Jahon | 14:49 / 01.11.2025
7835
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha bir hafta ichida uchinchi Rossiya samolyotini tutib oldi

Tutib olingan Rossiya razvedka samolyoti Polsha havo hududini buzmagan, ammo ro‘yxatdan o‘tkazilgan parvoz rejasi bo‘lmagan holda uchgan va transponderlari o‘chirilgan bo‘lgan. Bu - bir hafta ichida uchinchi shunga o‘xshash hodisa.

Foto: Artyom Anikeev/Stocktrek Images/picture alliance

Polsha Qurolli kuchlarining Operativ qo‘mondonligi 31 oktyabr kuni ma’lum qilishicha, polyak qiruvchilari Boltiq dengizi ustida bir hafta ichida uchinchi marta Rossiya razvedka samolyotini tutib olgan. «Bu joriy haftadagi uchinchi shunday holat bo‘lib, Rossiya aviatsiyasining Boltiqbo‘yi mintaqasidagi faolligi oshganini tasdiqlaydi», — deyiladi qo‘mondonlikning X (tviter)dagi akkauntida.

Polsha tomonining xabar berishicha, hodisa tongda sodir bo‘lgan. Rossiyaning Il-20 samolyotini tutib olish uchun navbatdagi juft MiG-29 qiruvchilari havoga ko‘tarilgan. «Rossiya samolyoti yana parvoz rejasini taqdim etmasdan va transponderini o‘chirgan holda uchgan, bu esa mintaqada harakat xavfsizligiga potensial tahdid tug‘diradi», — deb yozdi polyak harbiylari. Bayonotda «Polsha havo hududi buzilmagani» alohida ta’kidlandi.

Xabarda aytishlaricha, Polsha armiyasi «to‘liq jangovar tayyorgarlikda» bo‘lib, NATO ittifoqchilari bilan yaqin hamkorlikda Rossiya Federatsiyasining har qanday «provokatsion harakatlari»ga samarali javob bermoqda.

30 oktyabr tongida ham Polsha HHKning ikki MiG-29 qiruvchisi Boltiq dengizida Polsha havo hududi yaqinida Rossiyaning Il-20 samolyotini tutib olgan edi. Shuningdek, ikki kun oldin — 28 oktyabr kuni — o‘xshash holat qayd etilgan: o‘shanda ham Rossiyaning Il-20’i xalqaro suvlar ustida parvoz rejasisiz va transponder o‘chirilgan holda uchgan, ammo Polsha havo hududiga kirmagan. Rossiya Mudofaa vazirligi bu hodisalarga izoh bermadi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida NATO davlatlari havo hududiga dronlar va samolyotlar kirib ketishi holatlarini bir necha bor qayd etdi. Ayrim hodisalar Rossiya bilan bog‘liq.

10 sentabrga o‘tar kechasi 19 ta Rossiya droni Polsha chegarasini kesib o‘tgan, ularning aksariyati Belarusdan uchib kelgan. Tutib olish uchun Polsha va boshqa NATO mamlakatlari qiruvchilari jalb etilgan. Varshava buni RFning ongli hujumi deb baholab, Shimoliy Atlantika shartnomasining 4-moddasiga muvofiq NATO ittifoqchilari bilan maslahatlashuvni so‘ragan. Moskva ayblovlarni asossiz deb atagan.

Mavzuga oid