O‘zbekiston | 21:40 / 22.10.2025
4113
5 daqiqa o‘qiladi

«Aqlli shahar» tizimi va soxta raqamlardan qo‘ng‘iroqlarning bloklanishi – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Yil yakunigacha barcha shahar va tumanlarda «Aqlli shahar» tizimi joriy qilinadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda qayd qilinishicha, Xorazm viloyati markazi Urganch shahrida sun’iy intellekt asosida «Aqlli shahar» tizimi ishga tushirildi. Situatsion markaz tashkil qilinib, elektr, gaz, suv, issiqlik ta’minoti, boshqaruv-servis kompaniyalari, transport, yo‘l, obodonlashtirish va chiqindi korxonalari yagona tizimga ulandi. Har bir yo‘nalishdan kelib tushayotgan murojaatlar sun’iy intellekt asosida tahlil qilinib, tezkor kompleks yechim berish yo‘lga qo‘yilgan. Shu orqali yiliga 16 milliard so‘m tejaldi.

Prezident viloyat markazlari va poytaxt tumanlarining barcha hokimlariga Urganchdagi tajribani o‘rganib, yil yakunigacha o‘z hududlarida joriy qilishni topshirdi.

1 yanvardan tuman va shahar hokimliklari yangi tartibda ishlaydi

Prezident farmoniga muvofiq, tuman va shahar hokimliklari faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Farmonga ko‘ra, aholi va tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qilish tamoyilini hayotga to‘liq joriy etish hokimliklarning asosiy vazifasi etib belgilandi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida «Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)» maqomidagi 33 ta hamda Surxondaryo viloyatining qolgan barcha tuman (shahar) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining belgilangan tuman (shahar) bo‘linmalari tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasiga o‘tkaziladi.

Tajriba-sinov davrida hokimlar respublika ijro etuvchi organlarning tuman va shahar bo‘linmalari faoliyati ustidan bevosita rahbarlik qiladi. Hokim o‘rinbosarlarining soni Surxondaryo viloyatida 6 nafar, boshqa tuman va shaharlarda 4 nafar qilib belgilanadi.

Aloqa operatorlari soxta raqamlardan qo‘ng‘iroqlarni bloklay boshladi

Anti-spufing tizimi raqamning haqiqiyligini tekshiradi: agar xalqaro qo‘ng‘iroq aslida O‘zbekiston foydalanuvchisidan emas, balki faqat mahalliy raqam (+998 prefiksi) ostida yashiringan bo‘lsa, tizim bunday qo‘ng‘iroqni avtomatik tarzda bloklaydi.

Firibgarlar soxta raqamlarni bir nechta sxemalar orqali qo‘llaydi. Masalan, ular ko‘pincha xorijdan qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini o‘zbekistonlik abonentning statsionar raqami ostida yashiradi – tizim bu mos kelmaslikni aniqlaydi va qo‘ng‘iroqni bloklaydi.

Firibgarlikdan himoyaning bunday tizimi barcha abonentlar uchun avtomatik ravishda, bepul faollashtirilgan bo‘lib, ulardan hech qanday qo‘shimcha harakat talab qilinmaydi. Hozircha tizim Beeline va Mobiuz tomonidan ishga tushirilgan.

O‘zbek yoshlari uchun «Ming kitob» loyihasi dastlabki 27 ta kitobni taqdim etdi

Jahondagi eng mashhur ilmiy-ommabop kitoblardan 27 tasi «Yoshlar uchun ming kitob» (1000KITOB) loyihasi doirasida o‘zbek tiliga o‘girilib, kutubxonalarga tarqatildi. O‘zbek tili bayrami arafasida taqdim etilgan bu kitoblar to‘plami prezident qarori bilan amalga oshirilayotgan ulkan ma’rifiy loyihaning dastlabki samarasi bo‘ldi.

To‘plamdagi kitoblarning 19 tasi Oksford universitetining «O‘ta qisqa tanishtiruv» turkumiga kiradi va ularning shakli bir xil: odatdagi kitobdan biroz kichikroq. Kitoblarning aksariyatida asliyatdagi muqova dizayni deyarli o‘zgarmagan.

Kitoblarning har biri 3 ming nusxadan, davlat buyurtmasiga asosan chop etilgan bo‘lib, ular respublika bo‘ylab axborot-kutubxona markazlari va davlat oliygohlarining kutubxonalariga beg‘araz tarqatilgan.

Qoidabuzar haydovchilar uchun qat’iy jazo choralari taklif qilindi

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi yo‘llarda og‘ir qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilar uchun jazo choralarini keskin oshirishni ilgari surdi.

Partiyaga ko‘ra, bu yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash va fuqarolar hayotini asrashda muhim qadam hisoblanadi.

Partiyaning asosiy takliflari orasida qoidalarni muntazam buzgan haydovchilar uchun sug‘urta to‘lovlarini oshirish orqali iqtisodiy javobgarlikni kuchaytirish, voyaga yetmaganlar o‘limi bilan bog‘liq hodisalarda jazoni ikki barobar kuchaytirish va ta’lim muassasalari atrofida tezlikni nazorat qilish, tezlikni surunkali oshirgan haydovchilar uchun transportni boshqarish huquqidan mahrum qilish muddatini uzaytirish va mast holatda inson o‘limiga sabab bo‘lganlarni haydovchilik huquqidan umrbod mahrum qilish kabilar bor.

Mavzuga oid