O‘zbekiston | 21:11 / 31.10.2025
2807
4 daqiqa o‘qiladi

Kuzatilmaydigan iqtisodiyotning o‘sishi va ko‘p qavatli uylarni ta’mirlashga chorak trillion so‘m – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Soyadagi va norasmiy iqtisodiyot ulushi YaIM uchdan bir qismiga yetdi

Iyul–sentabr oylarida O‘zbekistonda rasmiy statistikada to‘liq aks etmaydigan faoliyatlar yig‘indisi — kuzatilmaydigan iqtisodiyot — miqdori yana oshdi. Yanvar–sentabr davri yakunlari bo‘yicha bu sektorning YaIM ulushi 33,3 foizga yetgan, yilning birinchi yarmida 32,9 foiz edi.

Kuzatilmaydigan iqtisodiyot umumiy qiymati - 433,67 trln so‘m (taxminan 36,17 mlrd dollar). U ikki asosiy qismdan iborat: norasmiy sektor (xonadonlar va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan faoliyat) - 333,82 trln so‘m, YaIM 25,6 foizi. Soyadagi sektor (qonunbuzarlik yoki hisobdan yashirish elementi bor faoliyat) - 99,85 trln so‘m, YaIM 7,7 foizi.

Kuzatilmaydigan iqtisodiyotning katta ulushi soliq tushumlari va budjet imkoniyatlariga ta’sir qiladi, mehnat bozori statistikasida ish o‘rinlari va ish haqi bo‘yicha aniq tasavvurni qiyinlashtiradi, ijtimoiy himoya qamroviga ta’sir ko‘rsatadi (rasmiylashmagan faoliyat ishtirokchilari pensiya-sug‘urta tizimlaridan chetda qolishi mumkin).

Isitish mavsumida tabiiy gaz bo‘yicha bazaviy me’yor oshiriladi – eslatma

1 noyabrdan O‘zbekistonda isitish mavsumi boshlanadi. Qonunchilikka ko‘ra, aholi uchun tabiiy gaz iste’moliga tegishli bazaviy me’yor 5 barobarga oshirilib, 500 kub metrga yetkaziladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, noyabr - fevral oylarida har bir oy uchun 500 m³ gacha, mart - oktyabrda esa 100 m³ gacha “bazaviy me’yor” amal qiladi.

Kuz-qish mavsumida iste’mol yuqori bo‘lgan hududlar hisobga olinib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida oktyabrdan fevralgacha oylik me’yor 500 m³ qilib qo‘llanadi.

Shu bilan birga, 2025-2026 yilgi isitish mavsumi oldidan (noyabr oyida) har bir ehtiyojmand oilaga 1 mln so‘mdan moddiy yordam ajratiladi.

Ko‘p qavatli uylarni ta’mirlashga chorak trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida mamlakat bo‘ylab 9 812 ta ko‘p kvartirali uyda ta’mirlash ishlari rejalashtirilib, moliyalashtirish hajmi 244 mlrd so‘mni tashkil etdi. Uylarning tomi, yerto‘lasi, fasadi, kirish yo‘laklari hamda ichki muhandislik tarmoqlari yangilandi.

Energiya tejamkor infratuzilma joriy etilmoqda: 1,5 mingta kodli temir eshik o‘rnatildi, 14,6 ming kv m oynavand framuga yangilandi va 70 mingga yaqin energiya tejamkor chiroq qo‘yildi. Davlat dasturlari va mahalliy budjetlar hisobiga qo‘shimcha 4 mingdan ortiq uyda ham ta’mir ishlari amalga oshirildi.

O‘zbekiston bo‘yicha 42 ta maishiy chiqindi poligoni yopildi

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyot agentligi huzuridagi direksiya respublika bo‘ylab poligonlarni qisqartirish bo‘yicha ishlar olib bordi. 2024–2025 yillarda jami 47 ta poligonda rekultivatsiya va tuproq qatlami bilan yopish ishlari bajarildi, 42 tasining faoliyati butunlay to‘xtatildi.

Agentlik huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi tomonidan turli hududlarda maishiy chiqindi poligonlarini qisqartirish, rekultivatsiya qilish va yerlarni tabiiy holatiga qaytarish ishlari amalga oshirilmoqda.

«Izoh qoldiring, yutasiz» — kiberfiribgarlikning yangi sxemasi paydo bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda «yutuqli o‘yin» va «aksiya»lar niqobi ostida izoh qoldirish yoki havolaga o‘tish orqali qimmatbaho sovg‘a yutish takliflari tarqalmoqda. Maqsad — fuqarolarni ishontirib, shaxsiy va bank ma’lumotlarini qo‘lga kiritish.

Mas’ul idoralar shubhali sahifalarni tekshirganda, bunday «aksiya»lar rasmiy manbalarda qayd etilmagani ma’lum bo‘lmoqda. Fuqarolardan tekshirilmagan havolalarga kirmaslik, shaxsiy ma’lumotlarni kiritmaslik hamda shubhali e’lonlar haqida xabar berish so‘ralmoqda.

Mavzuga oid