O‘zbekiston | 23:32 / 14.11.2025
3891
5 daqiqa o‘qiladi

Yangi temiryo‘l yo‘nalishlari va aholining yagona elektron tibbiy kartasi – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Toshkent Humo» aeroportida birinchi xorijiy davlat rahbari kutib olindi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev yangi qurilgan «Toshkent Humo» (qurilish vaqtidagi nomi «Toshkent-Sharqiy») aeroportiga qo‘ngan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘ldi. Uni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Tashrif dasturiga muvofiq, ertaga, 15 noyabr kuni oliy darajadagi muzokaralar hamda Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Sammit doirasida yirik qo‘shma loyihalar ishga tushirilishi va ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolanishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 15-16 noyabr kunlari Toshkentda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi ham bo‘lib o‘tadi.

Respublika bo‘ylab 15 ta yangi temiryo‘l yo‘nalishi ochiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga temiryo‘l sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yillar uchun rejalar taqdimot qilindi.

2026–2030 yillarda yo‘lovchi va yuk tashish hajmini kamida ikki barobarga oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Buni ta’minlash uchun 151 kilometr yangi temiryo‘l qurish, 182 kilometr masofadagi yo‘llarni elektrlashtirish, shuningdek, 27 ta mavjud stansiya va 1 ming kilometr yo‘lni modernizatsiya qilish rejalari haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, Respublika bo‘ylab shaharlar atrofida qatnaydigan poyezdlar harakatini faollashtirish maqsadida mavjud 40 ta yo‘nalishga qo‘shimcha yana 15 ta yangi yo‘nalish ochish taklif qilindi. Kelgusi yillarda yangi ochiladigan yo‘nalishlar va qurilayotgan yo‘llar uchun lokomotiv va vagonlar parkini kengaytirish bo‘yicha ham rejalar bayon etildi.

O‘zbekistonda aholining yagona elektron tibbiy kartasi yaratildi

2025 yilda 20 dan ortiq modulni o‘z ichiga olgan DMED yagona elektron axborot tizimi yaratilib, 36 milliondan ortiq aholining tibbiy ma’lumotlari dastur bazasiga kiritildi va o‘zbekistonliklarning yagona elektron tibbiy kartasi (MED-ID) shakllantirildi.

40 ga yaqin klinik yo‘nalish bo‘yicha 400 dan ortiq protokol va davolash standartlari orqali tashxislash yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, Toshkent shahri Yunusobod tumanida tajriba-sinov tariqasida «Elektron retsept» tizimi to‘liq ishga tushirildi. Ta’kidlanishicha, ushbu tizim orqali kontrafakt, sifatsiz, qalbaki dori vositalarini realizatsiya qilish holatlarining oldi olinadi.

DARMON va DMED axborot tizimlarining o‘zaro integratsiyasi orqali 3100 dan ortiq retseptli va retsepsiz dori vositalarining avtomatik yangilanadigan elektron ro‘yxati shakllantirildi.

Prezident tashabbusi bilan uchta yirik ekologik loyiha ishga tushiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda atrof-muhit holatini tubdan yaxshilashga qaratilgan «Toza havo», «Chiqindisiz toza O‘zbekiston» va «Ekomeros» kabi uchta yirik ekologik loyihaga start berildi.

Loyihalar aholi uchun qulay ekologik sharoit yaratish, hududlarning barqaror rivojlanishini ta’minlashni maqsad qiladi.

«Toza havo» loyihasi doirasida yagona ekologik monitoring markazi tashkil etiladi. Birinchi va ikkinchi toifadagi sanoat korxonalarini zamonaviy filtr va tozalash inshootlari bilan jihozlash asosiy qadam sifatida belgilangan. «Chiqindisiz toza O‘zbekiston» loyihasida chiqindilarni to‘plash, qayta ishlash va utilizatsiya qilishning mutlaqo yangi, zamonaviy tizimi yaratiladi. «Ekomeros» deb nomlangan uchinchi loyiha esa O‘zbekistonning noyob tabiiy boyliklarini asrashga qaratilgan.

Bojxonachilar qariyb 1 trln so‘mlik noqonuniy tovar aylanmasini to‘xtatdi

Bojxona qo‘mitasida 2025 yilning yanvar–oktyabr oylarida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan o‘tkazilgan brifingda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish doirasida 34,6 ming holatda qariyb 1 trillion so‘mlik noqonuniy tovar aylanmasiga chek qo‘yilgani ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning yanvar–avgust oylarida chegara-bojxona postlari orqali 1,5 millionga yaqin yuk avtotransport vositalari (+25 foiz), 670 mingdan ziyod yukli vagonlar (+14 foiz), shuningdek, 50,5 million nafar yo‘lovchi (+10 foiz) harakatlangan.

Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasida 34,6 ming holatda salkam 1 trln so‘mlik tovarlar, jumladan, 73,3 mlrd so‘m ekvivalentidagi valuta qimmatliklari, 114,1 mlrd so‘mlik zargarlik buyumlari noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.

Mavzuga oid