O‘zbekiston | 23:36 / 14.10.2025
78435
5 daqiqa o‘qiladi

Nikoh shartnomasi targ‘iboti va skuter uchun haydovchilik guvohnomasi – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Prezident nikoh shartnomasi tuzish afzalliklarini targ‘ib qilish kerakligi haqida gapirdi

Nikohdan ajralishda taraflar, ayniqsa, farzandlar og‘ir moddiy ahvolga tushishining oldini olish uchun nikoh shartnomasi tuzishning afzalliklarini targ‘ib qilish lozim. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 14 oktyabrdagi yig‘ilishda ta’kidladi.

Yig‘ilishda mahallalardagi ijtimoiy muhit va yoshlar tarbiyasi bo‘yicha yechim topilishi kerak bo‘lgan bir qator masalalar ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, yil boshidan 32 mingga yaqin oila ajrashib ketgani, 16 ming ota-ona aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgani, oilasi va bolalarini kredit qarzlari bilan tashlab ketish holatlari uchrayotgani, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohlarning salbiy oqibatlari barchani – hokimlar, «mahalla yettiligi», keksalar, butun jamoatchilikni qattiq tashvishga solishi kerakligi qayd etildi.

Skuter uchun haydovchilik guvohnomasi va ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘ldi

1 oktyabrdan boshlab moped va skuterni faqat A toifali haydovchilik guvohnomasi bilan boshqarish mumkin. Bunda transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilishi va davlat raqami bo‘lishi shart.

Yangi talablar yo‘llarda xavfsizlikni oshirish, «avariya»larni kamaytirish va qoidabuzarlikning oldini olishga qaratilgani ta’kidlanmoqda.

«Zakovat-Gambit» shaxmat chempionati o‘tkaziladi

Sovrin jamg‘armasi 620 million so‘mni tashkil etuvchi turnirda ishtirok etishni xohlovchilar uchun ro‘yxatdan o‘tish 14 oktyabr kuni soat 23:59 gacha davom etadi. Unda O‘zbekistonning shaxmatga qiziquvchi fuqarosi ishtirok etishi mumkin.

«Zakovat-Gambit» shaxmat chempionati har yili muntazam o‘tkazib kelinadi. Turnir saralash, yarim final va final bosqichlaridan iborat bo‘ladi. 16 oktyabr kuni ishtirokchilar uchun chess.com platformasida onlayn saralash bosqichi o‘tkaziladi. 21 oktyabr kuni turnirning yarim finali, 22-23 oktyabr kunlari esa final bosqichi o‘tkaziladi.

Soliqlar vaqtida to‘langan mahallalarga «Tashabbusli budjet»da qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Joriy yildan boshlab Soliq qo‘mitasi yer va mol-mulk soliqlarini to‘laganlik darajasiga qarab, «Eng yaxshi soliq to‘lovchi mahalla» reytingini e’lon qiladi.

Bunda 100 talikka kirgan mahallaga «Tashabbusli budjet»ning yangi tizimi bo‘yicha infratuzilma xarajatining 75 foizi budjetdan to‘lab beriladi. Shuningdek, ushbu mahallalarning har biriga qo‘shimcha 2 milliard so‘mdan ajratiladi.

Mahalla hududida sanitariya, ekologiya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning 10 foizi mahalla budjetiga yo‘naltiriladi. Mahallalar budjetiga 2026 yildan boshlab har yili 200 milliard so‘mdan ajratiladi.

Soliq qo‘mitasi «shubhali» tadbirkorlar bilan hamkorlik qilishdan ogohlantirdi

Soliq to‘lovchilar o‘z kontragentlarini (hamkorlarini) tanlashda lozim darajada ehtiyotkor bo‘lishi zarur, deb hisoblamoqda Soliq qo‘mitasi.

Idora «norasmiy iqtisodiy faoliyat yuritib, shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan 7522 ta sub’yekt»ni aniqlagan. Ularni veb-sayt orqali tekshirish mumkin. Ta’kidlanishicha, ro‘yxat muntazam ravishda yangilab boriladi.

Qayd qilinishicha, joriy yilning o‘zida faoliyatida shubhali holatlar kuzatilgan va naqdlashtirish bilan shug‘ullangan 902 ta sub’yekt aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, agar kontragentda norasmiy iqtisodiy faoliyat yuritganlik holatlari aniqlangan taqdirda, soliq organlari ayrim operatsiyalarni e’tiborga olmaslikka hamda to‘lanishi lozim bo‘lgan soliqlar summalarini o‘zgartirishga haqli. Bunday sub’yektlar bilan hamkorlik qilish soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash sifatida qaralishi mumkin.

Mavzuga oid