Jahon | 18:18 / 17.10.2025
8272
2 daqiqa o‘qiladi

Vengriya Putinni XJS orderiga ko‘ra hibsga olmasligini ma’lum qildi

Budapesht Putinning Tramp bilan muzokaralari uchun xavfsiz sharoit yaratishga va’da berdi.

Foto: AP

Vengriya Rossiya prezidenti Vladimir Putinni AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish uchun Budapeshtga tashrifi chog‘ida Xalqaro jinoiy sud (XJS) orderi bo‘yicha hibsga olish tahdidi yo‘qligini aytdi. Bu haqda Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto ma’lum qildi.

«Biz bu yerda Vladimir Putinni qabul qilamiz va uning muvaffaqiyatli muzokaralar o‘tkazishi, keyin esa uyiga qaytishi haqida qayg‘uramiz», dedi Siyyarto.

TIV rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Vengriya rasmiylari AQSh va Rossiya prezidentlari xavfsiz va tinch muhitda muzokaralar o‘tkazishi uchun barcha sharoitlarni ta’minlashga tayyor.

Siyyarto, shuningdek, Vengriya Putinning tashrifi va XJS orderi Rossiya prezidentining sammitga borishiga to‘sqinlik qilish-qilmasligi haqida maslahatlashishni rejalashtirmayotganini aytdi. «Bizga hech kim bilan maslahatlashishga hojat yo‘q. Vengriya - suveren mamlakat», deb ta’kidladi u.

AQSh prezidenti 16 oktyabr kuni Vengriyada Rossiya prezidenti bilan uchrashishini e’lon qildi. Muzokaralarning aniq sanasi hali yo‘q.

Vengriya 1999 yilda XJS asoslanadigan Rim statutini imzolagan va ikki yildan so‘ng ratifikatsiya qilgan, biroq 2023 yilda mamlakat rasmiylari Putin tashrif bilan kelsa, uni hibsga olmasligini aytgan edi.

2025 yilda Vengriya hukumati Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni mamlakatga taklif qildi, unga ham XJS orderi berilgan edi. Netanyahuning tashrifi fonida Vengriya Xalqaro jinoiy suddan chiqishini e’lon qildi. 2025 yil oktyabr holatiga ko‘ra, Vengriyaning XJSdan chiqish jarayoni yakunlanmagan.

Putin 2024 yil sentabr oyida Mo‘g‘ulistonga, 2025 yil oktyabr oyida esa Tojikistonga tashrif buyurdi. Bu ikki davlat XJS Rim statutini ratifikatsiya qilgan. Biroq, Rossiya prezidenti qo‘lga olinmadi.

Mavzuga oid