O‘zbekiston | 22:59 / 30.09.2025
8085
4 daqiqa o‘qiladi

Bo‘zsuv kanalidagi rangli suv va bolafurush hamshira – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Qashqadaryoda 1,5 mlrd kub metr hajmdagi yerosti gaz saqlash ombori quriladi

Qashqadaryo viloyati Koson tumanida gazni yer ostida saqlash inshooti (GeSI) quriladi. Energetika vazirligi va Xitoyning China National Petroleum Corporation o‘rtasida gazni yer ostida saqlash inshootini barpo etishda dastlabki tadqiqot ishlarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Inshoot «Qorabayir» koni negizida quriladi. Unda 1 mlrd 500 mln kub metr hajmdagi aktiv tabiiy gazni saqlash imkoniyati yaratiladi.

Toshkent viloyatida Bo‘zsuv kanaliga oqizilayotgan rangli oqova suvlar bo‘yicha jinoyat ishi ochildi

Bo‘zsuv kanalining ifloslanishi holati bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan «Toshkent suv ta’minoti» korxonasiga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

Hozir Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 207-moddasi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tergov versiyasiga ko‘ra, «Toshkent suv ta’minoti» ifloslantiruvchi moddalarni tashlaydigan sanoat korxonalari bilan shartnomalar tuzgan, laboratoriya o‘lchovlarini o‘tkazgan va kimyoviy chiqindilarni kanalizatsiya tarmog‘iga rasman qabul qilgan. Shu bilan birga, amaldagi me’yorlar kimyoviy oqova suvlarni kanalizatsiya tizimiga qabul qilishni taqiqlaydi. Jinoyat ishi doirasida 70 dan ortiq tadbirkorlik sub’yektlari tekshirilgan.

Qurilish korxonalari shartnomani bekor qilgan mijozlardan noqonuniy jarima undirayotgani aniqlandi

Ayrim qurilish korxonalari mijozlar bilan imzolangan shartnomalarga qonunchilikka zid bandlar kiritayotgani aniqlandi, deb xabar berdi Raqobat qo‘mitasi.

Xususan, shartnoma shartlarida «agar iste’molchi o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa, qurilish tashkiloti iste’molchi tomonidan to‘langan mablag‘ning yoki shartnoma qiymatining 10 foizi miqdoridagi summani jarima sifatida ushlab qolish huquqiga ega» deb belgilangan.

Raqobat qo‘mitasi bunday talab qonun me’yorlariga zid ekanini ma’lum qildi.

Daraxtzorlarning noqonuniy kesilishi kosmik monitoring orqali aniqlanadi

Prezident farmoniga ko‘ra, 2026 yildan boshlab, kosmik texnologiyalar imkoniyatidan kelib chiqqan holda daraxtzorlarning noqonuniy kesilishini kosmik monitoring orqali aniqlash yo‘lga qo‘yiladi.

Energetika vazirligi tomonidan agentlik bilan birgalikda agentlik imkoniyatlaridan foydalangan holda, «yashil» energetikani rivojlantirish maqsadida 2026 yil 1 oktyabrgacha Surxondaryo viloyatida quyosh panellarini joylashtirish va yuqori samaradorlikka erishish imkoniyati mavjud bo‘lgan maydonlar aniqlanadi.

Transport vazirligi tomonidan temiryo‘llar holatini tezkor nazorat qilishga o‘tish maqsadida, agentlik imkoniyatlaridan foydalangan holda 2026 yil 1 oktyabrgacha Toshkent–Angren yo‘nalishidagi temiryo‘lda aerokosmik monitoring amalga oshiriladi.

Samarqandda hamshira tug‘uruqxonadan chaqaloq o‘g‘irladi va sotib yubordi

Samarqand viloyati, Payariq tumani markaziy shifoxonasi tug‘uruqxona bo‘limi hamshirasi ruhiy nosog‘lom ayolning 3 kunlik qiz farzandini aldov yo‘li bilan o‘g‘irladi.

So‘ngra bolani 5 mln so‘m va 100 AQSh dollariga sotib, pulni o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yubordi. Sud hukmi bilan hamshira 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. 

Mavzuga oid