Jahon | 10:44 / 26.11.2025
1869
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarida Yevropa keng ishtirok etadi

AQSh Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash masalasida Yevropa bilan kelishuvlar olib bormoqda, Yevropa bu kafolatlarda katta darajada ishtirok etadi, deb bildirdi Tramp Air Force One bortida.

Foto: Manuel Balce Ceneta/AP

Yevropa Ukrainadagi urush yakunlanganidan so‘ng Kiyevga xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishda katta darajada ishtirok etadi, deb va’da berdi AQSh prezidenti Donald Tramp. U bu haqda seshanba, 25 noyabr kuni prezident samolyoti Air Force One bortidagi jurnalistlardan birining savoliga javob berar ekan aytib o‘tdi.

«Xavfsizlik kafolatlari va Ukrainaning NATOga qo‘shilishi masalasi nima bo‘ladi?» deya so‘radi jurnalist. «Biz bu masala bo‘yicha Yevropa bilan kelishuvga kelyapmiz. Yevropa bu ishda juda katta darajada ishtirok etadi. Yevropa, aslida, bu (Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi – tahr.) imkoni boricha tezroq yakunlanishini chindan istaydi», — dedi Tramp.

Yana bir jurnalistning 28 banddan iborat dastlabki tinchlik rejasi ko‘plab respublikachilar tomonidan «Rossiya uchun haddan tashqari qulay» deb baholangani va u buni o‘zgartirgan-o‘zgartirmagani haqidagi savoliga javob berar ekan, Tramp rejaning dastlabki variantini faqat «qoralama», umumiy konsepsiya deb aytdi.

AQSh prezidentining jurnalistlar bilan muloqotini o‘z ichiga olgan audioyozuvni Oq uy matbuot xizmati YouTube’ga joylashtirdi.

Ukraina tomoni Rossiyaga ehtimoliy hududiy imtiyozlar berishi masalasiga to‘xtalar ekan, Tramp quyidagicha ta’kidladi: «Agar siz hozir barcha narsaning qanday rivojlanayotganiga qarasangiz, hammasi bir yo‘nalishda ketyapti. Demak, bu yerlar bir necha oydan keyin baribir Rossiya qo‘liga o‘tishi mumkin. U holda nima, siz yana 50–60 ming odamni yo‘qotish uchun kurashmoqchimisiz? Yoki biror narsani hozir qilishni istaysizmi? Ayrim hollarda holat aksincha yo‘nalishda ham ketishi mumkin. Ular muzokara olib borishyapti, buni tugatishni istashyapti. Siz chegaraga ega bo‘lishni xohlaysiz. Lekin chegara magistral yo‘lning o‘rtasidan yoki shaharning o‘rtasidan o‘tishi mumkin emas. Bu ishlamaydi. Demak, bu uzoq va murakkab jarayon, va bu juda g‘amgin holat, chunki shunchaki ko‘p odamlar halok bo‘lishi mumkin».

Rossiya qanday yon bosishi kerakligi haqidagi savolga javoban esa Tramp Moskva «haqiqatda imtiyozlarga borayotganini» ta’kidladi: «Ular endi jang qilmaydi va boshqa hududlarni egallamaydi».

AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, u Ukraina tomoni uning «tinchlik rejasi»ni ma’qullashi uchun avval belgilangan 27 noyabr sanasiga qat’iy muddat sifatida turib olmayapti. Shu bilan birga, Tramp «bu sana yaqin kelajakda bo‘lishi mumkin», deb hisoblaydi. «Bilasizmi, men uchun dedlayn — bu ish qachon yakunlansa, o‘shanda», — deb qo‘shimcha qildi Oq uy rahbari.

Bloomberg agentligi xabariga ko‘ra, uning maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiya prezidenti Vladimir Putinning maslahatchisi Yuriy Ushakov bilan Ukraina bo‘yicha Trampning «tinchlik rejasi»ni muhokama qilgan va Putin bu masalada Tramp bilan qanday gaplashishi kerakligi haqida maslahatlar bergan. Bu haqda so‘ralganda, AQSh prezidenti quyidagilarni aytdi:

«Bilasizmi, bu odatiy narsa. Axir, u bu tinchlik rejasini Ukrainaga ham, Rossiyaga ham “sotishi” kerak. Bitimlar aynan shunday tuziladi (…) Bu muzokaralarni olib borishning juda odatiy shakli. Men (Uitkoff va Ushakov o‘rtasida bo‘lgan, deb taxmin qilinayotgan suhbatning audioyozuvini – tahr.) eshitmaganman, lekin bu standart muzokaralar va men taxmin qila olamanki, ular xuddi shunday narsalarni ukrainaliklarga ham aytgan bo‘lishi mumkin. Chunki har bir tomon bir narsani olishi va bir narsadan voz kechishiga to‘g‘ri keladi».

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid