Jahon | 23:07 / 23.09.2025
4185
2 daqiqa o‘qiladi

Falastin davlatining tan olinishi HAMAS uchun mukofot bo‘ladi – Tramp

Oy uy rahbari Falastin davlatini bir tomonlama tan olayotgan davlatlarni qoraladi.

Foto: Reuters

Donald Tramp Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasida so‘zga chiqib, G‘azo sektoridagi urushni zudlik bilan to‘xtatishga va HAMAS tomonidan garovga olingan barcha odamlarni ozod qilishga chaqirdi.

«Afsuski, HAMAS tinchlik haqidagi oqilona takliflarni bir necha bor rad etdi. Endi BMT ba’zi a’zolari mojaroning davom etishini rag‘batlantirgandek, Falastin davlatini bir tomonlama tan olishga intilmoqda. Bu HAMAS terrorchilarining vahshiyliklari uchun juda katta mukofot. Bu o‘sha dahshatli yovuzliklar, jumladan, 7 oktyabr voqealari uchun mukofot bo‘lardi», dedi Oq uy rahbari.

Trampning fikriga ko‘ra, HAMASni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, jahon hamjamiyati "bitta chaqiriq bilan birlashishi" kerak.

«Garovdagilarni hoziroq ozod qiling, shunchaki garovdagilarni ozod qiling. G‘azodagi urushni zudlik bilan to‘xtatishimiz kerak. Biz zudlik bilan muzokaralarni boshlashimiz kerak. Biz sulh tuzish haqida kelishib olishimiz kerak», dedi u.

BMT Bosh Assambleyasi arafasida bir qator davlatlar, jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Avstraliya va Portugaliya Falastin davlatchiligini tan olganini e’lon qildi. Umuman olganda, BMTga a’zo 193 davlatdan 145 dan ortig‘i Falastinni tan olgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid