Jahon | 12:26 / 29.10.2025
2482
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: YeI Ukrainaga barqaror moliyaviy yordam ko‘rsatishi kerak

Ukraina «yana ikki-uch yillik urushga tayyor» degan gaplar urushning muddati haqidagi bashorat emas, balki Yevropa sheriklaridan barqaror moliyaviy qo‘llab-quvvatlash haqida edi, dedi prezident Volodimir Zelenskiy.

Foto: Nicolas Tucat/AFP/Getty Images

Ukraina o‘n yillab urush olib bormaydi, ammo YeI ma’lum bir muddat davomida Ukraina davlatini barqaror ravishda moliyalashtirib turishi lozim. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy seshanba, 28 oktyabr kuni Kiyevda jurnalistlar bilan suhbatda aytib o‘tdi. U shu tariqa Polsha bosh vaziri Donald Tuskning Ukraina Rossiya bilan yana bir necha yil urishishga tayyor ekani haqidagi so‘zlarini izohladi.

25 oktyabr kuni The Sunday Times nashriga bergan intervyusida Tusk, go‘yoki Zelenskiy bilan oxirgi suhbatida u aytgan gaplariga tayanib, Ukraina «yana ikki-uch yil urushga tayyor»ligini bildirgan edi. Ukraina rahbarining ta’kidlashicha, uning bayonoti urush muddatiga emas, balki sheriklar — xususan, muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish hisobiga — Ukrainaga barqaror moliyaviy yordam ko‘rsatishga oid bo‘lgan.

«Men ularga (Yevropa sheriklariga) aytdim — biz o‘n yillab urush qilmaymiz, ammo siz ma’lum bir vaqt mobaynida Ukrainani barqaror moliya bilan qo‘llab-quvvatlay olishingizni ko‘rsatishingiz kerak. Shu bois shunday dastur bo‘lishi kerak — 2–3 yil. Keling, urg‘u berib aytamanki, 2–3 yil davomida biz Ukrainaga moliyaviy jihatdan barqaror yordam beramiz», — deya Zelenskiyning so‘zlarini keltiradi «Interfaks-Ukraina» agentligi.

Urush bundan oldinroq ham tugashi mumkinligini qayd etgan Zelenskiy, biroq pul baribir kerakligini — tiklanish uchun zarurligini ta’kidladi. «Agar urush bir oydan keyin tugasa, bu mablag‘larni tiklashga sarflaymiz. Agar u bir oyda emas, ma’lum vaqt o‘tgach tugasa, demak, ularni qurolga yo‘naltiramiz. Bizning boshqa choramiz yo‘q», — dedi Ukraina prezidenti.

Mavzuga oid