O‘zbekiston | 13:32 / 23.09.2025
8526
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish tartibi belgilandi

Ro‘yxatga olish tadbiri «mahalla yettiligi» tizimi xodimlarini 2025 yil 15 dekabrdan 2026 yil 1 martgacha bo‘lgan davrda jalb etish orqali o‘tkaziladi. Ushbu ishlar uchun davlat budjetidan 72,5 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: stat.uz

«O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026 yil 15 yanvardan 28 fevralga qadar o‘tkaziladi. Ro‘yxatga olish tadbiriga «mahalla yettiligi» tizimi xodimlari 2025 yil 15 dekabrdan 2026 yil 1 martgacha bo‘lgan davrda jalb etiladi.

Davlat organlari va tashkilotlari 2026 yil 15 yanvardan 31 yanvargacha o‘z tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarning census.stat.uz portalida ro‘yxatdan o‘tishini ta’minlaydi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi respublikadagi barcha maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari, shuningdek, davlat nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ularning filiallarida o‘qiyotgan talabalarning ushbu portalda ro‘yxatdan o‘tishiga ma’sul bo‘ladi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Mudofaa vazirligi. FVV, Milliy gvardiya, IIV, DXX, TIV, SSV va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2025 yil 1 noyabrdan aholining ayrim toifalarini ro‘yxatga olish ishlarini boshlaydi.

Ro‘yxatga oluvchi sifatida ishtirok etadigan «mahalla yettiligi» tizimida ishlovchi xodimlar va boshqa jalb etiladigan xodimlar Jahon banki ishtirokida amalga oshirilayotgan «O‘zbekistonda statistika tizimi salohiyatini mustahkamlash» loyihasi doirasida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir yarim baravari (soliqlar va boshqa to‘lovlarni hisobga olgan holda) miqdorida bir martalik rag‘batlantiriladi.

Rag‘batlantirish to‘lovlari tegishli vazirlik, idora va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining so‘rovnomasiga asosan Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan moliyalashtiriladi.

Ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi. Bunda Milliy statistika qo‘mitasi Respublika komissiyasining ishchi organi etib belgilandi.

Ushbu ishlar uchun davlat budjetidan 2025 va 2026 yillarda 72,5 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid