Jahon | 20:48 / 18.10.2025
6901
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Tomahawk raketalari so‘roviga Trampning munosabatini aytdi

Ukraina rahbari «yo‘q» yoki «ha» degan javobni eshitmaganini ta’kidladi.

Foto: Oq uy

Volodimir Zelenskiy Oq uyda Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvi haqida ma’lumot berdi.

U Amerikadan Tomahawk qanotli raketalarini so‘radi, ammo hozircha istagan narsasini olmaganini aytdi, biroq amerikalik hamkasbidan qat’iy rad javobini ham eshitmadi.

«Prezident Tramp «yo‘q» demagani yaxshi, ammo bugungi kunga kelib u «ha» demadi», dedi Zelenskiy NBC News telekanaliga bergan intervyusida.

Zelenskiy, shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlarining uzoq masofaga uchuvchi raketalar bilan jihozlanishi Putinda jiddiy xavotir uyg‘otayotganini aytdi.

«Menimcha, Putin Qo‘shma Shtatlar bizga Tomahawk yetkazib berishidan qo‘rqadi. Menimcha, u haqiqatan ham biz bu raketalarni qo‘llashimizdan qo‘rqadi. U biz uning harbiy nishonlari qayerda joylashganini bilishimizdan xabardor», dedi u.

AQSh va Ukraina prezidentlari 17 oktyabr kuni Oq uyda yopiq muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv yakunida Zelenskiy jurnalistlarga tomonlar qanotli raketalar mavzusida ommaviy bayonot bermaslikka qaror qilganini, chunki AQSh eskalatsiya bo‘lishini istamasligini aytdi.

Tramp ijtimoiy tarmoqlarda Moskva va Kiyevni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga va tinchlik bitimi tuzishga chaqirdi. Axios va CNN manbalariga ko‘ra, Oq uyda bo‘lib o‘tgan yopiq uchrashuvda Tramp Zelenskiyga Tomahawk yetkazib berishdan bosh tortgan va hozir uning ustuvor vazifasi diplomatiya ekanini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid