O‘zbekiston | 23:40 / 22.12.2025
804
5 daqiqa o‘qiladi

Budjet hisobidan yangi yil bazmiga taqiq va Andijonda qulagan bozor rastasi – mahalliy dayjest

Kun davomida Kun.uz yoritgan muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Davlat tashkilotlariga budjet mablag‘lari hisobidan yangi yil korporativlari o‘tkazish taqiqlandi

Hukumat qaroriga ko‘ra, vazirliklar, idoralar, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda davlat ulushi 50 foizdan kam bo‘lmagan xo‘jalik birlashmalariga budjet va undan tashqari mablag‘lar hisobidan Yangi yil bayrami munosabati bilan korporativ tadbirlar o‘tkazish hamda bayram dasturxonini yozish man etiladi.

Bu taqiq aynan budjet mablag‘lari va undan tashqari mablag‘larni sarflamaslikka qaratilgan bo‘lib, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari o‘z oylik maoshlari hamda rag‘bat pullari hisobiga ishdan tashqari vaqtlarda yangi yil bayrami tadbirlarini tashkil etishi mumkin bo‘ladi.

Davlatga qarashli bo‘lmagan tijorat tashkilotlari, xususiy firmalar va kompaniyalar uchun mazkur cheklovlar tatbiq etilmaydi.

O‘zbekistonda tanqis dori va tibbiy jihozlarni tezkor olib kirish tartibi belgilanadi

Sog‘liqni saqlash tizimida vaqtinchalik tanqislik yuzaga kelganda, ayrim dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan — majburiy sertifikatlash sharti bilan — amaliyotda qo‘llash va import qilishga ruxsat berish mexanizmi joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda. Tartib qarori maxsus ishchi guruh tomonidan qabul qilinishi belgilangan.

Nizom loyihasiga ko‘ra, “vaqtinchalik tanqislik” — aholi va tibbiyot tashkilotlari ehtiyojini qondirish uchun dori vositalari yoki tibbiy jihozlar yetarli miqdorda mavjud emasligi (yoki cheklangan miqdorda bo‘lishi) sifatida talqin etiladi.

Tanqislik holatida ta’minlash bo‘yicha qaror Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi doimiy ishchi guruh tomonidan qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Andijonda bozor rastasi quladi va bir kishi jarohatlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati, Xo‘jaobod tumanidagi kiyim-kechak bozorida rasta qulab tushgani aks etgan video tarqaldi. Tarqalgan xabarlarda rastalar juda eski holatda bo‘lgani, ma’muriyat sharoit yaratib bermayotgani va u bir kishining ustiga qulab tushgani aytiladi.

Xo‘jaobod tumani hokimligi ma’lum qilishicha, voqea yuzasidan mas’ullardan iborat tezkor ishchi guruh tuzilib, o‘rganish ishlari olib borilgan. Hodisa 21 dekabr kuni soat 11:00 atrofida tuman buyum bozori hududida sodir bo‘lgan.

Xabarda tadbirkorning do‘kon oldiga qo‘lbola usulda qurib olgan rastasi talabga javob bermagani, uning yuqori qismiga keragidan ortiq og‘ir (qishki) kiyimlar ilingani oqibatida qulab tushgani ta’kidlangan.

Toshkentda avtobus haydovchisi o‘z ehtiyotsizligi oqibatida halok bo‘ldi

Toshkent shahri, Sergeli tumanida avtobus haydovchisi bilan baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi. 20 dekabr kuni soat 16:56 atrofida 55-yo‘nalishda harakatlanadigan Yutong avtobusi haydovchisi I.A (1970 yilda tug‘ilgan, staji 35 yil) avtobusni Sergeli tumani Xonobod ko‘chasi bo‘ylab boshqarib, temiryo‘l kesishmasida poyezd o‘tayotgani sababli to‘xtatib turgan.

Shu vaqtda uning orqasida to‘xtab turgan 126-yo‘nalishdagi Yutong avtobus haydovchisi E.R (1988 yilda tug‘ilgan, staji 17 yil) avtobusni qo‘l tormoziga qo‘ymasdan pastga tushib uning oldiga o‘tgan. Shu paytda avtobus o‘z inersiyasi bilan yurib ketib, haydovchini siqib qo‘ygan. Oqibatida u voqea joyida vafot etgan.

1 yanvardan tadbirkor ayollar uchun yangi moliyaviy instrumentlar joriy etiladi

Qonunchilikka ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan HAMROH tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha mexanizmlar amalga kiritiladi.

Jumladan, tijorat banklari ta’sischilari tarkibida ayollar ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan va (yoki) rahbari ayol kishi hisoblangan kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlarining kamida 10 ta ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi loyihalariga kredit ajratadi. Kredit stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasidan 10 foiz punkt yuqori stavkagacha, miqdori esa BHM 25 ming baravarigacha belgilanadi.

Mavzuga oid