Jahon | 20:42 / 26.09.2025
11678
5 daqiqa o‘qiladi

Makron va Erdo‘g‘anni Nyu-Yorkda nega politsiya to‘xtatdi?

Bilasizmi, butun boshli Fransiya prezidentining korteji politsiya tomonidan to‘xtatilishi, unga Amerika prezidenti ham yordam berolmasligi mumkin ekan. Emmanuel Makron Amerikada shu holatga tushdi. Yetmaganiga politsiya Turkiya prezidenti Erdo‘g‘anga ham shunaqa muomala qildi. Qizig‘i, bu ikki lider BMTda Falastin davlati tashkil etilishi haqida gapirgach, shunday «sarguzasht»ga duch keldi. Quyida shu haqda.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Makron piyoda ketishga majbur bo‘ldi

Nyu-Yorkda BMT bosh assambleyasining navbatdagi sessiyasi qiziq voqealarga boy bo‘ldi. O‘zbekiston uchun ayniqsa samarali kechgan sessiya mehmonlari odatda oddiy odamlar duch keladigan holatlarga tushib qolishdi. Masalan, Fransiya prezidenti Makron BMT Bosh assambleyasidan chiqib mamlakat kunsulligi tomon ketayotganida uning kortejini politsiya to‘xtatdi.

Makronning bu holatdan jahli chiqmadi, shunchaki hayron qolib yo‘lni yopib turgan nyu-yorklik politsiya ofitseri bilan gaplashdi. Ofitser hushmuomalalik bilan Makronga barcha yo‘llar yopiq ekani, uning mashinasini o‘tkazib yubora olmasligini tushuntirdi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, yo‘lni Donald Tramp korteji uchun yopib qo‘yishgan ekan.

Qarasa, amerikalik «GAI» hech gapga tushunmayapti, shunda Makron masalani «o‘zbekchasiga» hal qilishga kirishdi. Faqat «GAI»da ishlaydigan kattaroq tanishi yo pochchasiga emas, birato‘la Amerikadagi eng jiddiy tanishi — Donald Trampga qo‘ng‘iroq qildi. «Bilasizmi, mister prezident, men tirbandlikda turibman, barcha yo‘l siz o‘tishingiz uchun yopiq», dedi Makron kulib Trampga.

Lekin Tramp ham Makronga yordam berolmadi, uning kortejini o‘tkazishmadi. Keyin Makron Nyu-York ko‘chalari bo‘ylab yarim soat atrofida piyoda ketishga majbur bo‘ldi. Lekin Fransiya prezidenti bu holatdan xafa bo‘lmadi, qaytanga ajoyib samimiy fotogalereya qahramoniga aylandi, odamlar bilan rasm tushdi.

Endi eng qizig‘iga keldik. Bilasizmi, Makron bu sarguzashtni boshidan o‘tkazishidan avval BMTda nima haqida nutq so‘zlab keldi? Fransiya Falastin davlatini tan olishi bo‘yicha. Endi tushungandirsiz gap nimada ekanini? Fransiya Falastinni tan olishi haqida gapirgani Makronning «probka»da qolib ketishiga qanchalik bog‘liq ekanini bilmadim, lekin Amerika Isroilning asosiy ittifoqchisi va bu davlat mavjudligining bosh sababchisi ekani aniq. Isroil esa Falastin davlati tuzilishi mumkin emas deb hisoblab, Falastinni tan olgan davlatlarga tahdid qilmoqda.

Bezbetlikni qarang, Falastin davlati yerlarini bosib olayotgan Isroilga davlat tuzish mumkin ekan-u, Falastin yerlarida yashayotgan Falastinga o‘z davlatini tuzish mumkin emaskan. Nimaga deb so‘rasangiz, «Bu yerlarni bizga Xudo bergan», degan miflarini boshlashadi...

Agar Makron Falastinni tan olgani uning korteji to‘xtatilishiga bog‘liq emas desangiz, navbatdagi voqeaga e’tibor bering: Nyu-York politsiyasi yana Trampning kortejini o‘tkazib yuborish uchun endi Turkiya prezidenti Rajab-Toyyib Erdo‘g‘anni yo‘ldan o‘tkazmadi. Politsiya ochiqchasiga Erdo‘g‘anning yo‘lini temir to‘siq bilan to‘sdi. Erdo‘g‘an ofitserlarni chetga surib o‘tib ketmoqchi bo‘lganida uni o‘tkazishmadi. Orada Erdo‘g‘anning qo‘riqchilari va mahalliy politsiya zobitlari yoqalashishgacha bordi. O‘zi Erdo‘g‘anning qo‘riqchilari Nyu-Yorkda janjallashishi yangilik emas, bir necha yil avval Turkiya prezidenti qo‘riqchilari namoyishchilar bilan mushtlashgandi.

Erdo‘g‘an Isroilni bir necha marta terror davlat deb atagan, Falastin davlati tuzilishining bosh tashabbuskorlaridan biri. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, Nyu-Yorkka shuncha davlat prezidentlari borgan, lekin Falastinni tan olgan Yevropadagi eng kuchli davlat va NATOdagi eng kuchli davlatlardan birining prezidenti politsiya tomonidan to‘xtatilmoqda. Ruschasiga aytganda, Sovpadeniye? Ne dumayu...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Montaj ustasi — Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid