Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp BMT Bosh Assambleyasida iqlim inqirozini «eng katta firibgarlik» deb atadi
Agar siz bu «yashil firibgarlikdan» voz kechmasangiz, mamlakatingiz muvaffaqiyatsizlikka uchraydi, dedi Oq uy rahbari.
AQSh prezidenti Donald Tramp iqlim inqirozini «eng katta firibgarlik» deb atadi. U BMT Bosh Assambleyasida tegishli bayonot bilan chiqdi.
«BMT va boshqa ko‘plab tashkilotlar tomonidan ko‘pincha yomon niyatlarda qilingan bu bashoratlarning barchasi noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Ularni o‘z mamlakatlariga qimmatga tushgan va bu mamlakatlarni muvaffaqiyat qozonish imkoniyatidan mahrum qilgan ahmoq odamlar yaratgan. Agar siz bu «yashil firibgarlikdan» voz kechmasangiz, mamlakatingiz muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Men bunday bashoratlarni juda yaxshi bilaman», dedi Oq uy rahbari.
Tramp shamol elektr stansiyalarini alohida tanqid qildi, chunki ular «foydalanishda qimmat, ularni doimiy ravishda qayta ta’mirlash kerak, ular zanglab, chiriy boshlaydi».
Tramp iqlim inqiroziga shubha bilan qarashi bilan mashhur. U bir necha bor Yerda haroratning ko‘tarilishini tasdiqlovchi tadqiqotlar «manfaatdor odamlar» tomonidan ilgari surilganini ta’kidlagan. Uning ma’muriyatining amaldagi siyosati «yashil» energiya manbalarini rivojlantirishga emas, balki neft, gaz va ko‘mir qazib olishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Tramp davridagi Oq uy iqlim tadqiqotlariga ajratiladigan mablag‘lar miqdorini sezilarli darajada kamaytirdi.
Tramp AQSh prezidenti lavozimini egallaganining birinchi kunida Qo‘shma Shtatlar iqlim bo‘yicha Parij kelishuvidan chiqishi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.