Jahon | 14:12 / 01.11.2025
2599
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina 2025 yilda RF neft obektlariga 160 ta zarba berdi

2025 yil boshidan beri Ukraina Rossiya hududidagi neft qazib olish va qayta ishlash obektlariga taxminan 160 ta samarali zarba berdi, dedi Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) rahbari Vasiliy Malyuk 31 oktyabr kuni.

Foto: Bürgermeister von Sotschi Andrej Proschunin/Telegram/AFP

Uning aniqlik kiritishicha, sentabr va oktyabr oylarining o‘zida 20 ta obekt urilib, ishdan chiqarilgan: «Jumladan, 6 ta neftni qayta ishlash zavodi, 2 ta neft terminali, 3 ta neftebaza va 9 ta neft quyish stansiyasi».

Malyukka ko‘ra, Ukraina zarbalari natijasida Rossiya ichki bozorida neft mahsulotlari bo‘yicha 20 foizdan ortiq tanqislik, NQZ quvvatlarining 37 foizi to‘xtashi, shuningdek RFning 57 regionida neft mahsulotlari yetishmovchiligi va «yil oxirigacha benzin eksportini taqiqlash» yuzaga kelgan.

Shu bilan birga, ukrain dronlariga samarali qarshi turayotgan tizimlar — Rossiyaning «Pansir» ZRK, dedi SBU rahbari: «Joriy yil boshidan buyon bugungacha dushmanning ‘Pansir’larining 48 foizini yo‘q qildik. Bu — bugungi kunda ustuvor yo‘nalish, uni Ukraina prezidenti belgilab bergan».

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 24 oktyabr kuni Londonda o‘tgan «ko‘ngillilar koalitsiyasi» uchrashuvi doirasidagi matbuot anjumanida AQShni Rossiya neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni butun sektorga kengaytirishga hamda Ukrainaga uzoq masofali Tomahawk raketalarini berish orqali qo‘llab-quvvatlashni oshirishga chaqirdi.

Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Trampning «Rosneft» va «Lukoyl»ga sanksiyalar joriy etish qarorini «katta qadam» deb atadi va shu kabi bosimni butun tarmoqqa qo‘llash zarurligini ta’kidladi: «Bundan tashqari, biz dron va raketalardan foydalangan holda Rossiyaning neft sektorini aniq nishonga olgan o‘z bosim kampaniyamizni olib bormoqdamiz», — dedi u.

Mavzuga oid