O‘zbekiston | 23:11 / 02.12.2025
5433
6 daqiqa o‘qiladi

«Afrosiyob»dagi prezident va ko‘p qavatli uylarda yong‘in xavfsizligi choralari – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Shavkat Mirziyoyev «Afrosiyob» poyezdida Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi

Prezident Jizzax viloyati sari «Afrosiyob» poyezdida safarga chiqdi. Davlat rahbari tashrif davomida yo‘l-transport infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, tibbiyot va xizmatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishadi hamda xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etadi.

Prezident binolar tashqi devorida kuchli yonuvchan materiallarni qo‘llashni taqiqlashni taklif qildi

Shavkat Mirziyoyev huzurida 1 dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ekologik barqarorlik, shu jumladan chiqindilarni qayta ishlash, shuningdek, yong‘in xavfsizligi masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi, shuningdek, mutasaddilarning qishga tayyorlik yuzasidan hisobotlari tinglandi.

Yig‘ilishda yong‘in xavfsizligi masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Mamlakatimizda 44 mingdan ziyod ko‘p qavatli binolarda yong‘in xavfsizligi holatini to‘liq o‘rganish, favqulodda vaziyatlar tizimi bunday xavf-xatarlarga qarshi harakat qilishga shay turishi zarurligi ta’kidlandi.

Binolarning tashqi devorlarida kuchli yonuvchan materiallarni qo‘llashni taqiqlovchi qat’iy talablarni qonun hujjatlariga kiritish vaqti kelgani ta’kidlandi. Shu munosabat bilan ko‘p qavatli uylarda qurilish normalari va yong‘in xavfsizligi qoidalarini xalqaro tajribaga moslash hamda mas’ul rahbarlar javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Jizzaxda avtosanoat uchun kadrlar tayyorlaydigan muhandislik maktabi ish boshladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax politexnika instituti qoshida tashkil etilgan Avtomobilsozlik muhandislik maktabi faoliyati bilan tanishdi.

Bu yerda BYD Uzbekistan Factory va ADM Jizzakh korxonalari bilan malakali mutaxassislar tayyorlash va ularni ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Muhandislik maktabida transport sohasiga ixtisoslashgan to‘rt ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv dasturlari yangi yondashuv asosida tashkil etilgan. Ikkinchi kursni yuqori ko‘rsatkichlar bilan tamomlagan talabalar BYD zavodi talablari asosida ishlab chiqilgan zamonaviy o‘quv platformalarida ikki yillik dual ta’lim oladi. Ular zavod bilan bevosita hamkorlikda amaliy mashg‘ulotlar o‘tab boradi va bu orqali maxsus ishga yo‘llanma sertifikatiga ega bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

2026 yildan ko‘p qavatli uyga qo‘shimcha qavat qo‘shish uchun loyihani qayta rasmiylashtirish taqiqlanadi

Prezidentning bino va inshootlar zilzilabardoshligini oshirishga qaratilgan farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan qurilishi boshlangan ko‘p qavatli uy-joylarga qo‘shimcha qavat qo‘shish yoki balandligini oshirish uchun loyihani qayta ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish taqiqlanadi. Shuningdek, zilzilabardoshlik bo‘yicha ekspertiza tartibi va noqonuniy qurilmalarga nisbatan choralar ham kuchaytiriladi.

Shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan noqonuniy qurilmalarni buzdirish ishlari narxlari har bir yil uchun alohida belgilab borilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu chora-tadbirlar qurilish sohasida intizomni kuchaytirish, zilzila xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda aholi xavfsizligini ta’minlash va noqonuniy qurilishlar bilan keskin kurashishga qaratilgan.

Xizmat yo‘q, lekin to‘lov bor: 5 ta chiqindi tashish korxonasining qonunbuzarligi aniqlandi

Toshkent viloyatida 5 ta chiqindi tashish korxonasi tomonidan 250 mingga yaqin iste’molchidan 8,8 mlrd so‘mdan ortiq asossiz mablag‘ olingani aniqlandi, deb xabar berdi Raqobat qo‘mitasi. Bu korxonalarga iste’molchilar bilan qayta hisob-kitob qilish majburiyati yuklatilgani ta’kidlanmoqda.

O‘rganishlar davomida bir qator qonunbuzilishlar, xususan ayrim xonadonlardan chiqindilar umuman olib ketilmagan bo‘lsa-da, ularga to‘lovlar hisoblangan va xizmat belgilangan darajada ko‘rsatilmagan holatlar ham aniqlandi.

Shu sababli “Rahnamo Servis”, “Zero-Waste”, “Zangiota Obodon”, “Angren Bunyod Fayz” va “Ohangaron Sanitariya Tozalash” korxonalariga jami 250 mingga yaqin iste’molchiga 8,8 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni qayta hisob-kitob qilish talabi qo‘yildi.

Guliston shahridagi bozorlardan birida gazballoni portladi

Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyati, Guliston shahridagi bozorlardan birida gazballoni portlagani haqidagi lavhalar tarqaldi. Unda savdo rastalari orasida tutun tarqalgani, ba’zi rastalar vayron bo‘lgani, odamlar kiyim-boshini yechib tashlagani ko‘rinadi.

Sirdaryo viloyati FVB xabariga ko‘ra, hodisa shaharning Taraqqiyot mahallasida sodir bo‘lgan.

«2 dekabr kuni soat 10:49 da ovqatlanish shoxobchasining oshxonasida yong‘in sodir bo‘lgani to‘g‘risida xabar keldi. Yong‘in to‘liq bartaraf etildi. Hodisa bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi», deyiladi xabarda.

Hodisa oqibatida jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmadi.

Mavzuga oid