Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hannover aeroporti dron sabab ishini to‘xtatdi
Germaniyada bir haftadan kam vaqt ichida uchinchi aeroport - Hannover aeroporti - yaqinida dron aniqlanishi tufayli ishini to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Dronni qo‘nishga kirib kelayotgan samolyot pilotlari ko‘rgan.
Foto: Julian Stratenschulte/dpa/picture alliance
Quyi Saksoniya federal hududidagi Hannover shahri aeroporti 5 noyabr kuni kechqurun yaqinida dron aniqlangani sababli 45 daqiqaga ishini to‘xtatdi. Dpa agentligi xabar berishicha, havo bandargohining faoliyati Berlin vaqti bilan soat 22:00 (6 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan 02:00)da vaqtincha to‘xtatilgan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, bu holat qo‘nishga yaqinlashgan avialayner pilotlari dronni ko‘rib, aeroport xodimlariga xabar berganidan keyin sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, dron yaqin atrofdagi sanoat hududi ustidan uchgan.
Natijada uchta samolyotni boshqa aeroportlarga yo‘naltirishga to‘g‘ri keldi. Jumladan, Frankfurt-Mayndan uchib kelayotgan layner Hamburgga (Hannoverdan 152 km) yo‘naltirildi. Qolgan reyslar esa kechikishlar bilan qo‘nish va parvozlarni amalga oshirishga majbur bo‘ldi.
So‘nggi bir necha hafta ichida Germaniyadagi aeroportlar va muhim obektlar ustida dronlar bir necha bor kuzatilgan. Xususan, ular mamlakatning eng yirik aeroporti — Frankfurt-Mayn va ikkinchi yirik — Myunxen aeroporti ishida uzilishlarga sabab bo‘lgan, shuningdek, mamlakat shimolidagi Kil shahri uzra ham ko‘rilgan. Bild nashri politsiyaning maxfiy hisobotiga tayanib, Myunxenda ko‘rilgan uchish apparatlari harbiy razvedka dronlari bo‘lganini yozgan.
So‘nggi kunlarda Berlin aeroportlari ustida ham dron payqaldi — 31 oktyabr kuni ular deyarli ikki soatga ishni to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Bremenda 2 noyabr kuni aeroport taxminan bir soat normal faoliyat ko‘rsata olmagan.
Yevropaning qator davlatlaridagi aeroportlar va boshqa obektlar ustida ham dronlar bilan bog‘liq ko‘plab hodisalar qayd etilgan. Masalan, Daniya aeroportlari, Shvetsiyaning eng yirik dengiz bazasi joylashgan Karlskruna arxipelagi va Oslodagi harbiy obektlar uzra dron payqalgan. Belgiyada dronlar nafaqat aeroportlar, balki NATO bazasi ustidan ham uchib o‘tgan.
Ushbu epizodlar va shunga o‘xshash boshqa holatlar fonida Daniya maxsus xizmatlari Rossiya G‘arbga nisbatan gibrid urush olib borayotganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Yevropa uzra dronlar uchirilishiga RFning aloqadorligini isbotlovchi dalillar yo‘q. Mamlakat prezidenti Vladimir Putin esa bu ayblovlarni rad etib, dronlar uchun Yevropa shaharlarida maqsadli obektlar mavjud emasligini ta’kidlagan.
Mavzuga oid
11:47
So‘rov: nemislar hukumat va pensiya tizimidan norozi
08:40
Mers AQShga Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini berishga qarshi chiqdi
16:30 / 04.12.2025
Berlin Ukrainaga qurol-yarog‘ yordamini 200 mln dollarga oshiradi
16:43 / 03.12.2025