Jahon | 11:30 / 03.11.2025
2864
2 daqiqa o‘qiladi

Donald Tramp AQSh va Venesuela urushi ehtimoliga shubha bildirdi

AQSh prezidenti Tramp Venesuela bilan urush ehtimoliga shubha bildirdi, ammo Nikolas Maduroning davlat rahbari lavozimida qolishi kerak emas, deb hisoblaydi. Vashington narkotiklar kontrabandasiga aloqador deb gumon qilingan kemalarga zarbalarni davom ettirmoqda.

Foto: Mark Schiefelbein/AP Photo/dpa/picture alliance

Amerika prezidenti Donald Tramp AQShning Venesuela bilan urush ehtimoliga shubha bildirdi, biroq Nikolas Maduroning mamlakat rahbari sifatidagi kunlari sanoqli, degan fikrda. Tramp bu haqda CBS’ning “60 daqiqa” dasturiga bergan intervyusida aytib o‘tdi, ko‘rsatuv 2 noyabr kuni efirga uzatildi.

Ikki davlat o‘rtasida harbiy harakatlar boshlanishi ehtimoli haqidagi savolga Oq uy rahbari: «Men bunga shubha bilan qarayman. Men shunday deb o‘ylamayman», — deb javob berdi. Maduro yaqin orada hozirgi lavozimini tark etishi yoki etmasligi haqida so‘ralganida esa Tramp: «Men shunday degan bo‘lardim — ha», — dedi.

AKShda narkotik savdosida ayblash xavfi ostida turgan Maduro esa, avvalroq, bu ayblovlar Vashington tomonidan Karakasda “rejim almashishini” majburiy tarzda amalga oshirish va Venesuela neftini qo‘lga kiritish bahonasi sifatida ishlatilayotganini aytgan edi, deb xabar berdi AFP.

2025 yil sentabr oyi boshidan AQSh harbiy kemalari xalqaro suvlarda joylashgan, Vashington versiyasiga ko‘ra Venesuela narkotik kartellari bilan bog‘liq kemalarga bir necha bor zarbalar berdi. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar Venesuela sohillari yaqiniga kichik guruhini joylashtirib, buni narkotik savdosiga qarshi kurash bilan asosladi va Puerto-Rikoga qiruvchilarini yubordi.

Sentyabr o‘rtasida Karakas Venesuelaning hududiy suvlarida “Karib suvereniteti 200” nomli harbiy mashqlarni o‘tkazdi. Reuters va The New York Times (NYT) 7 oktyabr kuni xabar berishicha, Tramp Venesuela bilan munosabatlarni normallashtirish urinishlarini to‘xtatgan. NYT ma’lumotiga ko‘ra, AQSh mojaroni kuchaytirishning bir necha ssenariylarini ishlab chiqqan, shu jumladan Maduroni hokimiyatdan kuch bilan chetlatish variantini ham.

Mavzuga oid