Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kredit oqibatlari haqida ogohlantirish va pedofilning qo‘lga olinishi - mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Prezident mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga oid qonunchilik hujjatlari loyihasini ishlab chiqishni buyurdi
Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari faoliyatini yanada rivojlantirish va mehnat munosabatlarini yaxshilash bo‘yicha kelgusi vazifalarni muhokama qildi.
Kelgusi yildan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga oid qonunchilik hujjatlari loyihasini ishlab chiqishga Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasini (Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi) ham jalb qilish taklif qilindi.
Ta’kidlanishicha, bu mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilashda xodimlar manfaatini kafolatli himoya qilish bo‘yicha yangicha yondashuv bo‘ladi.
Reklamalarda kredit oqibatlari haqida ogohlantirish beriladi
Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, ayrim kredit tashkilotlari tomonidan agressiv marketing va reklama orqali aholi o‘rtasida bunday moliyaviy xizmatlarning ommalashuvi, natijada esa qarz yukining keskin o‘sishi kuzatilmoqda.
Aksar hollarda bunday qarz mahsulotlari reklama va targ‘ibot materiallarida aholining e’tibori ularni tez va oson tarzda olish imkoniyatiga qaratiladi. Biroq bunday yondashuvlar qarz majburiyatlarining kelgusida keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan moliyaviy xatarlari to‘g‘risida yetarlicha ma’lumot bermasligi oqibatida fuqarolar moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin.
Shu munosabat bilan, Raqobat qo‘mitasi tomonidan Markaziy bank bilan hamkorlikda xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda «Reklama to‘g‘risida»gi qonun 43-moddasiga tegishli qo‘shimchalar kiritish taklif qilinmoqda.
Toshkentda metrobus harakatlanadigan 10 ta ko‘cha nomi ma’lum qilindi
Toshkent shahri hokimligi avtobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘laklar infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha yangilangan rejalarini taqdim etdi.
Qayd qilinishicha, umumiy uzunligi qariyb 51 km bo‘lgan 10 ta yo‘nalishda BRT (Bus Rapid Transit yoki metrobus) tizimi yaratiladi.
Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun 126 mln dollar sarflash ko‘zda tutilmoqda. Avtobuslarning o‘rtacha tezligi 18 km/soatdan 23 km/soatgacha oshishi, intervallar esa 20 dan 8–10 daqiqagacha qisqarishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda ayollar erkaklardan ko‘proq umr ko‘rishi ma’lum bo‘ldi
2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 90 va undan katta yoshdagi odam soni 18915 nafarni tashkil etdi. Qayd qilinishicha, uzoq umr ko‘ruvchilarning 66,3 foizini ayollar, 34,6 foizini erkaklar tashkil etadi.
Shahar joylarida uzoq umr ko‘ruvchilar soni qishloqlarga qaraganda ko‘pchilikni tashkil etadi (shaharda – 56,5 foiz, qishloqda – 43,5 foiz).
Hududlar kesimida uzoq umr ko‘ruvchilar soni Farg‘ona viloyati (2582 nafar) Toshkent shahri (2155 nafar), Qashqadaryo viloyati (2011 nafar), Surxondaryo viloyati (1799 nafar) va Toshkent viloyatida (1740 nafar) yuqori.
Namanganda 7 yoshli qizni zo‘rlagan pedofil ushlandi
Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida 7 yoshli qiz o‘z qarindoshi bo‘lgan katta yoshli erkak tomonidan zo‘rlandi. Ma’lum bo‘lishicha, 1987 yilda tug‘ilgan B.S. 2025 yil 14 oktyabr kuni qizning nomusiga tegib, voqea joyidan yashiringan. Erkak 2 kunlik qidiruvdan so‘ng qo‘lga olingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tuman sudining 2025 yil 16 oktyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi. Erkak bundan oldin ham nomusga tegish jinoyatini sodir qilib, sudlangani ma’lum bo‘ldi.
Mavzuga oid
22:46 / 05.12.2025
Yangi energetika quvvatlari va Gulistondagi portlashdan so‘ng qamoqqa olinganlar - mahalliy dayjest
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025
Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest
23:11 / 02.12.2025