O‘zbekiston | 11:50 / 11.12.2025
3846
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga amaliy tashrif bilan boradi

O‘zbekiston prezidenti 11–12 dekabr kunlari Turkmanistonga amaliy tashrif doirasida Ashxobodda betaraflikka bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etadi va sammit doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning taklifiga binoan 11–12 dekabr kunlari amaliy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ladi. Davlat rahbari Ashxobod shahrida betaraflikka bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etadi hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.

Tashrif dasturiga muvofiq, mamlakat yetakchisi Turkmanistonning doimiy betarafligi e’lon qilinganining 30 yilligi, Xalqaro betaraflik kuni hamda 2025 yilning "Xalqaro tinchlik va ishonch yili" deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda ishtirok etadi.

Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tadigan tadbirda xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston prezidenti forumning "Tinchlik va ishonch: barqaror kelajak yo‘lidagi maqsadlar mushtarakligi" mavzusidagi yalpi sessiyasida nutq so‘zlaydi.

Sammit doirasida O‘zbekiston rahbari Turkmaniston tomoni va boshqa hamkor mamlakatlar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama muloqotlar o‘tkazib, o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qilishi rejalashtirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid