Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniyada Ukraina xalqi «Yevropa erkinligini himoya qilgani uchun» mukofotlandi
Germaniyaning kichik va o‘rta biznes hamda iqtisod bo‘yicha ittifoqi (CDU/CSU bloki huzuridagi tuzilma) yillik mukofotini «Rossiya hujumiga deyarli to‘rt yildan beri qarshilik ko‘rsatayotgan, Yevropaning qadriyatlari va erkinligini himoya qilayotgan Ukraina xalqiga» topshirdi.
Germaniya kichik va o‘rta biznes hamda iqtisod ittifoqi (Mittelstands- und Wirschafsunion, MIT) o‘zi ta’sis etgan yillik mukofotini 11-bora topshirdi. Birlashma saytida qayd etilishicha, joriy yilda «Siyosat» toifasidagi mukofot «Rossiya hujumiga deyarli to‘rt yildan beri qarshilik ko‘rsatayotgan, Yevropaning qadriyatlari va erkinligini himoya qilayotgan Ukraina xalqi»ga berildi. Mukofot topshirish marosimi seshanba, 25 noyabr kuni Berlinda bo‘lib o‘tdi.
Ukraina xalqi uchun ramziy statuetkani Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful marosimda Germaniyadagi Ukraina elchisi Aleksey Makeyevga topshirdi. «Ukrainaga taalluqli barcha qarorlar faqat Ukraina va Yevropa bilan birgalikda qabul qilinishi lozim», — dedi Vadeful nutqida.
Makeyevga alohida ravishda MIT tomonidan yubiley munosabati bilan sovg‘a ham topshirildi: 25 noyabr kuni ukrain diplomati 50 yoshga to‘ldi.
Mukofot topshirish marosimida GFR kansleri Fridrix Mers ham ishtirok etdi. U MIT’ning maxsus mukofotini Shvetsiya qirolichasi Silviyaga topshirdi — «liberal qadriyatlarni himoya qilish va ijtimoiy faoliyati, Shvetsiya chegaralaridan ancha uzoqqa yetib boradigan ishlari uchun».
MIT — Germaniyada hokimiyat tepasida turgan koalitsiyani tuzuvchi konservativ Xristian-demokratik ittifoq (XDI) va Xristian-sotsial ittifoq (XSI) bloki huzuridagi tashkilot. Fridrix Mers ham, Yoxann Vadeful ham XDI a’zolaridir.