O‘zbekiston | 22:59 / 25.09.2025
4854
5 daqiqa o‘qiladi

Qishloq maktablari uchun yangi loyiha va Toshkent viloyati bog‘chalarida ommaviy zaharlanish – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Gulnora Karimovadan musodara qilingan mablag‘lar qishloq maktablarini yangilashga yo‘naltiriladi

BMT shafeligidagi «Ishonch» jamg‘armasi «Maktablarda iqlim o‘zgarishiga chidamlilik hamda suv ta’minoti, sanitariya va gigiyenani (SSG) modellashtirish» loyihasiga 20 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratishini e’lon qildi. Loyiha rasman 2025 yil 1 oktyabrda o‘z ishini boshlaydi. Eslatib o‘tamiz, jamg‘arma Gulnora Karimovaning Shveytsariyada musodara qilingan pullarini qaytarish (restitutsiya) jarayonini nazorat qilish uchun tashkil etilgan.

Loyihada O‘zbekiston bo‘yicha kamida 45 ta qishloq maktabini ta’mirlash, maktablarda energiya sarfini 30 foizga va dimlangan gazlar chiqindilarini 50 foizga kamaytirish uchun xavfsiz suv, zamonaviy sanitariya, ishonchli isitish tizimlari va ekologik toza energiya bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Toshkent viloyati bog‘chalarida ommaviy zaharlanish yuz berdi

Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka va Quyi Chirchiq tumanlaridagi qator bog‘chalarda bolalar zaharlangani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 24 sentabr kuni davlat bog‘chalari tarbiyalanuvchilari shifoxonalarga tana haroratining ko‘tarilishi, ko‘ngil aynishi va ich ketishi shikoyati bilan murojaat qilgan. Holat nechta bog‘chada kuzatilgani va qancha bola jabrlangani haqida ma’lumot berilmadi.

Bemor bolalarga zarur muolajalar amalga oshirilgan, shu kunning o‘zida ularning aksariyatiga sog‘lig‘i yaxshilangani tufayli uylariga javob berilgan, og‘ir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagan.

Holat yuzasidan 25 sentabr kuni Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 257-1-moddasi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Maktab o‘qituvchilaridan B2 til sertifikatini talab qilish muddati 2026 yilgacha uzaytirildi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i bilan maktablarda xorijiy til o‘qituvchilaridan kamida B2 darajadagi til sertifikatini talab qilish muddati 2026 yilgacha uzaytirildi.

Qayd etilishicha, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat olib borayotgan barcha chet tili o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozimligi talabini saqlab qolgan holda, istisno tariqasida, amalda faoliyat olib borayotgan va talab darajasidagi sertifikatga ega bo‘lmagan pedagoglar 2025 yil yakuniga qadar (joriy o‘quv yilining 1- va 2-choragi davomida) ishini davom ettirishi mumkin.

Endi chet tili o‘qituvchilaridan yil yakuniga qadar chet tili bo‘yicha milliy hamda xalqaro sertifikat imtihonlarida ishtirok etishi to‘g‘risida tilxat olinadi.

«Navoiyazot» zavodining ammiak sexi faoliyati sud qarori bilan vaqtincha to‘xtatildi

Ekologiya vazirligi xabariga ko‘ra, Navoiy shahri va Karmana tumani atrofidagi atmosferaga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi 22 ta korxona yoki sex faoliyatini to‘xtatish yuzasidan iqtisodiy sudlarga da’vo arizalari kiritilgan. Mazkur da’vo arizalaridan 20 tasi Karmana tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, 19 tasi qanoatlantirilgan.

Jumladan, sud qarori bilan «Navoiyazot» zavodining 23-sexi (ammiak) faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan. Shuningdek, Karmana tumanida joylashgan «Sogda kimyo zavod»iga qarashli uchta sex faoliyatiga ham Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qaroriga asosan vaqtincha chek qo‘yilgan.

Reyd tadbiri davomida 92 ta noqonuniy, ya’ni qo‘lbola usulda qurilgan ohak pishirish xumdonlari aniqlanib, tegishli tashkilotlar ishtirokida to‘liq buzdirilgan.

Ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarni noqonuniy betonlashtirganlar jazolanadi

Qonunchilik palatasi yalpi majlisida atrof-muhit, hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Qonun loyihasi bilan chiqindilarni olib chiqib ketish choralarini ko‘rmaganlik va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirmaganlik, ko‘p kvartirali uyga tutash tuproq va yashil qoplamali yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan betonlashtirganlik hamda aholi punktlari va shahar markazlarida oldindan mavjud bo‘lgan ariqlar, irrigatsiya tizimlarini o‘zboshimchalik bilan ko‘mib tashlaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.

O‘rmon fondi yerlarini qonunga xilof ravishda berish va ularda bino-inshootlar va imoratlarni qurish uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.

Mavzuga oid