O‘zbekiston | 22:35 / 13.11.2025
8074
4 daqiqa o‘qiladi

Uy-joy xaridi bo‘yicha yangilik va qizamiq asoratidan vafot etayotgan bolalar – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

2026 yilda inflatsiya darajasini 7 foizgacha tushirish reja qilinmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyevga inflatsiyani jilovlash va makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda 2026 yilga mo‘ljallangan vazifalar to‘g‘risida axborot berildi.

Ta’kidlanishicha, 2025 yil 1 noyabr holatiga ko‘ra, yillik inflatsiya darajasi o‘tgan yilgi 10,2 foizdan 7,8 foizgacha pasaygan. 2026 yilda bu ko‘rsatkichni 7 foizgacha tushirish, 2027 yilda esa 5 foiz doirasida ushlab turish rejalashtirilmoqda.

Shu maqsadda ichki bozorda tovar va xizmatlar taklifini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, 2026 yilda banklar agrar tarmoq, oziq-ovqat sanoati va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishni kengaytiradi.

Uy-joy xaridi uchun bankda eskrou hisobvarag‘ini ochishga ruxsat berildi

«Bank hisobvaraqlarini ochish, yuritish va yopish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qaror bilan bir qator yangiliklar belgilandi, jumladan:

- Endi mijozlar banklarda eskrou hisobvaraqlarini ochishi mumkin (ma’lumot uchun: bu hisobvaraqlar elektron tijoratda elektron savdo maydonchalari orqali mahsulotlar oldi-sotdisi, ulushli shartnomalar bo‘yicha va boshqa sohalarda bitimlar tuzishda qo‘llanadi).

Prezident farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan O‘zbekistonda uy-joy xarid qilish jarayonida eskrou tizimi amaliyotga joriy etildi. Bunda amaldagi va yangi tizim parallel ravishda qo‘llanadi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab faqat eskrou hisobvaraq orqali hisob-kitoblarga ruxsat etildi. Bu tizim qurilishda moliyaviy intizomni kuchaytirishi va mijozlar uchun xavfsiz muhit yaratishi kerak.

Toshkent shahri va viloyatida atmosferaga zarar yetkazayotgan 100 dan ortiq xo‘jalik faoliyati to‘xtatildi

Ekologiya vazirligi, Bosh prokuratura hamda mahalliy hokimliklar ishtirokida o‘tkazilgan keng ko‘lamli nazorat tadbirlari doirasida 4869 ta obekt ko‘rib chiqildi. Qonun talabi buzilgan holatlarda 106 ta xo‘jalikning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, 58 ta issiqxonaga ma’muriy jarima qo‘llandi, 387 holat bo‘yicha rasmiy ogohlantirish yuborildi.

O‘rganishlar davomida atmosfera havosini muhofaza qilish qonunchiligi talablariga rioya etilmagan holatlar aniqlanib, keskin choralar ko‘rildi. Jumladan, ba’zi xo‘jaliklarda zararli kimyoviy, fizik va biologik ta’sir ko‘rsatuvchi moddalar havoga chiqarilgani, dudburondan foydalanish qoidalari buzilgani qayd etildi.

Qizamiq asoratidan qariyb 40 nafar bola vafot etgani aytilmoqda

Sklerozlashgan panensefalit – qizamiq virusidan keyin paydo bo‘ladigan, miya to‘qimalarini asta-sekin yemiradigan kasallik. Aytishlaricha, O‘zbekistonda bu kasallikka chalingan bolalar soni 300 nafarga yetgan.

Kun.uz’ga murojaat qilgan ota-onalar hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu kasallikka chalinganlar umumiy hisobda shu vaqtga qadar 300 nafardan oshgan, ularning qariyb 40 nafari vafot etgan. Rasmiy ma’lumotlarda esa 2025 yil fevral holatiga 133 nafar bola mazkur kasallik bo‘yicha ro‘yxatga olingan, ulardan 12 nafari hayotdan ko‘z yumgani ta’kidlangan.

Avval respublika hududida deyarli uchramagani sababli mazkur xastalikni davolashga ixtisoslashgan shifokor, preparatlar va davolash choralari mavjud emas.

Samarqandlik ayol erini qamoqdan chiqarish uchun aliment qarzini o‘zi to‘ladi

Past Darg‘om tumanida g‘alati holat qayd etildi. Bir xonadonda istiqomat qiladigan oilada ayol sud tartibida aliment undirgan. Navbatdagi janjaldan keyin er aliment to‘lanmagani uchun 15 sutkaga ma’muriy qamoq jazosiga tortildi.

Turmush o‘rtog‘isiz ro‘zg‘or yuritish mushkullashgach, ayol aliment bo‘yicha qarzdorlikni to‘liq to‘lab berdi va beshinchi kuniyoq sudga murojaat qildi. Sud qarorni bekor qildi va er ozodlikka chiqarildi.

Mavzuga oid