O‘zbekiston | 23:28 / 03.11.2025
24937
4 daqiqa o‘qiladi

To‘ydagi 14 qozon osh uchun jarima, to‘qqiz oyda 1303 o‘lim – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Prezident huzurida yangi kengash va agentlik tashkil etildi

Tahliliy va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash — O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish va rivojlanish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash etib qayta tashkil etildi.

Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi — O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi etib qayta tashkil etildi.

Strategik islohotlar agentligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi — prezident huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi etib qayta tashkil etildi.

To‘qqiz oyda yo‘llarda 1,3 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi

2025 yil yanvar—sentabr oylari davomida mamlakatda 5,9 ming yo‘l-transport hodisasi qayd etildi. Ularda 1,3 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi, yana 4,6 ming fuqaro jarohat oldi.

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan umumiy YTH soni 3,8 foizga kamaygan, halok bo‘lganlar 4,8 foizga qisqargan, jarohatlanganlar 3,5 foizga kamaygan, piyodalar ishtirokidagi avariyalar 5,8 foizga pasaygan.

Pirotexnika bo‘yicha davlat nazorati va jarimalar oshiriladi

Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida «Pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risida»gi qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi. Hujjat pirotexnika vositalari ta’rifi, xavflilik sinflari, aylanma tartibi va davlat nazoratini aniq belgilaydi, shuningdek ma’muriy jazolarni keskin oshiradi.

Senatorlar ta’kidlaganidek, pirotexnika vositalarining qonunga xilof muomalasiga qarshi choralar tizimli ravishda kuchaytirilmoqda. Biroq chetdan noqonuniy olib kirish holatlarini to‘liq cheklash qiyin bo‘lgani uchun cheklov va tartiblarga qonun darajasida aniqlik kiritish zarurati tug‘ilgan.

Ayrim yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun dastlab ogohlantirish beriladi

Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lgan kam ahamiyatli huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish jazosi qo‘llanishini, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etiladigan ma’muriy huquqbuzarliklarning ro‘yxatini hamda bunday texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy jazo qo‘llanishi muddatlari aniq belgilanishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

14 qozon osh uchun jarima

Qashqadaryoda 14 ta qozonda osh tayyorlab, to‘y qilgan erkak jarimaga tortildi. Kun.uz mazkur ish sud hujjati bilan tanishdi. Unda ta’kidlanishicha, 31 yoshli erkak joriy yil 13 oktabr kuni Chiroqchi tumanida katta to‘y marosimini o‘tkazgan. U mehmonlarga 14 ta qozonda taom tayyorlab tarqatgan.

Erkak to‘ylar, oilaviy tantana tadbirlarini o‘tkazish tartibiga rioya etmagani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi 192-1-moddasiga asosan BHM 10 baravari, ya’ni 4 mln 120 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Mavzuga oid