O‘zbekiston | 15:30 / 21.10.2025
2768
3 daqiqa o‘qiladi

Chiqindilarni boshqarish agentligining vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Foto: Kun.uz 

Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi negizida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzurida Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Agentlik amaldagi shtat birliklarini saqlab qolgan holda davlat muassasasi shaklida tashkil etildi.

Hujjat bilan tasdiqlangan agentlik to‘g‘risidagi nizom quyidagilarni belgilaydi:

  • agentlikning maqomi, asosiy vazifalari va funksiyalari;
  • agentlikning huquq va majburiyatlari;
  • rahbarlarning asosiy funksional vazifalari va majburiyatlari;
  • agentlik faoliyatini tashkil etish, uning respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan o‘zaro hamkorligi tartibi;
  • agentlik va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini moliyalashtirish, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish tartibi.

Agentlikning asosiy vazifalari:

  • chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida yagona normalar, qoidalar va standartlarni ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va joriy etish;
  • chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish;
  • o‘z sohasi bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish, respublika va hududiy dasturlar bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
  • chiqindilar hosil bo‘lishi normativlarini belgilashda va ularni joylashtirish obektlarini tashkil etishda ishtirok etish;
  • jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobga olishning yagona elektron tizimi uzluksiz ishlashini ta’minlash;
  • sohaga xususiy sektorni keng jalb qilish, DXSh bitimlarini amalga oshirishda ishtirok etish;
  • sohani raqamlashtirish, zamonaviy AKTni joriy etish.

Shuningdek, agentlik respublikada maishiy, qurilish, suyuq, toksikologik-kimyoviy, tibbiy va elektron chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini takomillashtirish, ularni qayta ishlash va utilizatsiya qilishning zamonaviy usullarini joriy etish, "nol chiqindi" tamoyilini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi.

Chiqindilarni saralash va qayta ishlash natijasida energiya resurslari, xomashyo va materiallar ishlab chiqarishni tashkil etish orqali respublikada siklik iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Chiqindi poligonlari hududida chiqindilarni yig‘ish, saralash, zararsizlantirish, qayta ishlash, yoqish, utilizatsiya qilish va ko‘mish uchun eko-industrial zonalar tashkil etiladi.

Mavzuga oid