Jahon | 22:15 / 01.11.2025
9467
9 daqiqa o‘qiladi

Isroil G‘azoda inson huquqlarini buzmoqda. Shunga qaramay nega AQSh harbiy yordamni to‘xtatmaydi?

Davlat departamenti nazorat idorasining maxfiy hisobotida – Isroil harbiylari inson huquqlariga oid AQSh qonunlarini G‘azoda «yuzlab marta» ehtimoliy buzgani aytiladi. Washington post'ga izoh bergan rasmiylarga ko‘ra, agar bu holat boshqa davlat bilan kuzatilsa, har qanday yordam darhol to‘xtatiladi. Isroil bilan esa bu tartib «boshqacha ishlaydi».

Artilleriya snaryadlarini tekshirayotgan Isroil harbiy zobiti / Foto: AFP

The Washington Post nashri o‘z rasmiy manbalariga tayanib, AQSh hukumatining nazorat idorasi tomonidan tayyorlangan maxfiy hisobotning ayrim tafsilotlarini ochiqladi. Unda aytilishicha, Isroil harbiy bo‘linmalari G‘azo sektorida AQSh inson huquqlari to‘g‘risidagi qonunlarini «bir necha yuz marta» buzgan bo‘lishi mumkin.

Davlat departamentining Bosh inspektor idorasi (Office of Inspector General, U.S. Department of State) tomonidan olingan bu xulosalar – Isroilning G‘azodagi jinoyatlari miqyosini AQSh hukumati darajasida ilk bor tan olgan hisobotdir. Ushbu hisobotga ko‘ra, Isroilning harakatlarida AQShning «Leahy qonunlari» doirasiga kiruvchi holatlar soni juda ko‘p.

"Leahy qonunlari" (Leahy Laws) – bu AQShning inson huquqlarini himoya qilishga oid federal qonunlar majmuasi. Ular AQSh tomonidan xorijiy harbiy va xavfsizlik bo‘linmalariga yordam ko‘rsatishda axloqiy cheklovlar o‘rnatadi.

Foto: WP

Maxfiy hisobot tafsilotlarini oshkor qilgan AQSh rasmiylarining WP nashriga aytishicha, nazoratchi idora topilmalari Isroilning harakatlari yuzasidan haqiqiy javobgarlik bo‘lishiga shubha uyg‘otgan. Buning sababi – jinoiy harakatlar sonining juda ko‘pligi va tekshiruv jarayoni mohiyatan IDFga yon bosuvchi shaklda tashkil etilganidir.

«Men xavotirdaman, chunki mojaroning shovqini pasaygan sayin javobgarlik unutilib ketadi», — degan ilgari Davlat departamentida nazorat idorasini boshqargan Charlz Blaxa.

Isroil bu qonunlarni qanday buzgan?

Isroilning G‘azodagi ikki yillik harbiy kampaniyasi, 2023 yil 7 oktyabrda Hamasning hujumidan keyin boshlangan. Genotsidga aylangan urushda Isroil qariyb 70 000 falastinlikning o‘limiga sabab bo‘lgan. Bu holat "Leahy qonunlari"ning samaradorligini sinovdan o‘tkazdi.

G‘azoda hal etilishini kutayotgan mashhur hodisalar soni ko‘p.

Isroil raketasi teshib o‘tgan World Central Kitchen humanitar tashkiloti mashinasi / Foto: AFP

Ulardan ayrimlari: 2024 yil aprelida Isroil tomonidan World Central Kitchen tashkilotining yetti xodimining o‘ldirilishi; 2024 yil fevralida yordam yuk mashinalari atrofida to‘plangan paytda 100 dan ortiq falastinlikning o‘ldirilishi, yana 760 kishining yaralanishi va boshqalar.

Ërdam olishga to‘plangan falastinliklar

Bayden ma’muriyati o‘tgan yili bu ikki voqeani Kongressga taqdim etgan hisobotda tilga olgan. Biroq AQSh qurollari bu jinoyatlarda ishlatilgan yoki yo‘qligi borasida hali «aniq xulosa chiqarilmagan».

AQSh har yili Isroilga kamida 3,8 milliard dollar miqdorida yordam beradi. So‘nggi yillarda esa bu yordam 3-4 baravar oshdi. Xususan, G‘azodagi urushi davrida, AQSh Isroilga — qiruvchi samolyotlar, jangovar va transport vertolyotlari, bomba, raketa va nishonga olish tizimlaridan iborat 21,7 milliard dollarlik harbiy yordam bergan.

Shu bois Isroil AQSh yordamining jami miqdori bo‘yicha dunyoda eng yirik yordam oluvchi davlat hisoblanadi.

Nega unda Isroilga yordam to‘xtatilmaydi?

Nashrga anonim izoh bergan AQSh rasmiylariga ko‘ra, maxfiy hisobot AQSh yordamini olayotgan xorijiy harbiy kuchlar tomonidan inson huquqlari buzilishlarini tekshirish tartibini tushuntiradi. Isroil uchun maxsus ishlab chiqilgan byurokratik jarayon mavjud. U – Isroilga boshqa inson huquqlari buzilishida ayblanayotgan mamlakatlarga qaraganda ustunlik beradi.

