Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hindistonda yo‘talga qarshi sirop oqibatida kamida 24 nafar bola vafot etdi – Reuters
Coldrif siropini ichgan bolalarda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kuzatilgan. Hindiston hukumati sirop ishlab chiqaruvchiga tarkibiy qismlardan birini yetkazib berishda xavfsizlik qoidalari buzilganlik ehtimolini o‘rganyapti.
Foto: REUTERS/Priyanshu Singh
Hindistonda kamida 24 nafar bola Sresan Pharmaceuticals kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan Coldrif yo‘tal siropini iste’mol qilish oqibatida vafot etgan, deya xabar berdi Reuters.
Ayni paytda hukumat sirop ishlab chiqaruvchiga tarkibiy qismlardan birini yetkazib berishda xavfsizlik qoidalari buzilganlik ehtimolini o‘rganyapti. Qayd etilishicha, Sresan Pharmaceuticals mahalliy kimyoviy mahsulotlar distribyutori Sunrise Biotech’dan siropdagi faol moddalarni eritishda qo‘llanadigan 50 kg propilenglikol xarid qilgan. O‘z navbatida, Sunrise Biotech mahsulotni Jinkushal Aroma’dan sotib olganini ma’lum qilgan.
Reuters’ga ko‘ra, har ikkala kompaniyaning ham farmatsevtik tarkibiy qismlarni qayta ishlash uchun litsenziyalari bo‘lmagan. Kompaniya egalari sotilgan propilenglikol dori ishlab chiqarishda ishlatilishini bilmaganliklarini bildirgan. Xususan, Sunrise Biotech kompaniyasi Reuters’ga yetkazib berishdan oldin erituvchini yetarlicha muhrlamasdan qadoqlaganini tasdiqlagan.
Avvalroq, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Hindistonda aniqlangan xavfli suyuq dori vositalari haqida ogohlantirgandi. Ma’lum bo‘lishicha, Sresan Pharmaceutical, Rednex Pharmaceuticals va Shape Pharma tomonidan ishlab chiqarilgan Coldrif, Respifresh TR va ReLife kabi preparatlarning ba’zi partiyalari xavf tug‘diradi. Hindiston davlat organlari ushbu dori vositalarini ishlab chiqarishni zudlik bilan to‘xtatish to‘g‘risida buyruq bergan va ularga berilgan ruxsatnomalarni qaytarib olgan.
Oktabr oyi boshida Hindistonda politsiya Madxya-Pradesh shtatida 17 nafar besh yoshgacha bo‘lgan bolalar vafot etganidan so‘ng Coldrif yo‘tal siropi ishlab chiqaruvchi Sresan Pharmaceuticals farmatsevtika kompaniyasi egasini hibsga olgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-2023 yillarda O‘zbekistonda ham Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasining yo‘talga qarshi «Dok-1 Maks» siropini qabul qilgandan so‘ng, 68 nafar bola o‘tkir buyrak yetishmovchiligidan vafot etgandi.
Mavzuga oid
15:45 / 04.12.2025
Neft, qurol va geosiyosat. Putin nega Hindistonga davlat tashrifi bilan kelmoqda?
14:15 / 03.12.2025
Hindiston hukumati smartfonlarda o‘chirib bo‘lmaydigan davlat ilovasini joriy etmoqda
19:38 / 24.11.2025
«Zita va Gita» filmidagi bosh rol ijrochisi Dharmendra vafot etdi
12:32 / 22.11.2025