O‘zbekiston | 22:05 / 03.12.2025
5838
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda tungi ekoreydlar va Guliston bozoridagi fojia – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Saida Mirziyoyeva tungi ekoreydda ishtirok etdi

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Maxsus komissiya yig‘ilishidan so‘ng mutasaddilar bilan birgalikda ekologiyani zararlayotgan issiqxonalarni tekshirish bo‘yicha tungi reydga chiqdi.

U shunday issiqxonalardan birining rahbariga qilayotgan ishi noto‘g‘ri ekanini tushuntirib, buni to‘xtatishni buyurdi.

«Bu noto‘g‘ri, noqonuniy. Siz tirikchilik qilyapsiz, biz esa shu havodan nafas olyapmiz. To‘xtatinglar... Biz uchun odamlarning sog‘ligi, bolalarimizning sog‘ligi juda muhim», dedi Prezident administratsiyasi rahbari.

Maxsus komissiyaning yig‘ilishida ekologik vaziyat hamda uni yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar bir martalik yoki vaqtinchalik aksiya emasligi, bundan keyin, garchi havo yaxshilangan taqdirda ham, mazkur yo‘nalishdagi ishlar to‘xtab qolmasligi, izchil hamda tizimli davom etishi, buni barcha bo‘g‘indagi rahbarlar to‘g‘ri anglashi kerakligi qat’iy ta’kidlandi.

Gulistondagi portlashda 30 ga yaqin kishi jarohatlangan

Sog‘liqni saqlash vazirligi Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi bozorlardan biri hududidagi ovqatlanish shoxobchasida ro‘y bergan portlash oqibatlari yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd qilinishicha, 29 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish va tan jarohatlari olgan. Shundan 26 nafari shifoxonaga yotqizilgan, 3 nafarining ahvoli qoniqarli bo‘lgani bois uyiga javob berilgan. O‘ta og‘ir qabul qilingan bemorlardan 3 nafari vafot etgan. Hozir shifoxonaga yotqizilgan 1 nafar bemorning ahvoli o‘ta og‘ir bo‘lib, sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Reanimatsiyadagi bemorlardan 5 nafari stabil og‘ir holatda, ular hushida va mustaqil nafas olmoqda.

Hodisa bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilib, 1 kishi protsessual tartibda qamoqqa olingan.

Jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga qarshi reydlar kuchaytirildi

«Toshshahartransxizmat» AJ shu yilning 11 oyi mobaynida jamoat transportida 19 500 dan ortiq yo‘l haqini to‘lamaslik holatini aniqladi. Shu munosabat bilan Toshkent shahrida jamoat transportida yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lashni ta’minlashga qaratilgan kuchaytirilgan reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi xodimlariga yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga nisbatan jarima bayonnomalarini rasmiylashtirish huquqi berilgan. Bu o‘zgarish qonunbuzarliklarga tezkor munosabat bildirish va qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Jamoat joylarida fuqarolarni elektron identifikatsiya qilish tartibi belgilandi

Hukumat qarori bilan jamoat joylarida fuqarolarni elektron identifikatsiya qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.

Nizom ichki ishlar organlari patrul-post xizmati saf bo‘linmalari xodimlari tomonidan jamoat joylarida fuqarolarning shaxsini elektron texnik vositalar, shu jumladan, planshet orqali aniqlash tartibini belgilaydi.

Xodimlar quyidagi hollarda fuqarolarni to‘xtatishi va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar yoki «Ye-patrul» tizimi orqali ularning shaxsini aniqlashi mumkin:

- shaxs jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan yoxud qidiruvda deb gumon qilish uchun asoslar mavjud bo‘lganda;

- shaxsni sodir etilgan jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarlik haqida ma’lumotga ega deb hisoblash mumkin bo‘lganda;

- qonunga muvofiq shaxsni ushlab turish uchun boshqa qonuniy asoslar mavjud bo‘lganda.

Mavzuga oid