,3 foizga arzonlagan.
Tadbirkor tanqidiy fikri uchun jazolanishiga yo‘l qo‘yilmaydi
Qurilish sohasidagi korrupsiya haqida fikr bildirgan tadbirkor Usmonjon Abdusamatovga nisbatan bosim bo‘layotgani to‘g‘risida tarqalgan habarlar bo‘yicha holat Biznes-ombudsman tomonidan nazoratga olindi.
«Tadbirkor bildirgan tanqidiy fikri uchun jazolanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Mazkur holat Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorga nisbatan ta’qib sifatida baholanadi. Har bir tadbirkorning erkin faoliyat yuritishi va ularning huquqlariga rioya etilishi qonun bilan kafolatlangan», deyiladi xabarda.
Avvalroq, tadbirkor Usmonjon Abdusamatov Toshkentda qurilish uchun ruxsatnomalar va kadastr hujjatlarini olish bilan bog‘liq korrupsiyaviy «xarajatlar» haqida gapirgandi. Shundan so‘ng Qurilish vazirligi uning ustidan IIVga shikoyat qildi.
Biznes-ombudsman barcha davlat organlarini tadbirkorlarning fikrlarini tinglash va biznes yuritishga to‘sqinlik qiluvchi muammolarni hal etish bo‘yicha konstruktiv yechimlarni birgalikda izlashga chaqirdi.
Butunjahon tozalik kunida ommaviy plogging eko-aksiyasi o‘tkazildi
Respublikaning barcha hududlarida 20 sentabr — World Cleanup Day («Butunjahon tozalik kuni») munosabati bilan «Hayot uchun joy ajrating» shiori ostida ommaviy plogging eko-aksiyasi o‘tkazildi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda uning huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan o‘tkazilgan xalqaro aksiya davomida hududlar jami 55,7 tonna chiqindidan tozalandi.
Aksiya davomida vazirlik va agentlik mutasaddilari, sektorlar mas’ullari, Toshkent viloyati va shahri boshqarmalari hamda tizim tashkilotlar vakillari, yoshlar, eko-faollar, ommaviy axborot vositalari vakillari Toshkent dengizi sohilidagi belgilangan hududni chiqindilardan tozaladi.
Mavzuga oid
22:46 / 05.12.2025
Yangi energetika quvvatlari va Gulistondagi portlashdan so‘ng qamoqqa olinganlar - mahalliy dayjest
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025
Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest
23:11 / 02.12.2025