Foto: NYT

Bu tartib – «Israel Leahy Vetting Forum» nomi bilan tanilgan. Unda AQShning yuqori lavozimli rasmiylari ishtirok etadi va u boshqa tekshiruvlarga nisbatan ancha uzoq davom etadi.

Davlat departamentining sobiq amaldori Josh Polning aytishicha, oddiy holatda, bitta amaldorning e’tirozi harbiy bo‘linmaga yordamni to‘xtatish uchun yetarli bo‘ladi. Ammo Isroil holatida esa ishchi guruh «inson huquqlarining qo‘pol buzilishi sodir bo‘lganmi yoki yo‘qmi» degan masalada bir ovozdan kelishuvga kelishi kerak. Bu ishchi guruh tarkibiga AQShning Quddusdagi elchixonasi hamda Yaqin Sharq ishlari byurosi vakillari kiradi. Bu ikki idora esa doim Isroil manfaatlarini himoya qiladi.

Shundan so‘ng, Isroil hukumati hodisa yuzasidan ruxsat bilan jalb etiladi: holat bo‘yicha qanday choralar ko‘rganini bayon etishga chaqiriladi. Agar ishchi guruh inson huquqlarining qo‘pol buzilishi sodir bo‘lgan deb xulosa qilsa, u harbiy bo‘linmani AQSh yordamini olish uchun «nomaqbul» deb topishni tavsiya qiladi. So‘ngra bu tavsiya bo‘yicha Davlat kotibi yakuniy qarorni tasdiqlashi kerak bo‘ladi.

Polning aytishicha, bu murakkab tizim "kutilgan natijalar"ni keltirib chiqarmoqda. «Hozirgacha AQSh aniq dalillar bo‘lishiga qaramay, hech bir isroillik harbiy bo‘linmaga yordamni to‘xtatmagan», — dedi u.

Oq uy va mustaqil inspektorlar kelishmovchiligi

Bayden ma’muriyati inson huquqlarining qo‘pol buzilishida ayblanayotgan isroillik bo‘linmalarga yordamni to‘xtatmagani uchun tanqid ostiga olingan. Tramp ma’muriyati ham Isroil mudofaa kuchlariga nisbatan shunga o‘xshash, «aralashmaslik» siyosatini yuritmoqda. Katta farqi, u – avvalgi ma’muriyatlar kabi «inson huquqlarini AQSh tashqi siyosatining markaziga qo‘yamiz» degan bayonotlarni takrorlamagan.

Vayron bo‘lgan G‘azo xarobalari / Foto: Iordaniya qurolli kuchlari

«Bu masalada Bayden ma’muriyati bilan Tramp ma’muriyati o‘rtasida hech qanday farqni ko‘rmayapman», degan sobiq inspektor Charlz Blaxa.

The Washington Post'ning yozishicha, hokimiyatga kelganidan beri Tramp federal hukumatning mustaqil nazoratchilari bilan ochiq qarama-qarshilikka kirishdi. U prezident tomonidan tayinlangan 17 nafar bosh inspektorni ishdan bo‘shatdi. Tramp bu ishdan bo‘shatishlarni «juda odatiy ish» deb atagan va nazoratchilar «adolatsiz bo‘lgan»ini aytgan.

Bu esa tarixiy normalarni buzish sifatida baholandi. Bosh inspektorlar Vashingtonning ulkan federal byurokratiyasi nazoratchilari hisoblanadi. Ularning vazifasi — isrofgarchilik, firibgarlik va suiiste’molni aniqlash va to‘xtatish, amerikalik soliq to‘lovchilarning o‘nlab milliard dollar mablag‘larini tejashdir.

Isroil va AQSh izoh bermadi

Amaldagi Bosh inspektor idorasi ushbu maqola yuzasidan WP nashriga izoh berishdan bosh tortdi. Biroq o‘zining rasmiy veb-saytida hisobotning mavjudligini tan oldi. «Ushbu hisobot maxfiy ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi va jamoatchilik uchun ko‘rish imkoniyati mavjud emas», deyiladi rasmiy sahifada.

AQSh davlat departamenti va Isroil mudofaa vazirligi hisobot bo‘yicha nashrning izoh va so‘rovlariga javob bermagan.

Foto: AP

Mazkur hisobot Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulh bitimi imzolanishidan atigi bir necha kun oldin yakunlangan. 10 oktabr kungi bitim natijasida tirik qolgan isroillik garovdagilar ozod qilindi, buning evaziga falastinlik mahbuslar qo‘yib yuborildi, Isroil qo‘shinlarining bir qismi chekinib, urushdan vayron bo‘lgan G‘azoga oz bo‘lsa-da humanitar yordamlar kiritila boshlandi.

Texnik jihatdan sulh hali ham kuchda bo‘lishiga qaramay, 28 oktabr – seshanba kuni bu kelishuv imzolangandan buyon eng qonli kun bo‘ldi. Isroil Hamas sulhni buzganini bahona qilib, G‘azoga yana havo zarbalarini berdi. Natijada kamida 104 nafar falastinlik halok bo‘ldi.

Mavzuga oid