Moliya | 22:42 / 27.09.2025
4805
2 daqiqa o‘qiladi

Kitobxonlikni qo‘llab-quvvatlayotgan banklar soni 9 taga yetdi

O‘zbekistonda 9 ta tijorat banki nashriyotlar va kitob loyihalari bilan memorandumlar imzoladi. Hamkorlikdagi loyihalar kitobxonlik va moliyaviy savodxonlikni oshirishga xizmat qiladi.

Foto: Markaziy bank

2025 yil 24–26-sentabr kunlari Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Bank va ma’rifat” forumi bo‘lib o‘tdi. Aholining moliyaviy savodxonligini oshirish va kitobxonlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan tadbir Markaziy bank, tijorat banklari, Noshirlar assotsiatsiyasi va boshqa tashkilotlar ishtirokida o‘tkazildi.

Tadbir davomida banklar va nashriyotlar o‘rtasida 9 ta hamkorlik memorandumi imzolandi. Ular quyidagilar:

  • Xalq banki va Asaxiy Books;
  • Mikrokreditbank va “IjodNashr”;
  • Sanoatqurilishbank va “Mutolaa” loyihasi;
  • Turonbank va Gutenberg;
  • Aloqabank va Tingla AI loyihasi hamda Cosmos Books;
  • TBC bank va Asian Book House;
  • Milliy bank va “Akademnashr”;
  • InFinBank va “Yangi asr avlodi”;
  • Anorbank va Farengeyt Press.

Hamkorlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali aholining moliyaviy bilimlarini kengaytirishga hissa qo‘shishadi.

Forumning yana bir asosiy yo‘nalishlaridan biri – mahalla kutubxonalari loyihasi bo‘ldi. Bu loyiha – “Kutubxonachi qiz” Telegram-kanali muallifi Shahnoza Navro‘zova Buxoro viloyati Olot tumanida ilk mahalla kutubxonasini ochganidan ilhomlanib, 2024 yilda Markaziy bank va tijorat banklari ishtirokida boshlangan edi. Uning doirasida o‘tgan yilning may oyida Toshkent shahrida 109 ta mahallada kutubxonalar ochilgan. Bugungi kunda mamlakat bo‘ylab ularning soni 116 taga yetgan.

Ushbu tashabbusga 17 ta tijorat banki homiylik qilgan, jumladan Milliy bank 16 ta, Xalq banki 12 ta, Ipak yo‘li banki 9 ta, Turonbank 7 ta kutubxona tashkil etishda ko‘maklashgan. Har bir kutubxonaga mingtadan kitob taqdim etilgan.

Mavzuga oid