Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Donbass uchun muhim shahar. Pokrovsk frontidagi vaziyat haqida
Ukrainaning Pokrovsk shahri ayni damda frontdagi eng qaynoq nuqta bo‘lib turibdi. Rossiya 300 mingdan ko‘proq odam yashaydigan bu shaharda minglab ukrain qo‘shinlari qurshovda qolganini aytmoqda, Kiyev esa Pokrovsk saqlab qolinishiga ishonyapti. Xo‘sh, shaharda vaziyat qanday? Nega bu kichik shaharni olish uchun ruslar bir necha oydan buyon harakat qilyapti va nega Ukraina nima qilib bo‘lsa ham Pokrovskni saqlab qolmoqchi? Quyida shu haqda.
Donbass uchun muhim shahar
Ukrainaning Donetsk oblastida joylashgan Pokrovsk shahrida 2022 yil hisobi bo‘yicha 350 mingdan ko‘proq odam yashaydi. Hozir tabiiyki shaharda buncha odam yashamaydi. Ruslar Krasnoarmeysk deb ataydigan Pokrovsk Donbassdagi ko‘mir ishlab chiqaradigan markazlardan biri. Urush davrida Pokrovsk Ukraina armiyasi uchun muhim logistika markaziga aylandi. Bu shahar boy berilsa, Slavyansk va Kramatorsk tomon yo‘l ochiladi. Bu Ukraina Donbass nazoratini to‘liq boy berishiga olib kelishi mumkin.
«Ruslar hamma yerda»
Rossiya armiyasi shtab boshlig‘i Gerasimov prezident Putinga «5500 ming VSU askari qurshovda ekani» haqida hisobot bergandi. Bu gaplar qanchalik haqiqatga yaqinligini bilmadim, lekin Pokrovsk mudofaasida Ukraina jiddiy muammoga duch kelganga o‘xshayapti. Ukrain telekanaliga intervyu bergan, shahar uchun janglarda qatnashayotgan harbiylardan birining aytishicha, ruslarni shaharning barcha hududlarida uchratish mumkin. «Pozitsiyalar qo‘ldan qo‘lga o‘tmoqda, ruslar shaharning qaysidir qismida o‘rnashib oldi deb bo‘lmaydi», deb qo‘shimcha qilgan «Gus» chaqiruv nomli harbiy.
Rossiyalik harbiy tahlilchi Ruslan Leviyevning fikricha, Pokrovsk tez orada ruslar tomonidan egallanadi va Kiyev uchun uni saqlab qolish imkonsiz. Shuningdek, Leviyev Mirnograd va Pokrovskdan sharqdagi ukrain qo‘shinlariga ham oson bo‘lmasligini qo‘shimcha qilgan. Rossiya hozir bor e’tiborni Pokrovskni egallashga qaratgan va shu sabab Konstantinovka yo‘nalishida intensivlikni susaytirgani aytilmoqda. Ukrainalik sobiq harbiylar orasida ham Pokrovskni saqlab qolish imkonsiz ekani, harbiylar hayotini saqlab qolish muhimligi borasida chaqiruvlar yangrayapti.
«Saqlab qolamiz»
Ukraina harbiy rahbariyati esa Pokrovskni boy berishni istamayapti. Zelenskiy boshchiligida o‘tgan oxirgi yig‘ilishdan keyin shunday bayonotlar yangradi. Zelenskiy Pokrovsk yo‘nalishida «natija borligini» aytdi, lekin aynan qanday natija ekaniga to‘xtalmadi. Ukraina armiyasi bosh qo‘mondoni general Sirskiy ham o‘z sahifasida harbiylar bilan xarita ustidagi video e’lon qilib, «Pokrovsk va Mirnogradni saqlab qolamiz», deb yozdi.
Desant operatsiyasi
Pokrovsk atrofidagi oxirgi vaqtlarda tarqalgan eng shov-shuvli xabar Ukraina shaharga desant tashlagani bo‘ldi. Ukraina bosh razvedkachisi general Kirill Budanov ham katta ehtimol Pokrovskka borgan. Rus nashrlariga ko‘ra, Ukraina harbiy razvedkasi maxsus kuchlarining 11 nafar harbiysi vertolyotdan Pokrovsk yaqiniga tashlangan va ular o‘ldirilgan. Hozircha buning isboti yo‘q. Shuningdek, rus nashrlariga ko‘ra, bu maxsus guruh «xorijlik harbiylarni evakuatsiya qilish uchun» yuborilgan.
Kiyev hozircha bu desant tashlashdan maqsad nima bo‘lgani, operatsiya qanday yakunlangani haqida ma’lumot bergani yo‘q. Lekin Ukraina butun boshli general Budanovni Pokrovskka yuborganining o‘zi shahar qanchalik muhim ekanini ko‘rsatadi.
Nega?
Xo‘sh, Rossiya Pokrovskni olsa, nima bo‘ladi, ruslar shundog‘am o‘nlab shaharlarni olgan-ku, deyishingiz mumkin. Avvalo Pokrovsk Donetsk mudofaasi uchun juda muhim, uning boy berilishi butun Donbass nazorati qo‘ldan ketishiga olib kelishi mumkin. Agar Rossiya Donbassni kuch bilan bosib olsa, muzokaralarda yanada kuchli pozitsiyada bo‘ladi. Keyin Putin Trampga «Donald, o‘tgan uchrashuvda Kiyev Donbassni tashlab chiqsin, urushni tugatamiz, degandim. Mana, biz Donbassni olib bo‘ldik, endi falon-falon shartlarni bajarishsin», deyishi mumkin bo‘ladi. Muzokaralar bo‘lmayapti-ku, deyishingiz mumkin, lekin bo‘ladi, barcha urushlar oxiri muzokara bilan tugagan.
Ha, azizlar, Pokrovsk urushda burilish nuqtasiga aylanishi mumkin. Biz bu shahar atrofidagi voqealarni diqqat bilan kuzatib, frontdagi vaziyat haqida sizga xabar berib boramiz. Eng ishonchli, tekshirilgan xabarlardan bexabar qolmaslik uchun Kun.uz sahifalariga obuna bo‘ling.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi — Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
09:21
OAV: London Ukrainaga RFning 9 mlrd yevrolik aktivlarini topshirishga tayyor
23:21 / 04.12.2025
Ukraina aholisi 42 milliondan 36 milliongacha kamaydi – OAV
23:00 / 04.12.2025
Amerika delegatsiyasi Zelenskiy bilan uchrashuvni bekor qilgan - OAV
21:45 / 04.12.2025