Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha rag‘bat va 600 kishini aldagan firibgarlar – mahalliy dayjest
Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.
Prezident tibbiyot xodimlariga qo‘shimcha rag‘batlar e’lon qildi
Prezident tibbiyot sohasi xodimlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishga qaratilgan qator choralarni ma’lum qildi.
Asosiy rag‘batlar: har yili «Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni»da davlat tibbiyot muassasalaridagi barcha xodimlar rag‘batlantiriladi. Innovatsiya uchun mukofot: tumanda yangi davolash usulini joriy etgan shifokorlarga 21 mln so‘m.
Uzoq yillik mehnat uchun imtiyozlar: davlat tibbiyot muassasasida 15 yil ishlagan xodimlarga sanatoriyga bepul yo‘llanma; farzandi davlat OTMga o‘qishga kirsa, bir yillik kontrakt summasiga 30 foiz chegirma va boshqalar.
Kutilishicha, ushbu choralar tibbiyot xodimlarining mehnat unumdorligini oshirish, klinik amaliyotga innovatsiyalarni joriy etish va kadrlar barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Davlat tibbiyot muassasalari 5 kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi
2026 yil 1 apreldan O‘zbekistonda davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi olti kunlikdan besh kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi. Bu prezidentning tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.
Hujjatda «tibbiyot muassasalari faoliyatining uzluksizligini ta’minlash maqsadida bayram va dam olish kunlari ularning ishi navbatchilik asosida tashkil etilishi» ma’lum qilingan.
2026 yildan xususiy shifoxonalarda ham bepul davolanish mumkin bo‘ladi
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, tibbiyot tashkilotlarida yo‘llanma asosida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam tuman (shahar) va hududiy darajalarda aholining barcha toifalariga, respublika darajasida esa imtiyozli bemorlarga ko‘rsatiladi.
Bunda bemorlar davolanishda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy qilingan hududlarda ularning xohishiga ko‘ra hududiy joylashuvidan qat’i nazar, tibbiy sug‘urta mexanizmlari joriy etilgan barcha tibbiyot muassasalariga (Toshkent shahrida shahar darajasidagi tibbiyot muassasalariga), davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy qilinmagan hududlarda doimiy yoki vaqtincha yashash (turar) joyi bo‘yicha tuman (shahar) darajasidagi statsionar xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot muassasasiga yo‘naltiriladi. Idoraviy tibbiyot muassasalari kontingenti o‘zlari biriktirilgan tibbiyot muassasasiga yo‘naltiriladi. Bunda idoraviy tibbiyot muassasalari tomonidan zarur tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish imkoni bo‘lmagan taqdirda, idoraviy tibbiyot muassasalariga biriktirilgan kontingent o‘z xohishiga ko‘ra hudud yoki respublika darajasidagi tibbiyot muassasalariga, shuningdek, nodavlat tibbiyot tashkilotlariga yo‘naltirilishi mumkin.
Samarqandda hujjatlari bekor qilingan ko‘p qavatli uylar sotilmoqda
Samarqand tumanida 16 ta ko‘p qavatli uydan iborat «Yangi maskan» turar joy majmuasi shaharsozlik hujjatlari bekor qilingan. Sud va mutasaddi idoralar bu obektni noqonuniy deb topganiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda hali ham xonadonlar sotuviga oid reklama va e’lonlar tarqalmoqda.
Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, hujjatlari bekor qilingan obektlarga oid reklama va e’lonlarga ishonish - kelgusida sarsongarchilik va moddiy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin.
Internetda 600 nafar fuqaroni aldagan guruh qo‘lga olindi
Ular Telegram va Instagram orqali 600 kishini chuv tushirib, jami 1 mlrd so‘mni aldov yo‘li bilan o‘zlashtirgan. IIBB Kiberxavfsizlik xizmati va Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari guruhning 4 a’zosini qo‘lga oldi.
Holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-modda 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi. Hozir yetkazilgan moddiy zararni undirish choralari ko‘rilmoqda, dastlabki tergov harakatlari boshlangan.
Mavzuga oid
22:46
Yangi energetika quvvatlari va Gulistondagi portlashdan so‘ng qamoqqa olinganlar - mahalliy dayjest
22:47 / 04.12.2025
Prezident gaz portlashida jabrlanganlar bilan uchrashdi va 4,5 mln tonnalik paxta rejasi – mahalliy dayjest
22:05 / 03.12.2025
Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest
23:11 / 02.12.2025