Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Keksalar uchun turizm va maktabda dars soati taqsimoti yangi tartibi – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
O‘zbekistonda aholi ko‘proq valuta sotayotgani ma’lum bo‘ldi
2025 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekiston ichki valuta bozorida xorijiy valutaga bo‘lgan talab va taklifning birdek o‘sishi kuzatilgan. Bu haqda Markaziy bankning ichki valuta bozori sharhida ma’lum qilindi.
Hisobot davrida xorijiy valutaga bo‘lgan talab 42,7 mlrd dollarni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23,5 foiz ko‘p. Valuta taklifi esa (Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmaganda) 34,4 mlrd dollarga yetgan. Bu 2024 yilga nisbatan 24 foizga yuqori.
Jismoniy shaxslar banklarga 15,2 milliard dollar sotdi — bu o‘tgan yilga (11,8 milliard) nisbatan 1,3 baravar ko‘p. Aholi tomonidan valuta sotib olish 23 foizga oshib, 8,5 milliard dollarga yetdi (6,9 milliard dollar edi).
So‘mdagi omonatlar hajmi 23 foizga o‘sib, 205 trillion so‘mga yetgan. Iqtisodiyotning dollarlashuv darajasi ham pasaygan: valuta kreditlari ulushi 41 foizdan 37 foizga, valuta omonatlari 26 foizdan 23 foizga qisqargan.
Ichki turizmda keksalar uchun ijtimoiy chegirmalar paketi ishga tushadi
1–30 noyabr kunlari “Keksalar uchun turizm oyligi” doirasida keksa avlod vakillari uchun joylashish, transport, muzey va ziyoratgoh xizmatlarida maxsus chegirmalar amal qiladi. Tashabbusning maqsadi — keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, dam olishini mazmunli tashkil etish va aholini ichki turizmga yanada jalb qilish.
Imtiyozlar orasida respublika bo‘ylab mehmonxona va pansionatlarda 20 foizgacha ixtiyoriy chegirmalar, Uzbekistan Airways ichki reyslarida chiptalarga 15 foizgacha chegirma, temiryo‘l chiptalari uchun yo‘l haqining tarif qismiga 20 foiz chegirma, muzey va madaniy meros obektlariga kirish chiptalariga 10 foizgacha chegirma, “Vaqf” fondi ziyoratgohlariga kirish uchun 20 foizgacha chegirma bor.
Yangi o‘quv yilidan 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarda bepul o‘qiydi
Prezident qaroriga ko‘ra, 2030 yilgacha 9-sinf bitiruvchilarining texnikumlar bilan qamrovi 29 foizdan 50 foizga, dual ta’lim ulushi esa 9 foizdan 40 foizga yetkaziladi. 2026 yil 1 sentabrdan 9-sinf bitiruvchilari texnikumlarda to‘liq davlat budjeti hisobidan o‘qiydi.
2026 yildan boshlab, bolalarni erta yoshdan kasbga qiziqtirish tizimi joriy etiladi: 5 yoshdan — “Atrofimizdagi kasblar” o‘yinlari; 1–4-sinflar — “Kasblar alifbosi”; 5–6-sinflar — “Kasblar olami”; 7–9-sinflar — “Mening kelajakdagi kasbim”.
2026 yil 1 sentabrdan: 9-sinf bitiruvchilari — bepul (davlat budjeti hisobidan); 11-sinfni bitirgan talabgorlar — to‘lov-kontrakt asosida o‘qiydi.
Maktablarda dars soatlari taqsimoti bo‘yicha yangi tartib tasdiqlandi
Yangi tartibga ko‘ra, soatlar har yili 15 sentabrgacha o‘qituvchilar o‘rtasida ustuvorlik ketma-ketligi asosida taqsimlanadi.
Pedagogik kengash zaruratga ko‘ra qayta taqsimlash qilishi mumkin. Boshlang‘ich sinflarda soat berishda o‘qituvchining boshlang‘ich ta’lim mutaxassisligi yoki metodikasi bo‘yicha ta’limi inobatga olinadi.
Dars taqsimotida ustuvorlik ketma-ketligiga rioya qilinadi. Maktab ma’muriyati dars setkasini shakllantiradi, pedagogik kengash 48 soat ichida ko‘rib chiqadi. Taqsimot qarori 15 sentabrga qadar qabul qilinib, o‘qituvchilarga ma’lum qilinadi. O‘quv yili davomida kadrlarda o‘zgarish bo‘lsa, pedagogik kengash qayta taqsimot qilish huquqiga ega.
Toshkentda tozalik bo‘yicha reydlarda 3,5 ming tonna chiqindi chiqarildi
Toshkent shahrida tozalikni ta’minlash va ekologik me’yorlarga rioya etilishini kuchaytirish maqsadida keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. 15 oktyabrdan boshlab Bosh prokuratura huzurida markaziy shtab, Toshkent shahar hokimligi va tumanlarda esa hududiy shtablar tashkil etildi.
Hamkorlikda olib borilgan reydlar va profilaktik tadbirlar chog‘ida poytaxt hududida chiqindilar bilan bog‘liq 13053 ta huquqbuzarlik holati aniqlandi. Huquqbuzarlarga nisbatan amaldagi tartibda ma’muriy choralar ko‘rildi.
Shu bilan birga, 929 ta maxsus texnika va 7,9 ming xodim jalb etilgan holda 585 ta mahalla hududida tozalash ishlari amalga oshirildi. Natijada 3,5 ming tonnadan ortiq maishiy va qattiq chiqindilar chiqarib olinib, poligonlarga joylashtirildi.
Mavzuga oid
22:46 / 05.12.2025
Yangi energetika quvvatlari va Gulistondagi portlashdan so‘ng qamoqqa olinganlar - mahalliy dayjest
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025
Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest
23:11 / 02.12.2025